SIChQONNING ORZUSI

Tun. Havoda ko’rshapalak parvoz qilardi. Uy burchagida esa ona sichqon sichqonchasini sayr qildirayapti. Ko’rshapalakni ko’rdi-yu, ona sichqonning ko’zlari chaqnab ketdi.

— Qara, bolajonim! — deya hayqirdi u. — Ko’rayapsanmi? Biznikilar parvoz qilayapti!

— Biznikilar deganingiz kim?

— Ana, uchib yurgan uchar sichqonni aytayapman. Bizniki-da uyam!

— Ie, oyi, sichqonlar ham ucha oladimi?

— Albatta.

— Qanday qilib?

— Agar chin yurakdan orzu qilsang, albatta ucha olasan…

Sichqon bolasi bu gapni eshitdi-yu, o’sha lahzadan boshlab osmonga parvoz qilish haqida orzulay boshladi. Uxlashdan, sayrga chiqishdan oldin tinimsiz orzulayverdi.

Kunlarning birida nihoyat bir qarorga kelgandek, uy tomiga chiqdi va jajji panjalarini havoga ko’tarib… Parvozga shaylandi…

Afsuski, o’sha atrofdan mushuk o’tib ketayotgan ekan. Yerga qulagan sichqonchani ko’rdi deguncha jonholatda oldinga tashlandi…

Orzumand sichqoncha dushman o’ljasiga aylandi-qoldi…

Oradan yillar o’tdi. Ona sichqon yana ko’plab farzandlarni dunyoga keltirdi. Biroq u har gal ko’rshapalakning parvoz qilayotganini ko’rib, qiziqsingan bolalariga bir gapni takrorlab charchamasdi:

— Bolalarim, bu orzungiz ushalishini xohlasangiz, osmonga parvoz qilishdan oldin atrofni yaxshilab kuzating! Aks holda sizning ushalmagan orzungiz evaziga boshqalarning orzusi ushalib qolishi hech gap emas.

NOShUD PIYoNISTANING MING DOLLARLIK BAXTI

Eh, birovga qarz bersang, yaxshi ekan. Bir ulfatim qarzini valyutada qaytardi. O’lay agar, umrimda dollar degan pulni ko’rmagandim! O’n dollar! Ko’kimtirgina bo’larkan.

Xo’sh, buni nima qilaman endi?.. Xotinimga, qizimga, umuman hech kimga ko’rsatmasligim kerak, ha! Berkitishim zarur. Ammo qaerga? Omborgami? Yo’q, shunday valyuta sichqonlarga yem bo’ladi. Balki, stol ostiga yopishtirib qo’ysam-chi? Buyam bo’lmaydi… Yo oddiy pullar orasiga qo’shib qo’yaymi? Yo’q, mingtalik ham ko’kimtir. Adashib do’kon sotuvchisiga valyutani berib yuborsam nima bo’ladi…

Nima qilishni bilmay, kaftlarim orasiga sevimli valyutamni oldim-da, qo’limni doka bilan aylantirib boyladim. Uydagilarga yiqilib tushdim deb qo’ya qoldim. Aslida kaftlarim orasida o’n dollarlik valyuta, mening azaliy orzum tanamga iliqlik bag’ishlab turibdi. Har zamonda uni qattiqroq qisib qo’yaman. Joyida turibdimi-yo’qmi, shuni tekshirib ko’raman-da!..

Ana endi yuz gramm ichib dam olsam bo’ladi. Shunday xayollar bilan barga kirdim.

Ko’payib ketdi. Yarimta aroqni paqqos tushiribman. Ertasi kuni uyg’onsam, qo’llarim yechilgan, dollar yo’q!..

Qo’llarim qaltirab, asabiylikdan o’layozdim. Aksiga olib ko’chaga chiqsam, qo’shnim «malboro» sigaretini tutatgancha «Jip» eshigini ochayapti. Menga qarab masxaraomuz kulib qo’ydi.

— Eh, yaramaslar, — dedim xayolan. — Mening dollarimni o’g’irlab shuncha narsa sotib olgan bo’lmagin tag’in!?.

Nima qilishni bilmay uy ichiga kirdim. Xotinimni, qizimni siquvga oldim. Yo’q, ular umrida valyuta ko’rmagan. Qasam ichishdi.

Shu payt qo’llarim qaltiragancha kursilardan birini ko’tarib nari surmoqchi bo’ldim. Qo’limga nimadir ilindi-yu, seskanib o’sha narsani qo’limga oldim.

Vo ajab!.. O’zimning erkatoy valyutam! Xuddi o’zi!.. Ishonasizmi, o’n dollarlikni yo’qotib, yuz dollarlik alam yutganday bo’lgandim. Uni topgach, esa ming dollarlik baxtga ega bo’lganday quvonib ketdim!..

Nafas olishim yaxshilanib, qaltirashlarim to’xtab, ko’nglim bo’shagancha tag’in barga kirdim. Axir, shunday baxtni nishonlamay bo’larkanmi?!.

Yo’q, endi erkatoy valyutamni yo’qotib qo’yishdan cho’chimayman.

Chunki, uni yo’qotib qayta topib olsam, baxtim ikki ming dollarlik bo’lishiga qattiq ishonaman!

Ikki ming dollarlik baxt sari olg’a, og’ayni!

Ruschadan Olimjon HAYIT tarjimalari