Avvalo yonicharlar aslida kim ekani haqida to’xtalsak. Ular usmoniylar imperiyasining doimiy piyoda askarlari hisoblangan. Yonicharlar haddan ziyod ko’pchilikni tashkil etib, usmoniylar armiyasining asosi hisoblangan. Ular siyosatga, To’pqopi saroyi ichkarisidagi voqea-hodisalarga sira tap tortmay aralashishar, kerak bo’lsa, sultonga, podshohga o’z so’zlarini o’tkaza olishardi.
Tarixiy ma’lumotlarga razm soladigan bo’lsak, yonicharlar korpusi 1365 yili sulton Murod tarafidan tashkil etilganiga guvoh bo’lamiz. Yonicharlikka qashshoq dehqonlar, ishchilar, asirga olingan o’smirlar qabul qilinardi. Ularning o’zi ham bir umr qashshoqlikda, qamoqxonalarda azob chekandan ko’ra yonichar bo’lib xizmat qilishni ma’qul ko’rishardi. Qolaversa, yonicharlar boshqalarga nisbatan ancha ko’p maosh olishardi. Demak, yashash tarzi yomon emasdi.
Keyinchalik yonicharlikka nasroniy o’smirlar qabul qilinadigan bo’ldi. Ular safi uch va yetti yilda bir marta to’ldirilardi. Bu o’smirlar oldin Islomni qabul qilishardi. Keyin maxsus kursni o’tashardi. Ana shu kurs bahonasida o’smirlar orasidan boshqa qo’shinlarga ham yangi askarar tanlab olinardi. Aniqrog’i, yonicharlik talabiga javob bera olmaganlar boshqa qo’shinga o’tkazilardi. Sulton yonichar har jihatdan puxta tayyorgarlik ko’rgan bo’lishini talab qilardi.
1546 yilga qadar yonicharga oila qurish, farzand ko’rish va o’z ro’zg’origa ega bo’lish qat’iyan taqiqlangan.
Xo’sh, nega usmoniylar sultonlari yonicharlardan qo’rqqan?..
Chunki, yonicharlar son jihatidan juda ko’p bo’lishi bilan birga bir-biri bilan nihoyatda ahil edi. Bundan tashqari, har bir yonichar jismonan va harbiy jihatdan tengsiz hisoblangan. Bu jihatlarni ahillik, do’stlik bilan to’ldirilgach, yonicharlar korpusi bilan hatto sulton ham hisoblashishga majbur bo’lgan. Masalan, usmoniylar imperiyasi tarixida sulton Sulaymon Qonuniy ham ular bilan hisoblashgan. Bir qarorga kelishdan oldin yonicharlarning fikrini albatta eshitib ko’rgan.
Yillar o’tgani sayin yonicharlar korpusining imperiya siyosatiga ta’siri kuchayib bordi. Endi yonicharlar hatto sultonni ham o’zlari tanlash darajasiga yetishdi. Bunga sulton Ahmadning o’g’li Usmonni misol sifatida keltirish kifoya. Usmon yonicharlarni qattiq ranjitishi tufayli avval bozorda eshakka ters mindirilib, toshbo’ron qilingan. Keyinchalik bo’g’ib o’ldirilgan. Bu ishlarning tepasida aynan yonicharlar turgan.
Bunga qadar sulton Sulaymonninng o’g’li Mustafoni yodga olaylik. Yonicharlar shahzoda Mustafoni allaqachon o’z podshohi deb qabul qilgan. Ammo Mustafo Xurram sultonning g’azabiga uchradi. Sulaymon-Qonuniy uni o’ziga qarshi qo’zg’olon tayyorlayotganlikda ayblab qatl etgan.
Ha, yonicharlar qo’rqmas, kuchli, mardona edilar. Ularga qarshi chiqqan odam o’zini o’limga mahkum etardi. Sultonlar esa bu qaytmas piyoda askarlarni moddiy rag’bat yordamidagina tinchlantirib turgan, o’ziga bo’ysundirgan. Yonicharlar ustidan hukmronlik qilishning shundan bo’lak yo’li ham yo’q edi.
Olimjon HAYIT tayyorladi