TAXTA… VOY…
Ko’prik
— Men erkakman. O’ttizga kirib o’tin bo’lmadim. Aksincha qirchillab, manaman deganning abjag’ini chiqarar darajaga yetdim. Qani, meni «lyuboy» odam urib ko’rsin-chi, qo’li yo oyog’i sinmasa, Taxta otimni to’ngak qo’yaman. Chunki ota-buvalarim chinor avlodidan bo’lgan. Dunyoni bitta shoxida ko’tarib turishgan. Shuning uchun mengayam qachonlardir ko’prik bo’lishday faxrli vazifani yuklashgandi. To’g’ri, ko’prik bo’lish ja mushkul ish. Ustingdan yaxshiyam, yomonam tepkilab o’tadi. Lokigin joning chinordan bo’lsa, miq etmaysan. Joningga tegishsa, bir sakraysan-u, tepkilayotganni nari irg’itib yuborasan. Faqat g’alati zamonda tug’ilganim ba’zida alam qiladi. Ota-buvalarim zamoni bo’lganda-yu, meni jin urmasdi. Nega deganda, u zamonlar ko’prikdan faqat ot-eshak arava o’tgan. Bir qaltiragansan-u, tek qotgansan. Bu zamonda esa filday-filday mashinalar, buldozerlar belingni sindirguday bo’kirib o’tarkan. Bukchayi-ib ketasan-u, tushingni suvga aytib turaverarkansan. Sababi, dardingni suvdan bo’lak hech kim eshitmaydi. Ko’p marta ustun og’alarga mo’ltiradim, ularga pastdan turib umidvor boqdim. Pisand qilishmadimi, ensa qotirishdan nariga o’tishmadi. Ikki yonimni band qilvolgan joni qayoqdagi tutdan bo’lmish taxtavoylarga qo’shilib meni askiya qilganlari qoldi.
Mayli, ishqilib yolg’iz jonim omon bo’lsin, dedim!
Ilon
Bu yolg’onchi dunyoda kim aldanmabdi, dar qolmabdi, kimning boshiga savdo tushmabdi deysiz. Mendek yog’ochtan yigit ham qachonlardir pand yeganman. Qo’ynimda ilon, qurt, chayonlarni asraganman. Bilsam asramasdim-a, ular meni chalg’itib bag’rimga kirib olishgan-da! Oldiniga jonim rohatlandi. Har kunimni ayshu-ishratda o’tkazdim desam, ishonavering. Ayniqsa, ilonlar quchog’imni to’ldirib to’lg’onganda yog’day erib ketganlarim hali-hali esimda. Ular biri qo’yib biri sirg’algancha bor bo’yimga o’ralib olishardi. Ilonlarning nimasidir tanimga orom bergandek bo’lardi-yu, xayolan yettinchi osmonlarda parvoz qilardim. Taxtavoyligimni butkul unutardim. O’zimni go’yo novdaga, mevaga, jozibasi har kimning ko’zini o’ynatgulik yashil yaproqli giloslarga, o’riklarga, olchalarga mengzardim…
Ahmoq ekanman. Ilonlar menga vafo qilmadi. G’aflatda qolganimdan foydalanib, ko’ksimni yumdalashdi, tirmalashdi, bag’rimni kemtik qilishdi. O’zlari uddalay olishmaganda, chayonlarga, qurt-qumursqalarga muqom qilib bo’lsa-da, bag’rimni abgor etishdi. E, qisqasi, gulday yoshligimni, bor-budimni tortib olib, juftakni rostlashdi. Ilondan insofsizi bo’lmaskan. Yaqinda eshitib qoldim. Mening bag’rimga kirib qachonlardir to’lg’ongan chipor ilon hozir yoshginasini topib olganmish. Bet deganiyam yo’q ekan-da!..
Xudoyo erkakni ilon ishvasidan asrasin, oka!
Men hech kimga kerakmasmanmi?
Bunisiyam holva ekan. Yosh o’tgani sayin taxtalaram mo’rtlashib qolarkan. Mana, yuzlar sarg’aydi, ko’zlar paxtalashadigan bo’ldi. Badanni cho’tir bosdi. Jussa qurmag’ur birov ustingga chiqsa, sirpanib ketar holatda noziklashdi.
Bel bukchaygancha atrofni kuzataman. Turib-turib, mudray boshlayman. Qurt-qumursqa ustimga chiqib ketsayam bezillayman. Mashina kelayotganini ko’rsam-ku, ado bo’lay deyman. Nafasimni ichga yutgancha tosh qotaman.
Faqat ba’zida uzoqda jodugar ilonlar to’dasi o’rmalab yurganini ko’raman. Shugina sal ko’zga dam beradi. Tanalari tovlanishini ko’rib zavq olganday bo’laman. Ularning o’tmishda ko’rsatgan jafolari yodimgayam kelmaydi. Qarang, yosh o’tgandan keyin go’zallikni uzoqdan tomosha qilish ham ko’zni quvnataverarkan…
Lekin baribir o’ylanib qolarkansan. Yashash yaxshi-da! Bel bukchaysayam, tanni qo’tir, cho’tir bossayam Taxtavoy akangiz pensiya yoshiga yetishni orzulaydi. Mushtdaygina joy berishsa-yu, o’sha yerga tashlab qo’yishsa. Pensiya gashtini o’sha makonda surib yotsang, o’lsangam armon qolmasdi.
O’tgan kuni munday bir boshimni ko’tarib Ustunboy og’alarga maslahat soldim.
— Og’alar, — dedim inqilla-inqillay. «Nega inqillading?» deysizmi? O’sha mahal ustimdan «Traktor» o’tib ketuvdi. Endi belni to’g’rilab, nafas rostlovdim. — Menam kap-katta bo’p qolibman shekilli! Kottakonlarga aytsangiz, pensiyaga chiqarsa! Bir burchakdan tinchgina joy berishsa! Keksalik gashtini surish orzum edi! Harqalay, sizlarning hurmatingiz bor, gapingiz keskir!..
— Namuncha shoshmasang? — urishib berishdi Ustunboy og’alar baravariga. — Sabr qil! Ishingni bil! Agar beling sinib, hov anavi zovurga qulab tushmasang, albatta pensiyaga chiqasan!..
Alam qildi. Ammo ilojim qancha? Hammasi mana shu Ustunboy og’alarga bog’liq. Kottakonlar faqat ularga quloq soladi.
Eh, ishqilib, ajoyib kunlarning birida traktorning tagida qolmayin. Belim sinib zovurga qulamayin!
Olimjon HAYIT