EZMA… (intermediya)

 

Vrach kabinetiga nogironlar aravachasiga o’tqazilgan o’rta yashar erkakni olib kirishadi. Tepakal, ko’zoynakli, jussasi bukriroq, yoshi oltmishlarga borgan vrach o’rta bo’yli, qorachadan kelgan ayolga «chiqing» ishorasini qiladi-da, bemorga yaqinlashadi.

Vrach: — Xo’sh, uka, nima bo’ldi?

Bemor: — Yo-yomon bo’p ketyapman! J-juda yomon og’riyapti?

Vrach: — Qaeringiz og’riyapti?

Bemor (ko’ksiga mushtlab): — Manavi yerim.

Vrach: — Hm-m… Qachondan beri og’riyapti?

Bemor: — Ancha bo’ldi.

Vrach: — Bizga aniq vaqti kerak.

Bemor (og’ir-og’ir yo’talib): — Kechadan beri.

Vrach: — Qani, yaktakni ko’taring! O’pkani eshitib ko’raylik-chi!.. Hm-m, nafas, bemor, nafas! Nafas dedim!

Bemor: — Nafasim shundog’am qisib turibdi, d-do’xti-ir!

Vrach: — Ha mayli, yaktakni tushiravering! Xo’-o’sh… Ie, yo’talyapsizmi? Nega yo’talyapsiz?

Bemor: — Bilmayman.

Vrach: — Menga qarang, yo’tal boshlanishidan oldin nimani his qilyapsiz?

Bemor: — Ichim qirili-ib ketadi.

Vrach: — Qanday qiriladi? Kapgirni qozonga ishqalagandaymi yo semichka qovurayotganda kapgirni shov-shov qilgandaqami?

Bemor: — Bilmayman. Esimda yo’q.

Vrach: — Menga qarang, bizga fakt kerak. Aniq-aniq gapiring!

Bemor: — Yo’tal boshlanayotganda, tomog’im xirillaydi.

Vrach: — Hm-m… Shunaqa deng? Qani, davlinani o’lchab qo’yaylik-chi!.. Hm-m… O’h-ho’, 160 ga 110 ekan-ku! Doim shunaqa ko’tarilib turadimi davlinangiz?

Bemor: — R-rabo’chiysi shunaqa, do’xtir… Yurakning mazasi yo’q, do’xtir, yurakning!

Vrach: — Shunaqami? Og’riydimi?

Bemor: — Ha.

Vrach: — Yomon og’riydimi?

Bemor: — J-judayam. Har og’riganda jonim chiqib ketguday bo’ladi.

Vrach: — Og’riganda similla-ab og’riydimi, yo ari chaqqanday chimillaydimi? Balki qisi-ib og’rir? Yoki xamirdan zuvala uzganday cho’zili-ib og’riydimi?

Bemor: — B-bilmayman… Voy-voy-ey, voy yuragi-im!..

Vrach: — E, muncha vahima qilasiz? Hali abxo’dni tugatmadik-ku! Sal o’zingizni bosvoling-da!..

Bemor (sal tinchlanib): — Xo’p, uzr!

Vrach (bemorning kasallik varaqasi bilan obdon tanishadi va xavotir aralash bosh ko’taradi): — Hm-m… Xo’sh, bemor, manavi yerda ko’rsatilgan dorilarni ichyapsizmi?

Bemor: — Ha, ichyapman.

Vrach: — Masalan, manavi tabletkani qanday tarzda ichasiz? Dorini barmog’ingizga qisvolib uzoqdan og’izga opkelasizmi yo nosvoy otganday shartta tashlab qo’ya qolasizmi?

Bemor: — Yo’q, astagina og’zimga solaman.

Vrach: — Bir savolimga aniq javob bermadingiz. Og’riq qachon boshlangan? To’chniy vaqtini ayting!

Bemor: — Kecha yarim tunda boshlandi.

Vrach: — Og’riq xuruj qilar pallada nima qilayotgandingiz?

Bemor (sal ensasi qotib): — Buniyam to’chniysini aytaymi?

Vrach: — Albatta. Bizga fakt muhim.

Bemor: — Haligi… Xotinim bilan g’ijillashayotgandim.

Vrach: — Nega g’ijillashasiz? Sabab?

Bemor: — Bunisini aytishim shartmas shekilli, do’xtir?

Vrach: — Mayli, og’riq boshlanishidan avval nimalarni his qildingiz? Manavi jussa qay holatdaydi?

Bemor: — O’ng tomonimga yonboshlavolgandim.

Vrach: — Og’riq turganda asab tomirlar qay ahvolga tushdi? Lashkarday bostiri-ib miyaga urildimi, yo tomdan tarasha tushganday tappa tashlab qo’ya qoldimi?

Bemor: — Bilmayman. Eslolmayman.

Vrach: — Og’riq zo’r kelganda shartta engashvoldingizmi yoki uzala tushib yotdingizmi?

Bemor: — Uzala tushib yotdim.

Vrach: — Ko’z-chi, ko’z? Yoshlanib ketdimi? Og’iz quruqshashga o’xshash narsalar bo’ldimi?

Bemor: — Ha.

Vrach: — Nafas-chi, nafas? Qisdimi?

Bemor: — Yomon qisdi. Xotinim tepamda turvolib rosa yelpidi.

Vrach: — Ie, xotiningiz bilan jiqillashgandingiz-ku!

Bemor: — Qo’rqib ketdi-da uyam!

Vrach: — Tushunarli-i-i!.. Yaxshi-i-i!.. Siz, bemor, bo’shashmang, tuzatamiz! Xo’-o’sh… Hojat masalasi qanday?

Bemor: — Yomonmas.

Vrach: — Yengili-chi?

Bemor: — Yengiliga og’rib qolganimdan beri tez-tez qatnaydigan bo’lganman.

Vrach: — Shunaqami? Har borgingiz kelganda ko’nglingizdan nima kechadi? Erini-ib, burali-ib, bo’shashib borasizmi yo aksincha dast o’rningizdan turib jo’nab qolasizmi?

Bemor: — Shartta turolmayman, do’xtir. Yu-yurak qo’ymaydi.

Vrach: — Shunaqa deng? Ha, to’g’ri, haqsiz. Aytgancha, yengiliga har borganingizda miqdor qancha bo’ladi?

Bemor: — B-bilmadim… O’lchab ko’rmaganman.

Vrach: — Yo’q, bizga aniq fakt kerak! Boshida aytdim-ku! Hech bo’lmasa, taxminan aytsangiz-chi miqdorni!

Bemor (azbaroyi ensasi qotganidan, og’riqqa chidolmaganidan, toqati toq bo’lganidan titray boshlaydi. Titroq asnosida aravani eshik tarafga buradi-da, jonholatda qichqiradi): — Risola-at! Meni opket boshqa do’xtirga-a!!!

Shunday deydi-yu, qaytadan vrachga yuzlanadi va hamshira kirib aravani tashqariga yetaklay boshlagach, xirillab, alam aralash hayqiradi:

Bemor: — He ezma!!!

Vrach (hayron bo’lib, hech narsaga tushunmay bemorning ortidan qichqiradi): — Nima dedingiz? Ezma? Ezma deyishdan oldin ko’nglingizdan nimalar kechdi? Asab tomirlaringiz lashkarday bostirib keldimi yo asta-sekin qo’zg’aldimi? Titroq-chi? Titroq qay go’rdan kuchaya qoldi?.. E tovba-a, odamlar ja injiq, besabr bo’p ketibdi-ya! Axir, hammasini obdon surishtirmasam, tashhisni qanday qo’yama-an?

Olimjon HAYIT