KUN KULGISI…

* * *

Bog’cha yoshidagi bolalar bir-biriga maqtanyapti:

— Mening dadam «Ayfon» sotib oldi.

— Mening dadam esa, «Mersedes» sotib oldi.

— E, mening dadam kecha bozordan mana mu-unday kalamush opkeldi.

Hamma bolalar baravariga:

— Yo’g’-e-e!!! Yur, ko’rsat-chi!!!

* * *

Askar kazarmada astoydil xat yozyapti. Boshqa bir askar yaqin kelib so’radi:

— Xat yozyapsanmi?

— Ha.

— Oyinggami?

— Oyimga.

— Iltimos, mengayam printerdan bitta nusxa chiqarib ber!

* * *

Sobiq askarning esdaliklaridan:

— Armiyaga bormasdan oldin juda yaxshi uxlardim. Chunki bizni askarlar qo’riqlashini bilardim. O’zim armiyaga borgach, kam uxlaydigan bo’ldim. Xalqimni qo’riqladim. Armiyadan uyga qaytgach, umuman uxlay olmaydigan bo’ldim. Nega deysizmi? Sababi, bizni kimlar qanday qo’riqlashini yaxshi bilaman.

* * *

Bemor vrachga dedi:

— Do’xtir, mendan boshqa kasal qidira qoling! Hozirgi topganingiz ja qimmat ekan!

* * *

Hamshira palatalardan biriga kirib, uxlayotgan bemorni uyg’ota boshladi:

— Bemor, turing! Be-emor, turing dedim! Ko’zingizni ocha qolsangiz-chi, bemor!

Bemor zo’rg’a ko’zini ochib so’radi:

— Nima gap, singlim? Tinchlikmi?

— Tinchlik. Sizga uyqu dori opkeldim, turing, ichib oling!

* * *

Besh yashar bolakay oshxonadan zalga yig’lagancha kirib bordi. Ota so’radi:

— Nima bo’ldi, o’g’lim? Nega yig’layapsan?

Bolakay oshxona tarafni ko’rsatib dedi:

— Xotinchangiz bilan janjalashib qoldim.

* * *

Xaker do’stiga dedi:

— Bugun o’g’limning tug’ilgan kuni!

— O’, bayram ekan-da! Necha yosh bo’ldi o’g’ling?

— Bugun roppa-rosa 1024 kunlik bo’ldi.

* * *

Homilador ayol o’g’lidan so’radi:

— Singling bo’lishini istarmiding, yo ukangmi?

— Agar sizga og’irlik qilmasa, velosipedim bo’lishini istardim.

* * *

Bir ayol juda e’tiborsiz ekan-u, tug’ishga qarshi dori bilan tinchlantiruvchi dorini doim chalkashtirib yuboraverarkan…

Hozir uning sakkizta bolasi bor. O’zi juda-juda beg’am!

* * *

Do’kondagi sotuvchidan savolingizga faqat «Ha» degan javobni eshitishni istaysizmi? U holda sekin peshtaxtaga yaqin boring-da, ko’karib ketgan go’shtni ko’rsatib so’rang:

— Yangi kelganmi?

Olimjon HAYIT tayyorladi