NAUShNIKLI XONIM…
(yoki Jo’raqo’zining idealidagi ayol…)
(hajviya)
Uning ismi aslida Jo’ra edi. Qishloqma-qishloq ayollar kiyimini, gazmol sotib, gohi-gohida homilador mijozlaridan hazil aralash «Qo’zilamadingizmi?» deb so’rayvergani uchun hamqishloqlari Jo’raqo’zi deb chaqiradigan bo’lishgan. Tengqurlariga alam qilgani, xotini «ering lattafurush» degan ta’nalardan charchab ketib qolgandan beri hali uylanmadi. Idealidagi ayolni topa olmayotganmish. Aslida tabiatan muhabbatga tashna yigit. Chiroyli ayolni ko’rdi deguncha og’zining tanobi qochadi. Ammo birpas qochib turadi-yu, darrov yumiladi. Jo’raqo’zining qovog’idan qor yog’a boshlaydi. Chunki o’sha chiroyli ayolning yo tovushi xunuk, yo kulishi beo’xshov chiqadi.
Xullas, yoz kunlarining birida Jo’raqo’zi shaharga otlandi. Qaysidir bozorda allambalo matoni ulgurjisiga arzon narxda sotishlarini eshitib qoluvdi. Qolaversa, shahar ayollari huriliqo deb eshitgani bor edi. Shinavandaligi tutib shartta jo’navordi.
«Xudoyim, — dedi yo’lga chiqishdan oldin ko’kka boqib. — Bolaligimdayoq shaharlik oyimchalardan biriga uylanishni ko’nglimga tukkandim. Balki shu esingga tushib, oldingi xotinimning ichiga shaytonni oralatgandirsan!? Shuning uchun uyiga jo’nab qolgandir!? Endi yo’l ber! Menam idealimdagi ayolni topay!..»
Vo ajab! Katta shaharning ko’rki bo’lakcha bo’larkan. Qum ko’chalarda g’ildiraklari zanglab, zanjiri har yigirma metrda tushib ketaveradigan velosipedini g’ildiratgancha gazmol sotib o’rgangan Jo’raqo’zi shaharga keldi-yu, xuddi o’zga bir olamga kirib qolgandek birpas garangsidi. Ayniqsa, ming tortgan bilan etagi tizzani yopa qolmaydigan ko’ylaklarni hilpiratgancha ko’cha kezayotgan shahar ayollarini ko’rgandan, Jo’raqo’zining tinchi buzildi. Sal qursa shaharga nima uchun kelganini unutayozdi.
«Yo’q, — dedi o’ziga o’zi. — Oldin gazmol masalasini hal qilvolay. Ana undan keyin jononlarni tomosha qilaman. Voy-voy-ey-y, o’lib-netib qolmasam-da mana shu huriliqolarga qarayverib! Do-od!!!»
Jo’raqo’zini hayratga solgan yana bir manzara shu bo’ldiki, bu yerning ayollari quloqlariga naushniklar taqib yurisharkan.
«Zamonaviy-da bular, — ko’nglidan o’tkazdi Jo’raqo’zi. — Qanday yurishni, nima qilishni, qo’l telefondan qanday foydalanishni yaxshi bilishadi. Qaniydi, bizning qishloqdagi ayollar ham xudoning bergan kuni dunyoni buzguday qilib magnitofonini varanglatavermay, o’sha ashula o’lgurni qulog’iga naushnik tuti-ib eshitsa! Ulargayam yarashar, o’libdimi? Be, bu narsani tushunarmidi ular… E, yo’q… Ha, koshkiydi bo’lg’usi xotinim ham anavi jononlarga o’xshab qulog’iga naushnik taqib yursa!..»
Jo’raqo’zi shunday shirin xayollar og’ushida avtobusga chiqdi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, ro’paradagi o’rindiqda judayam kelishgan, oppoqqina bir nozanin o’tirar, yuzlaridan go’yo nur yog’ilardi.
«Oh, — dedi Jo’raqo’zi ayoldan ko’z uzolmay. — Naushnigining quloqlariga uzukka ko’z qo’yganday yarashganini qara! O’ziyam ja ketvorgan ekan! Sochlari-chi?!. Ie, menga gapiryaptimi? Yo’g’-e, menga-ya? Obbo, yurakni bezovta qip qo’ydi-ku!..»
Haqiqatan, qora ko’zoynak taqqan, naushnikli bu xonim ovoz chiqarib so’zlardi.
— Yaxshimisiz? — shivirlagannamo so’radi ayol hiyla kulimsirab. — Yaxshi yetib keldiyzmi?
Jo’raqo’zi shoshib qoldi. Axir, umrida bunday kelishgan, ofatijon ayol bilan hamsuhbat bo’lmagandi-da! Nima qilsin? Bunday vaziyatlarda qanday yo’l tutadilar? Javob berish kerakmi?
— Nega indamaysiz? — qayta so’radi naushnikli xonim. — Yaxshi yetib keldiyzmi?
— Ya-yaxshi, — dedi Jo’raqo’zi bazo’r shivirlab. — O’ziyzam yaxshimisiz?
— Men balo bo’larmidim? Ketyapman avtobusda bo’shashe-eb!
— Yo’g’-e, unday demang, xonim, — shivirladi Jo’raqo’zi. — Sizga bo’shashish umuman mumkinmas. Ochig’i… Menga juda yoqdingiz?
— Men-a?.. Bo’lishi mumkinmas! Men unaqalardanmasman!
— Ie, nega unaqa deysiz? Siz huriliqosiz, huriliqo! Agar ishonmasangiz, o’zingizga mening ko’zlarim bilan qarang!
— Ja opqochavermang! O’sha narseyzzi qanchaga oldiyz?
— Nimani? — talmovsirab, qaddi-bastini shosha-pisha ko’zdan kechirdi Jo’raqo’zi. — Ha-a, kastimimnimi? E, shuning nimasi yaxshi? Arzimaydi.
— Mayli, aytmaseyiz, aytmang! Menga qarang, jonim, menga bir go’rso’xta shilqimlik qilyapti! Adabini berib qo’yishiyz kerak shekilli.
— Nima?.. — Jo’raqo’zi rangi o’zgarib old-orqasiga ko’z tashladi. — Kim o’zi u? Qani? Abjag’ini chiqarib qo’yaman!
— Doim shunaqasiz, — naushnikli xonim buralib so’zlandi. — Ko’ngilchanligiyiz qursin! Lekin-chi… Baribir siz menga yoqasiz. Siz… Boshqachasiz. Hech kimga o’xshamaysiz!
«Voy-voy-ey-y! — xayolan hayqirdi Jo’raqo’zi yuragi taka-puka bo’lib. — Endi nima qilama-a-an?.. O’zimni shu avtobusdan tashlaymi-i-i?..»
— O’lay agar, — endi sal ovoz chiqarib so’zlana boshladi Jo’raqo’zi qizarib. — Siz haqiqiy idealimdagi ayolakansiz. Ayting, rostdanam meni sevasizmi? Yoqamanmi sizga?
— Hadeb ijikilayvermeng, — dedi ayol jilmayib. — Bir marta aytdim-ku-u!
— Xo’p, xo’p, endi so’ramayman, jonidan! Aytgancha, otingiz nima?
— Nima ahamiyati bo-or? — dedi naushnikli xonim erkalanib. — Baribirmasmi-i?
— T-to’g’ri-ku-ya, — dedi Jo’raqo’zi atrofga olazarak boqib olarkan. — R-rostdanam ahamiyati yo’q. B-bilasizmi, sizminan tanishganimdan beri qandaydir g’alati-i bo’p ketyapman! Yuragim alg’ov-dalg’ov bo’lyapti! Shumikan-a muhabbat degani?
— Xuddi shunaqa, — dedi ayol kulimsirashda davom etib. — Lekin-chi, sizga ishonmayma-an baribir!..
Naushnikli xonim so’nggi gapini shu qadar nozlanish va buralish bilan aytdiki, azbaroyi erib ketganidan Jo’raqo’zining yuragi to’xtab qolayozdi.
— Nozlanishingizda-an! — deya ayol tomon bir talpinib oldi u. — Munchayam shirin bo’lmasa? Miyam g’uvillab, xuddi tush ko’rayotganday bo’lyapman, jonim, ishoning! Men sizni… Boshqacha yaxshi ko’rib qoldim, ha!
Naushnikli xonim ortiq hech narsa demay, g’alati bir ishva bilan asta o’rnidan turdi va avtobusdan tushish niyatida eshik tomon yurdi.
Jo’raqo’zi esa nima qilishni bilmay javdiragancha o’tirib qoldi.
— Men tushyapman, — dedi qiz endi ovoz chiqarib. — Lekin siz bilan xayrlashishni sirayam xohlamasdim.
— Ie, menam xohlamayman, — bu gapni eshitib, Jo’raqo’zi sapchib o’rnidan turdi-da, ayolga judayam yaqin bordi. — Sizni o’zi zo’rg’a topdim-ku! Endi qo’yvorish yo’q, jonim! Gap bitta!
Avtobus bekatga kelib to’xtagach, ayol yelka uchirgan ko’yi pastga tushdi. Shubhasiz, Jo’raqo’zi ham unga ergashdi. Ular oldinma-ketin chapga keta boshlashdi. Ayol yuz metrcha yurishgach, o’ngga burildi.
Jo’raqo’zi uning ortidan ketib borardi-yu, lom-mim demasdi. Hamma gapni mana shu idealidagi ayolnikiga kirgach, aytishni mo’ljallardi.
«Eh, omading keldi, Jo’ra, — derdi xayolan qur-qur tizzasiga bilinar-bilinmas shapatilab. — Shunday ketvorgan ayolning ishqi tushdi senga. Qishloqdagilar hozir bir ko’rsaydi, alamidan yorilib o’lardi, yorilib! Ha, hozir uyiga olib kiradi-da, yelkangga bosh qo’ygancha erkalanadi. Bor dardini to’kib soladi. Qora, katta-katta ko’zlari g’amliga o’xshaydi. Gap ohangidanam sezovdim o’zi. Jo’ra, sen endi otni qamchilashing kerak. Bo’sh kelmaysan. Ertagayoq qishloqqa olib ketaversangam asakang ketmaydi! Hay-yt!!!»
Ular oldinma-ketin ko’p qavatli uylardan biriga yaqinlashishdi. Shu payt… Kutilmagan manzara namoyon bo’ldi. Jo’raqo’zi ne ko’z bilan ko’rsinki, pod’yezd ro’parasida uch chog’li barzangi turardi. Ayol ularni ko’rdi deguncha shartta qulog’idan naushnigini yechib sumkasiga soldi va barzangilarning biriga yuzlanib arz-dod qila ketdi:
— Muslim aka, anavi go’rso’xtani qareng, yo’l bo’yi shilqimlik qilaverib bosh-shimni qotirib tashladi. Sevgi izhor qiladimi-ey, gap otadimi-ey…
Shu gaplardan so’ng Jo’raqul nimalar bo’lganini eslay olmaydi. Kasalxonada o’ziga keldi. Barzangilar dabdalasini chiqarib tashlashibdi. Shu ko’yi bir oycha kasalxonada davolandi. Uyga kelgach esa, shosha-pisha qo’shnisi Surmanisa opaning Ergashoy degan qiziga sovchi qo’ydi. Ergashoy ham eri bilan ajrashgan, ammo Jo’raqul tovushi dag’alligi sababli xushlagisi kelmasdi. Bu safar tovushigayam qarab o’tirmadi. Kasalxonadaligida qasam ichgandi. Ergashoyni o’zining idealidagi ayol deb qabul qildi.
Achinarlisi, kasalxonadan kelgach, uch-to’rt marta tushida naushnik ko’ribdi. Har gal erinmay tuman markaziga bordi-da, avtobus bekatida o’tiradigan Norqul tilanchiga sadaqa berdi. Sadaqani berib ham tinchimadi. Sal nariga borgach, irimini qilib: «Iloyim emiga bo’lsin, baloni qaytarsin» deya qayta-qayta duo o’qishni kanda qilmadi.
Ba’zan bozorgami yo tuman markazigami o’tganda, qulog’iga naushnik taqqan qiz-juvonlarni ko’rib qolsa bormi, boshini teskari tomonga qiyshaytirgancha juftakni rostlaydigan, yo’l-yo’lakay: «Iloyo naushnik taqqanning qulog’iga qurt tushsin», deb qarg’anadigan bo’ldi.
Olimjon HAYIT