* * *
Xuddi bizning zamonda derazalari qulab tushayozgan, vannaxonasidagi trubalardan yelkaga chakka tomib turuvchi, oshxonasidan suvarak arimaydigan, balkonsiz, zax hidi ufurib turguvchi «odnushka»da ojiz-u notavon, g’aribdan g’arib shoir, jurnalist yashagan ekan. U har kuni yarim kechasi hovliga chiqib tiz cho’karkan-da, xudoga nola qilarkan.
— Xudoyim, bir milyon so’m ber, oylikkacha yetvolay! Ammo… Aytib qo’yay, 999 ming so’m bersangam olmayman!..
Jurnalistning boyvachcha fermer qo’shnisi bor ekan. Har gal uning nolalarini devor ortidan turib eshitarkan-u, yelka qisib qo’ya qolarkan. Oxiri bir kuni jurnalistni sinab ko’rmoqchi bo’libdi. «Qani, jurnalist qasamxo’rmikan, yo aksimikan?», degan o’yda xaltachaga 999 ming so’m pulni solibdi-yu, devordan oshirib tashlabdi. Jurnalist nola cheka-cheka qarasa, yonginasida xaltacha paydo bo’libdi. Shoshib ichini ochsa, pul. Sanab ko’ribdi. 999 ming so’m ekan. Birpas qansharini qashib turibdi-da:
— 999 ming so’mni bergan xudo qolganiniyam berib qolar! — debdi-yu, xaltachani qo’yinga urib, uyiga ravona bo’libdi. Boyvachcha fermerning joni chiqib ketayozibdi. Pul achchig’i, jon achchig’i-da! Yugurgancha jurnalistnikiga chiqib baqira ketibdi.
— Siz xudoga nola qilib, «Ey xudo, bir milyon so’m ber, 999 ming so’m bersangam olmayman», deyaverganingizni eshitib, sizni sinab ko’rmoqchi bo’lgandim. Bu pullar meniki!
— Ie, — debdi g’arib jurnalist. — Bu pullarni menga xudo berdi. Men yerdan hatto itlarning oyog’i uzilgan mahal xudoyimga nola qilib so’ragandim. Mana, berdi!
— Bunaqasi ketmaydi, — debdi g’ijinib boyvachcha fermer. — Sudga boramiz. Sudya ajrim qilsin!
— Sudga? — debdi yelka qisib g’arib jurnalist. — Sudga borish uchun yangi kiyimim ham, ulovim ham yo’q. Men sudyaning oldida sharmanda bo’lishni xohlamayman!..
Boyvachcha fermer azbaroyi alamiga chiday olmay, unga yangi bosh-oyoq sarpo, mashina hadya qilibdi. Ular sudga borishibdi.
— Janob sudya, — debdi boyvachcha fermer. — Manavi odam nuqul xudodan «Xudoyim, bir milyon so’m ber! 999 ming so’m bersangam olmayman!», deyavergani uchun sinab ko’rmoqchi bo’lib xaltachaga 999 ming so’mni joyladim va devorning narigi tarafiga irg’itdim. Endi pul meniki desam tan olmayapti. Pullarni menga xudo berdi deb turib oldi.
Sudya g’arib jurnalistga yuzlanib so’rabdi:
— O’rtoq jurnalist, qo’shnining gaplari rostmi?
— Janob sudya, — debdi g’arib jurnalist. — Qo’yib bersangiz, bu yaramas manavi ustimdagi kiyimlar, hovlida turgan mashinaniyam meniki deydi!..
Bu gapni eshitgan boyvachcha fermer jonholatda tiz cho’kibdi-yu, qichqiribdi.
— Ha-a, kiyimlariniyam, hovlidagi mashinaniyam men olib berdim, men!!!
Sudya bir qarorga kelibdi. Boyvachcha fermerni po’pisalab haydabdi. G’arib jurnalistni esa tavoze bilan kuzatib qo’yibdi.
Ammo… Tashqariga chiqayotganda, g’arib jurnalistning ojiz-u notavonligi tutibmi, yo boshqa sabab bo’libmi, boshini eshik kesakisiga urib olibdi. Chunonam uribdiki…
Ko’zlaridan o’t chiqib ketayozibdi.
Zarba miyasini chayqay-chayqay, ko’zlarini kattaroq ochibdi.
Ne ko’z bilan ko’rsinki, u o’zining derazalari qulab tushayozgan, vannaxonasidagi trubalardan yelkaga suv tomchilab turguvchi, oshxonasidan suvarak arimaydigan, balkonsiz «odnushka»sidagi karavotda yotgan ekan.
Ko’rgan-kechirganlarining barchasi tush bo’lib chiqibdi.
Shosha-pisha o’rnidan turib telefoniga yopishibdi.
Oh, xudoyim! Qanchalar mehribonsan!!!
Qo’llari dard ko’rmasin!
Xudo xayrlarini bersin!
Ishxonasidagi buxgalterlar odatga ko’ra maoshining yarmisini plastik kartochkasiga tashlab qo’yishgan ekan. Ura!!!
Olimjon HAYIT