Turkmanistonda politsiya turar joy binolarida reydlar o’tkazmoqda. Uchastka inspektorlari va kuch ishlatish salohiyatiga ega idoralarning xodimlari prezident surati tushirilgan gazetalarni topish maqsadida hojatxonalarni tekshirmoqda. Kimning uyidagi hojatxonalardan Gurbanguli Berdimuhamedov surati aks etgan gazeta topilsa, ishdan bo’shatish va ma’muriy javobgarlikka tortilishlari borasida po’pisa qilinmoqda, deb xabar beradi “Nastoyaщee vremya”ga asosan Sof.uz.
Prezident surati aks etgan gazetalardan hojatxona qog’ozi sifatida foydalanilayotgani bilan bog’liq muammolar haqida ilk bor mart oyida aytilgan edi. O’shanda maktab hojatxonasidan prezident surati bo’lgan gazeta topilganidan so’ng maktablardan birining direktori “o’ziga topshirilgan vazifalarni bajara olmaganlik” aybi bilan mansabidan bo’shatilgan edi. Shundan so’ng tekshiruvlar ommaviy tarzda o’tkazila boshlandi. Mintaqa rasmiylari izohlardan voz kechishmoqda.
Prezidentning ifloslangan suratlarini turar joy mavzelaridagi chiqindixonalardan izlash borasida uchastka inspektorlariga ham topshiriq berildi. Har bir chiqindixonaga maxsus nazoratchilar biriktirildi, ular chiqindilarni tekshirishlari, gazetalardan ifloslangan suratni qidirishlari, agarda shunday gazetalar topilsa, gazeta chiqqan uy va xonadonni aniqlab tegishli idoralarga xabar berishlari kerak bo’ladi.
Turkmanistonda muntazam ravishda 62 nashr bosmadan chiqadi. Ular orasida mustaqil nashrlar yo’q — ularning hammasi prezident va uning ma’muriyati bilan bog’liq. Har bir gazeta yoki jurnal birinchi sahifasida davlat rahbarining suratini bosishga majbur. Gazetalarning har bir sonida prezidentning kamida ikkita surati bosiladi, bayram kunlari esa Gurbanguli Berdimuhamedovning siymosi har bir sahifada ko’rinishi kerak. Bu nashrlarga obuna — ixtiyoriy-majburiy.
Har bir nashr uchun obuna bir yilga o’rtacha 60 manatni tashkil qiladi, bu rasmiy kurs bo’yicha 18 dollarni, qora bozor kursi bo’yicha – 3 dollarni tashkil qiladi. Mamlakatda o’rtacha daromad – 800-900 manat bo’lib, ya’ni bitta nashr uchun obuna bitta oylik maoshning kamida 10% tashkil qiladi. Biroq bu pulga oddiy hojatxona qog’ozini xarid qilib bo’lmaydi. Bu mahsulot faqat Ashxobodda sotiladi va bitta ruloni – 5-6 manat turadi, shu tariqa hojatxona qog’ozi hashamat jihoziga aylangan.