ENASINI EMMAGAN EChKI…(Xajviya)

Og’ilxonadagi tortishuv

Ma… ma… mmma-a-a!!! Uf-f, tomoqning mazasi qochibdi-ku! Ovoz xirillab qolyapti. E, yo’-o’q, bilib-bilmay gapiraverarkansiz-da! Siz aytgan ichimlikning yaqinigayam yo’lamayman!.. Kecha xo’jayin anhor bo’yiga aylantirgani opchiquvdi, muzday suvdan ko’proq ichib qo’yibman! Shunga… Ho’v oka! Xachir aka deb qo’ydim! Sal surilib turing, bizam duximizni ko’tarvolaylik!! Ie, nega sizniki bo’larkan? Buni xo’jayin atayin bizga atab opkirgan! Oka, iltimos, orqa o’girmang bizga! Bilamiz, orqa tuyoqlaringiz xavfli, tepkir! Ammo bizam anoyi emasmiz! Ha-a, shoximiz bor, nima qipti? Lishnyak imet qilasizmi, brat? Shox-chi, mujikda bo’ladi-da, bratan! Sizdayam bo’lsin-chi! Hayotda bo’lmaydi! Nimaga? Chunki eshakka hech qachon shox bitmagan. Shuning uchun qachon qarasa, duch kelganga orqa o’girasizlar! Hi-hi-hi-i-i!!! Eshakka shox bitsa… Hi-hi-i-i-i!!! Rosa prikol bo’lardi-da!.. Ie, ie, ie, bu nima qilganingiz? Hozir bor-u, bir shoxlayman, enangizni uchqo’rg’ondan ko’rasiz!.. Bo’pti-i, hazillashdim, hurmatingiz bor. Yuk tashiyverib charchagansiz! Bizam ko’r emasmiz. Yelkangizning yag’irini ko’rib turibmiz. Faqat nervga tegmang-da hadeb! Bizning hurmat bo’lmasa, xo’jayinning hurmati bordir, axir? Ha-a, shunaqami? Shunaqa zo’rmisiz? Hozir… Tashqariga chiqvolay, o’shanda gaplashamiz!.. Mana, endi so’kib ko’r-chi!.. Ho’v, xachi-ir! He sendaqa yag’ir yelkadan o’rgildim! Ha-a, arqonni uzolmayapsanmi? Shunaqa-a, duxing yetmaydi! Bizday shoxdor echkiga yetib bo’psan! Mening oldimda peshkasan, peshka! O’la, bitta arqonni uzolmaysan-u, maqtanishing og’ilxonani buzay deydi-ya!

Men hayot ko’rgan echkiman

Qo’yxon xolamning aytishicha, enam meni tuqqan ekan-u, sixga tortilgan ekan. Enajonimni emolmay, mehriga to’yolmay, yetim qo’zilar qatorida o’sdim. Lekin sal katta bo’lganimdan keyin yelkamga baxt qushi qo’ndi. Hozirgi xo’jayinimga bozorda endi nish ura boshlagan shoxim yoqib qolibdi. Endi bor-u… Xo’jayinmisan xo’jayin-da! Kayfiyat ko’tarishning qancha turi bo’lsa, hammasini qotiradi. Meniyam o’rgatib qo’ygan. U kishi uyga keldi deguncha qanday yoniga chopib borganimni bilmay qolaman. Darrov tumshug’imni silab topganini og’zimga solib qo’yadi. Kayfiyati ja me’yordan oshib ketsa, qo’ni-qo’shnilarga rosa maqtanadi. Ishonsangiz, meni rostakamiga mushtlashishga o’rgatganam xuddi shu xo’jayin bo’ladi. Xudoga shukr, hozir itmi, qo’ymi, boya ko’rganingizday, eshaklarigayam tilimni bermayman. Asabni buzishsa, tovuqlargacha shoxlab tashlayveraman. Nega deganda, men hayot ko’rgan echkiman! Qani, vey xo’roz bratishka, qoch yo’ldan! Hozir bir shoxlayman, A’zam akaning arig’iga borib tushasan! Nima deysan? Og’ilxonaga qamab qo’yishadi? O’v, meni og’ilxona bilan qo’rqitasanmi? Meni-ya? Kulgimni qistatmagin-a, bratishka!? Hozir ma’ravoraman!..

Yolg’izlik

Ha, men zo’rman, shustriyman, zamonaviy echkilardanman! Rizqimni uncha-munchasiga berib qo’ymayman! Yeganim og’zimda, yemaganim oxurimda! Biroq gohida yolg’iz qolib pinakka keta boshlasam, o’lgan enam esimga tushadi. Uzoqdagi qarindosh-urug’larni yodga olaman. So’ng boshimni ko’tarib atrofga qarayman. Hatto parrandalarniyam kimidir bor. Ku-kulashib dardlashadi, bir-birining ko’nglini ko’taradi. Men-chi? Hayhotday og’ilda yolg’iz qolib ketaverdim. To’g’ri, qo’y xolam ba’zan oldimga kelib meni yalab-yulqamoqchi bo’ldi. O’zim ruxsat bermadim. «Bu nimasi, xola? — dedim jahlim chiqib. — Nomahram erkakni yalab-yulqashga uyalmaysizmi? Menam erkakman! Uyatsizligam evi bilan-da!..»

Aslida erkaligim tutib shunday qilgandim. Qo’y xolamga bir erkalangim, hazillashgim kelib edi. Qovun tushirib qo’ydim. Qo’y xolam bir hafta men bilan tillashmay yurdi. O’zimdan o’tganini o’zim bildim. Egamning alqashlariyam yurakka sig’madi. Alamimni jo’jaxo’rozlardan oldim. Hammasini tirqiratib shoxladim.

Maqtanma tovuq…

Bu dunyoda hamma narsaniyam kushandasi bo’larkan. Masalan, mendak mag’rur, maqtanchoq va dangal echkiyam zo’rni ko’rganda yuvosh tortib qolaman. Et yupqaligi, tuyoqdan o’t sachrata olmasligim, qo’l kaltaligi, aslida oddiy va ojiz bir echkiligim darrov esimga tushadi. Eh, shu naynov ho’kizni kim yaratgan o’zi? Farosati yo’qligi yetmay, meni ko’rdi deguncha pishqirib chopadi. Shoxi allambalolarga o’xshagan buramami-ey! Xudo ko’rsatmasin, qornimga bir shoxlasa bormi, tamomman-da! Ha-a, zo’rdan zo’r chiqadi deganlari shu ekan-da! Yaylov tarafga adashib o’tib qolsam ham yurak hovuchlaydigan bo’lganman. Malla ho’kizga ko’zim tushdimi, ura solib qochishim, yo xushomad qilishim shart. Yo’qsa menga kun yo’q. Malla ho’kiz juda tez yuguradi. Qo’liyam, oyog’iyam menikidan uzun. Qovoq uyganniyam xushlamaydi. Ana, o’tgan kuni Qo’chqorboy og’a gap qaytarib qo’ygandi, adabini yedi. O’shandan beri oxurga bosh qo’ygancha yotganmish. Yemish ham yemayotganmish. Birov hol so’rasa, kallasini zo’rg’a qimirlatib qo’yayotganmish. Ishqilib, ich-etini ezib qo’ymagan bo’lsin-da ho’kiz!..

I-i-i-i, kep qoldi-ku malla! Eshakni eslasang qulog’i ko’rinarkan-da!.. Endi nima qildim? Qochsammikan? Qayoqqa?

— Soleyko’-o’m, Mallaboy og’a! S-salomatmisiz?

— Senmisan, jinqarcha? Oyoq ostida qand yeb yuribsanmi?

— Ha endi… Sizni bir ko’rib ketay degandim, Mallaboy og’a!.. Sigiroyim ham yaxshi yuribdilarmi? Aytgancha… Og’a, ho’kizlabsizlar deb eshitdim! Muborak bo’lsin! Umriyam, o’ziyam sizga o’xshasin!..

— Menga qara, kuni kecha o’rtancha ho’kizchamni quvganmishsan? Shu rostmi? Hali sen mening ho’kizchamga hamla qiladigan bo’ldingmi? Vey, bir shoxlab asfalasofinga jo’natvoraymi hozir?

— Y-yo’-o’q, Ho’kizboy og’a, ho’kizchangiz bilan quvlashmachoq o’ynasammi devdim, sal noto’g’ri tushunibdi-da! Kechiring, og’a!

— Shunday bo’lsin! Jigingni ezib tashlayman!..

Voy-bo’, osmondan kelishini qaranglar! He, ho’kiz!.. Baquvvatman, yirikman, oyog’im uzun deb bizga o’xshagan kichkina echkilarga o’dag’aylaysanmi? Mard bo’lsang, ana, o’zing tengilar bilan mushtlash!..

Yo’-o’q, hali shoshmay tursin! Meni shoxdor echki deb qo’yibdi! Uyga boray, xo’jayinga yalinib, ho’kizniyam yiqitsa bo’ladigan «priyom»larni o’rganvolaman. Ana undan keyin do’qlab ko’rgin-chi! Sen bilan o’shanda bozorlashamiz! Duxingni sindirmasammi!..

Olimjon HAYIT.