— Qatortol, Qabriston, go’shtbozor, Tegirmonko’cha, 13-maktab, Dom kultu-ur!.. Vey, bolakay, sen qayoqqa chiqyapsan? Puling bormi o’zi? Nima? Yo’q? Ie, bu enangning ot aravasimi-a? Qani, sur bettan! Bor, piyoda ket! E, qaranglar-a buni! Tekinga yetvolmoqchi uyiga. O’sha maktabingdagilarga ayt, avtobus qo’yishsin alohida! Bu yo’nalishdagi avtobus. Planga javobgarmiz biz, bratishka!
Hov, aka, ko’tarilmaysizmi teparoqqa? Nima? Joy yo’q? Nima qilay joy yo’q bo’lsa? Suriling! Qolganlaram chiqvolsin-da! Bitta sizmi bu yerda shoshvotgan? Oldindagilarni nariroq sursangiz, ochiladi joy! Buni avtobus deb qo’yibdi! Egsangiz, charmdanam zo’r egiladi, aka!
O’, kimlar chiqdi avtobusimizga! Xush keptilar, opoq qiz, xush keptilar! Pulimni o’g’irlatib qo’ydim deysizmi? E, shuyam muammomi, jonidan? Oborib qo’yamiz uychangizga, ha! Shunday qizni oborib qo’yolmasak, nima qilib yuribmiz bu dunyoda yashab? Eshigingizning tagigacha oborib qo’yamiz, garantiya! Qani, o’tsinlar, ha, o’tsinlar! Siz-chi, manavi tiqilinchga kirib ovora bo’lmang! Ana, oldinda chiptachi uchun ajratilgan o’rindiq bor. Ko’rdiyzmi? Qarang, yumshoqqina! Ana o’sha yerni sizga hadya qildim, o’tira qoling! Ha, ovoziyzda-an!..
Qani, o’rtoqlar, chiptalarni o’z vaqtida olvolamiz! Surilamiz, surilamiz! Biz o’tvolaylik! Xo’-o’sh, qani, opaxon, chiptangizni olvolasizmi? Ha-a, bitta besh yuzta, ikkita ikki yuztalikmi pulingiz? Hechqisi yo’q! Mana, bo’ldi! Nima dedingiz? Chipta qani? E, nima qilasiz chiptani? Boshiyzga urasizmi? Baribir tushgandan keyin tashlavorasiz-ku! Nima? Qaytimi qani deysizmi? Yo’q qaytim! Qaerdan olaman yuztalik qolmagan bo’lsa? Enamning uyidan olamanmi? Voy-bo’-o’! Odamlaram ja ziqna bo’lib ketishgan-da keyingi vaqtlarda! Qayoqdagi yuz so’m pulni deb dunyoni boshiga ko’tarishadi-ya! Olasiz keyingi safar o’sha yuz so’mingizni! Yeb ketmaymiz!..
Surilinglar nariroq! Salonda maktab o’quvchilari bo’lsa, tez tushsin! Bekorga joyni band qilishmasin! Hov kenneyi, nega teskari o’girilasiz? Olmaysizmi chiptangizni? Tovba, bez-a bular, bez! Yuzingda ko’zing demay yuzini ters buradi! Bizam o’ynab yurganimiz yo’q! Davlat xizmatidamiz, axir! Onajoni-im, manavi xaltangizni sal nariroq olvoling! Nimaykan sizda? Pensiya daftarchasimi? Uf-f, ezvordingiz-ku! Buni nima qilaman? Pul bering, pul!..
Qani, biz tushvolaylik-chi! Jasadlaringizni nariroq olib turinglar-chi! Ha, kenneyi, sizda nima? Oylik yo’l chiptasi? Boring, boring, boshqa avtobusga chiqing! Biz naqdiga ishlaymiz! E, xohlagan joyingizga borib arz qiling! Menga nima? Qo’rqadigan yerim yo’q! Boring, tezroq arz qiling! Bizda plan bor, tushundingizmi? Omon, hayda, hayda! To’xtama! Anavi juvon orqamizdan yugurib kelyapti! Baribir naqd pul bermaydi! Gazni bos, bos!
E, tezroq yurmaysanmi? Namuncha imillaysan? Hozir anavi «Gazel» o’rnidan jilsa, tamom bo’lamiz-ku! Hamma odamni terib ketadi!
Omon, nima qilyapsan? To’xtama bu odamga, umuman to’xtama! Bilaman, uning oylik yo’l chiptasi bor, pul bermaydi! Boplading! Ana, «Gazel»da ketaversin!
Shu deyman… Avtobusning kattarog’ini berishsa bo’larkan-da, Omon! Qara, bekatda qanchasi qolib ketdi! Bilaman, ko’pchiligida oylik yo’l chiptasi. Lekin kim naqd pul to’lab yurishini basharasidan aniqlay olaman. Bilasan-ku, bu ishda as bo’p ketganman! Ha-a, meni chiptachilikka ishga olib xato qilmagansan, Omon! Qara, saloningda sakson foiz odam naqd pul to’ladi. Yomonmi? Kechqurun anavi savil chiptalarni yirtib-yirtib anhorga otamiz, vassalom! Ko’ribsanki, six ham, kabob ham kuymaydi!..
Vey, Omon, mening joyimda o’tirgan jononga gap otib qo’ymagin tag’in! Ko’rding-ku, o’zim tiqilinchda zo’rg’a nafas olib ketsam ham, o’sha jononni o’tqazib qo’ydim joyimga!..
Be, odamlar akang qarag’ay oliy ma’lumotli, falon joyda ishlaydi deb ko’kragiga urib yuradi. Biz-chi? Ishimiz yo’lovchining pulini olish-u, keyingisiga o’tish. Kechga borib tushumni sanaymiz! Ishoning, o’sha oliy ma’lumotlining bir oylik pulini bir haftada topaman! Shunday ekan, aziz yo’lovchi, oylik yo’l chiptangiz bo’lsa, yaxshisi avtobusimizga chiqmay qo’ya qoling! Ta’bingizni tirriq qip qo’yishim mumkin.
Ha o’zimning chiptachiligimdan o’rgilay! Hayda avtobusingni, Omon, hayda!
Olimjon HAYIT