KUN KULGISI…

* * *

Hozirgi kunda yaxshi, bilimli, tajribali hisobchini qidirib topish qiyin. Shuning uchun ham militsionerlar kattakon korxonalarning birida ishlagan bosh hisobchi Urayim Marayimovichni o’n yildan beri qidirishadi.

* * *

Restoranda bir yigit ayolni raqsga taklif etdi. Ayol yigitga qarab turib o’zidan ancha yoshligini payqadi-da, dedi:

— Kechirasiz, men yosh bola bilan raqsga tushmayman.

Yigit:

— Voy, siz ham meni kechiring unda! Homiladorligingizni bilmabman.

* * *

Erkak qalin o’rmonda yo’ldan adashdi. Kezdi-kezdi, foydasi bo’lmadi. Yo’lni topa olmadi. Bir mahal qarasa, to’ngak ustida qari bir chol o’tiribdi. Yugurib borib salom berdi-da, dedi:

— Ota, men yo’ldan adashdim. Yo’lga qanday chiqib olsam bo’ladi?

— To’g’riga qarab ketaverasan, ketaverasan, oldingdan nasha ekilgan paykal chiqadi. Paykalning orqa tarafiga o’tsang, gapiradigan daryo oqib o’tgan. O’sha daryo senga yo’lni ko’rsatib yuboradi.

* * *

Qariya jajji nevarasiga ertak aytib beryapti:

— Bir zamonlar uch og’a-ini bo’lgan ekan. Ular mustaqil hayot qurish uchun yo’lga chiqishibdi. Bir yerga borishsa, chuqur bor ekan. Chuqurda esa BAXT o’tiribdi. Katta og’a BAXT dan ko’-o’p pul so’rabdi. BAXT so’raganini beribdi. Katta og’a baxtdan sarmast bo’lib yo’lida davom etibdi. Keyin o’rtancha og’a chuqurga yaqinlashib, go’zal bir qalliq berishini so’rabdi. BAXT bu iltimosini ado etibdi. O’rtancha og’a go’zalning qo’lidan tutib, o’zini juda baxtli his etibdi-yu, jo’nab ketibdi. Oxirida kenja chuqurga yaqin kelibdi. BAXT undan so’rabdi:

— Senga nima kerak?

Yigit savolga savol bilan javob qaytaribdi:

— O’zingga nima kerak?

— Meni shu chuqurdan chiqarib qo’y!

Yigit qo’l uzatib BAXT ni chuqurdan tortib olibdi va hech narsa so’ramay yo’lida davom etibdi. Xo’sh, nega so’ramadi ekan-a? Bir akasi boy bo’ldi, ikkinchi akasi xotinli bo’ldi. Kenja nega BAXT dan hech narsa so’ramadi?.. Ha-a, topdingiz, bolajonlarim, topdingiz! Chunki BAXT ning o’zi kenjaga ergashib ketibdi.

* * *

Uchastka vrachi bemordan so’radi.

— Qaeringiz og’riyapti?

— Manavi yerim.

— Yo’q, bu mening uchastkamga kirmaydi.

* * *

Besh yashar nabira bir kuni tunda bobosidan so’radi:

— Bobo, Oy uzoqmi, Toshkentmi?

— Boshimni qotirmasang-chi!

— Ayta qoling, iltimo-os!

— Bo’pti, beri kel?

Nabira boboga yaqin kelibdi. Bobo derazani ochib so’rabdi:

— Nimani ko’ryapsan?

— Oyni.

— Toshkentni-chi?

— Yo’q.

— Ana endi o’zing xulosa qilib olaver!

Olimjon HAYIT