Haqiqiy hangoma mana bunday bo’pti, brat…

 

OLABUQA VA QORA EShAK

(intermediya)

 

Olabuqa: — Mo’-o’… O’h-ho’! O’-o’hho’-o’!!! Uf-f, negadir tomoq qichishyaptimi, yo’tal tutib qoldi? Og’izga tarakan kirib ketdimi deyman? Ovoz ham ilgari bariton edi. Hozir tenergayam tortmayapti. O’v, eshshak, namuncha hangraysan? Quloqni teshay deding-ku!

Eshak: — Tirikchilikning mazasi qochdi, oka! Hali chanqayman, qorin ochlikdan tortishib ketyapti. Yaramaslar oyoqni arqonlab tashlashibdi. Suvgachayam yetolmay xunob bo’lyapman.

Olabuqa: — Bu kuningdan battar bo’l! Kecha xo’jayin minganda qaysarlik qilib depsinmaslik kerak edi.

Eshak: — Ha-a, sizga maza! Arqonni shoxingizga boylashgan, oldingiz to’la o’t-o’lan. Kechqurunam yemning ko’pi sizga tegadi. Sizni hurmat qilarkan xo’jayin, oka!

Olabuqa: — Meni hurmatlamay seni hurmatlasinmi, ovsar? Hurmat qilmasa, meniyam xuddi senga o’xshab minib, qamchilab yurgan bo’lardi.

Eshak: — Hadeb yerga uravermang! Siz kunjarani oshab-oshab yeganingizda bir narsa deyotganimiz yo’q-ku, brat!

Olabuqa: — Vey, yungingni qora desam, iching ko’mirdan battar ekan-ku-a? Hasad qilasanmi hali menga? Menday olabuqaga-ya?

Eshak: — Y-yo’g’-e, ja unchalikmasdir? Shunchaki…

Olabuqa: — Sen o’zingni hadeb maqtayverma, ensam qotadi. Yurgan yo’lingni ifloslantirsang, o’ng-chapning farqiga bormasang!.. Eshshak deganda zig’ircha farosat bo’ladi-da! Hozir… Bir shoxlayman, enangni uchqo’rg’ondan ko’rasan. Aytgancha, enang bormi o’zi?

Eshak (boshini quyi solib, yig’lamsirab): — E-enam… Meni tuqqan ekan-u, traktorning tagida qolib o’lgan ekan.

Olabuqa: — Shunaqami? Joyi jannatda bo’lsin!.. Yetimcha ekansan-da! Sen, bratishka, ko’pam xafa bo’laverma! Seniki-ku, halokatga yo’liqib o’libdi. Mening enam-chi?.. (Olabuqa boshini sarak-sarak qilib mo”raydi) — Mo’-mo’-o’-o’-o’! O’h-ho’-o’-o’!!! Uf-f, jonga tegdi shu yo’taliyam!.. Xullas kalom, ukam, mening enam shundoq qo’shni qishloqda, falonchi sutfurushnikida yashaydi. Egasiga bidonlab sut beradi, habashdan battar qora erining yonidan bir qadam nari ketmaydi. Anavi yoqda bitta yetimcham boridi, xabar olay, holi qanday ekan demaydi. Ahyon-ahyonda cho’zib mo”rayotgani qulog’imga chalinadi. Yuragim taka-puka bo’lib o’sha tarafga chopaman. Ishonasanmi, o’gaydan bo’lgan buzoqchalarini chaqirayotgan bo’ladi. Alamga chidolmay mo”rayman, mo”rayveraman… Seniki nima bo’pti bizning oldimizda? Tirik yetimman men, tirik yetim!..

Eshak (Bir oyog’i arqonlangan holda tevarakni aylanib chopgancha yig’laydi): — Ia-a-a-a! Ia-a-a-a-a-a-a!!!

Olabuqa: — Jim bo’l, ahmoq! Bu nima qiliq? Erkak kishiyam yig’laydimi? Jinnimisan?

Eshak: — Ko’ngil bo’shab ketdi-da, oka!

Olabuqa: — Menga qara, kap-katta bo’p qolding mana! Uylanish harakatini qilsang bo’lmaydimi?

Eshak: — Menday g’aribga kimniyam ko’zi uchib turibdi deysiz?!.

Olabuqa: — Ja o’zingni go’llikka solasan-a? O’tgan kuni xo’jayinning biyasidan ko’z uzmay qarab turgan kim edi?

Eshak (biya daragini eshitgach, boshini baland ko’tarib ko’kka boqadi. Hangragisi keladi-yu, buqaning po’pisasidan qo’rqib nafasini ichga yutadi): — Ha-a, biya juda kelishgan, chiroyli, kishnashiyam, yurishlariyam o’ziga yarashadi.

Olabuqa: — Unday bo’lsa, uylan, it!

Eshak (olabuqaning haqoratidan ensasi qotib, labini burishtiradi. «It bo’lganimda-ku, o’zim bilardim, — deya o’ylaydi qovoq uyib.Mana shu yo’g’on oyoqlaringdan olardim. Bir umr cho’loqlanib o’tarding. Targ’il yangayam boshqasiga ergashib ketib qolardi, hi-hi-hi-hi!..») — Ha-a, u juda go’zal, uni kimlar orzulamaydi deysiz, oka!? Kechalari tushlarimga kirib chiqadi biyaxon… Oka, oka, ishonasizmi, kecha tushimda siz mening nomimdan biyaxonga sovchi bo’lib borganmishsiz!..

Olabuqa: — Hadeb ovsarlik qilavermasang, yaqin orada tushingga kirib, o’sha biyaxonni qo’yningga solib qo’yaman, ahmoq, mo’-o’-o’-o’!.. Bo’pti, ochig’ini ayt, nega shartta uylanvolmaysan o’shanga? Qachongacha so’ppayib yurasan?

Eshak (og’ir xo’rsinib): — Be, bizday bechoralarga yo’l bo’lsin? Biyaxonga manaman degan ayg’irlarning nazari tushadi. Kazo-kazolar og’iz soladi unga.

Olabuqa: — O’lguday qo’rqoq, lapashangsan-da! Bitta biyaga tishing o’tmaydimi?

Eshak: — O’zingizam targ’il yangamdan qo’rqasiz-ku, ia-a-a-a-a!!!

Olabuqa: — Hangrama, it!

Eshak: — Men itmasman!

Olabuqa: — Ha mayli, hali shoshmay turgin sen!

Eshak: — Qo’rqasiz-a, yangamdan?

Olabuqa: — Bekorning beshtasini aytibsan! Yangang ho’-o’v Olato’vdan kelgan. Musofir. Ota-onasini, yurtini sog’inadi. Shuning uchun ko’ngliga qarayman.

Eshak (o’zicha o’ylaydi. «ko’ngliga qararmish. Mol-ey! Molda ko’ngil nima qiladi? Aql o’rgatishiga balo bormi? Shataloq otishdan boshqasiga yaramaydi-yu, mening oldimda falsafa to’qishini qaranglar!..» Shularni ko’nglidan kechiradi-yu, atayin sezdirmaydi): — Unda nega tomorqaning nariga chetida yolg’iz turadi-yu, borib yangamning ko’nglini olmaysiz?

Olabuqa: — Shungayam fahming yetmaydi-ya! Axir, xotin degan erdan sal nariroqda yurishi kerak, ovsar!..

Eshak (narida o’tlab yurgan qo’ylarni ko’rsatib): — Oka, yuring anavi qo’yvachchalarni hurkitamiz! Maza qilardik-da!

Olabuqa: — Chakagingni o’chir, o’qimagan! Shoximdagi arqonni ko’rmayapsanmi?

Eshak: — Ko’ryapman. Nima qipti?

Olabuqa: — Faqat hurmatli, obro’li jonzotlarninggina shoxi arqonlanadi. Kimsan Olabuqa endi qayoqdagi qo’ylarni deb behurmat bo’lishim qoluvmidi?

Eshak: — Axir, nimadir qilish kerak-ku! Turaveramizmi shu jaziramada? Qorin tatalab ketyapti, okaxon!

Olabuqa: — Sen eshshak qachon sabrli bo’lishni o’rganasan-a?

Eshak: — U nima o’zi?

Olabuqa: — Dardni ichga yutib, huda-behuda hangrayvermay, kech bo’lishini kut degani!

Eshak: — Kech bo’lsa nima o’zgarardi?

Olabuqa: — Ko’p narsa. Seni bilmadim-u… Lokigin bugun kechqurun xo’jayin meni yemlay boshlaydi. Yemishning zo’rini opkeladi.

Eshak: — Mengayam beradimi?

Olabuqa (boshini bir necha marta silkitib qo’yib): — Senga yo’l bo’lsin! Senga xo’jayin qamchi beradi, qamchi!

Eshak (yig’lamsirab): — Nega? Qaysi gunohim uchun?

Olabuqa: — Chunki sening ustingam, ichingam qora, o’lguday qaysar jonivorsan! Mo’-o’-o’!!! Nari tur!..

Eshak bo’shashgancha ko’zlaridan shashqator yosh oqib nari ketadi. Olabuqa esa yanada kayfi chog’lanib, uzoqdan bo’lsa-da, tomorqa chetida tosh qotgan targ’il sigirga ko’z suzadi. Ora-sirada xo’jayinning mashinasi keladigan katta yo’l tomonga umidvor tikilib qo’yadi.

(tamom)

Olimjon HAYIT

 

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *