Facebook orqali bo’lishish
Twitter orqali bo’lishish
G’ARIB JURNALISTNING KO’RGAN-KEChIRGANLARI
* * *
Xuddi bizning zamonda derazalari qulab tushayozgan, vannaxonasidagi trubalardan yelkaga chakka tomib turguvchi, oshxonasidan suvarak arimaydigan, balkonsiz, zax hidi ufurib turguvchi «odnushka»da ojiz-u notavon, g’aribdan g’arib shoir, jurnalist yashagan ekan. U kunlarning birida yarim kechasi hovliga chiqib tiz cho’kibdi-yu, xudoga nola qila boshlabdi.
— Xudoyim, yuz ming so’m ber, oylikkacha yetvolay! Ammo… Aytib qo’yay, 99 ming 999 so’m bersangam olmayman!..
O’sha mahal devorning narigi tarafida yashovchi boyvachcha fermer qo’shnisi jurnalistning nolasini eshitib qolibdi va sinab ko’rish niyatida xaltachaga 99 ming 999 so’mni solib devordan asta tashlab qo’yibdi. Jurnalist nola cheka-cheka qarasa, yonginasida xaltacha paydo bo’libdi. Shoshib ichini ochsa, pul. Sanab ko’ribdi. 99 ming 999 so’m ekan.
— 99 ming 999 so’mni bergan xudo bir so’mniyam berib qolar! — debdi-yu, uyga ravona bo’libdi. Boy fermer qo’shnisi kuzatib turgan ekan. Jon-poni chiqqudek bo’lib yugurgancha jurnalistnikiga chiqib baqira ketibdi.
— Siz xudoga nola qilib, «Ey xudo, yuz ming so’m ber, 99 ming 999 so’m bersangam olmayman», deganingizni eshitib, sizni sinab ko’rmoqchi bo’lgandim. Bu pullar meniki!
— Ie, — debdi g’arib jurnalist. — Bu pullarni xudo berdi. Men yerdan hatto itlarning oyog’i uzilgan mahal xudoyimga nola qilib so’ragandim. Mana, berdi!
— Bunaqasi ketmaydi, — debdi g’ijinib boy fermer qo’shnisi. — Sudga boramiz. Sudya ajrim qilsin!
— Sudga? — debdi yelka qisib g’arib jurnalist. — Sudga borish uchun yangi kiyimim ham, ulovim ham yo’q. Men sudyaning oldida sharmanda bo’lishni xohlamayman!..
Boy fermer qo’shnisi azbaroyi alamiga chiday olmay, unga yangi bosh-oyoq sarpo, mashina hadya qilibdi. Ular sudga borishibdi.
— Janob sudya, — debdi boy fermer qo’shnisi. — Manavi odam nuqul xudodan «Xudoyim, yuz ming so’m ber! 99 ming 999 so’m bersangam olmayman!», deyavergani uchun sinab ko’rmoqchi bo’lib xaltachaga 99 ming 999 so’mni joylagandim va devorning narigi tarafiga irg’itgandim. Endi pul meniki desam tan olmayapti. Pullarni menga xudo berdi deb turib oldi.
Sudya g’arib jurnalistga yuzlanib so’rabdi:
— O’rtoq jurnalist, qo’shnining gaplari rostmi?
— Janob sudya, — debdi g’arib jurnalist. — Qo’yib bersangiz, bu yaramas manavi ustimdagi kiyimlar, hovlida turgan mashinaniyam meniki deydi!..
Bu gapni eshitgan boy fermer qo’shnisi jonholatda tiz cho’kibdi-yu, qichqiribdi.
— Ha-a, kiyimlariniyam, hovlidagi mashinaniyam men olib berdim, men!!!
Sudya bir qarorga kelibdi. Boy fermer qo’shnini po’pisalab haydabdi. G’arib jurnalistni esa tavoze bilan kuzatib qo’yibdi.
Ammo… Tashqariga chiqayotganda, g’arib jurnalistning ojiz-u notavonligi tutibmi, yo boshqa sabab bo’libmi, boshini eshik kesakisiga urib olibdi. Chunonam uribdiki…
Ko’zlaridan o’t chiqib ketayozibdi.
Zarba miyasini chayqay-chayqay, ko’zlarini kattaroq ochibdi.
Ne ko’z bilan ko’rsinki, u o’zining derazalari qulab tushayozgan, vannaxonasidagi trubalardan yelkaga suv tomchilab turguvchi, oshxonasidan suvarak arimaydigan, balkonsiz «odnushka»sidagi karavotda yotgan ekan.
Ko’rgan-kechirganlarining barchasi tush bo’lib chiqibdi.
Shosha-pisha o’rnidan turib telefoniga yopishibdi.
Oh, xudoyim! Qanchalar mehribonsan!!!
Qo’llari dard ko’rmasin!
Xudo xayrlarini bersin!
Ishxonasidagi buxgalterlar odatga ko’ra maoshining yarmisini plastik kartochkasiga tashlab qo’yishibdi. Ura!!!
Olimjon HAYIT