Saqichdan mazza qilib pufakchalar chiqarib chaynaydiganlar, endi ehtiyot bo’lishingizga to’g’ri keladi. Aks holda quyida bayon etilajak holatga tushib qolishingiz hech gap emas.

Leypsigdagi Gevandxauza orkestri Malerning Beshinchi simfoniyasini ijro etayotganda g’aroyib mushtlashuv kelib chiqdi. Aniqrog’i, janjalning o’zi emas, uning sababi g’aroyib. Xullas Shvetsiyaning Malma shaharchasidagi “Malmö Live Konserthus” konsert zalida klassik musiqa ixlosmandlari bu gal faqatgina musiqadangina bahra olishmadi.

Tinglovchilardan biri o’zi bilan bir pachka saqich olvolgan ekan. Musiqa ayni avjiga chiqqanda u saqichini paqillatib chaynashga tushdi. Uning yaqinida o’tirgan bir yosh yigit unga jahl bilan qaradi. Biroq bu ko’z qarash surbetga zig’ircha ham ta’sir qilmagach, u ayol saqichni pufakcha qilib chiqargan mahal og’zidan yulib oldi va qo’lidagi pachkasini ham tortib olib, yerga uloqtirdi.

Guvohlarning aytishicha, ayol konsert tugashini sabrsizlik bilan kutgan va olqishlar tugagach, yigitga o’girilib ikki og’iz haqoratli gap aytgan. Ketidan esa javobini ham kutib o’tirmasdan qattiq shapaloq tushirgan. Shapaloq shu qadar qattiq chiqqanki, yigitning ko’zoynagi uchib ketgan. Bu ham yetmagandek, ayolning dugonalari yigitning ko’ylagidan tutib, har tomondan ura boshlashgan. Agar boshqa muxlislar aralashishmaganida yigit bechoraning holiga maymunlar yig’lashi aniq edi.

Ozoda HALIMOVA