BI-IR KULIShMAYMIZMI, OKA?.. (so'z ustasi, marhum Rustam Hamroqulov bisotidan)

 

 

***

 

Bir okamiz mehmonga boribdi. Mehmondorchilik shunaqangi quyuq bo’ptiki, qaytishda to’y egalari ko’plashib arang «Jiguli»siga o’tqazib kuzatishibdi. Okamiz ilon izi qilib yo’lning u chetidan bu chetiga o’tgancha ketayotsa, yo’l chetida avtoinspektor turgan ekan. Hushtagini chalib okaxonni to’xtatibdi.

— H-ha, nima deysizlar? — so’rabdi okaxon. — Turibsizlarmi?

— Ha, turibmiz, — debdi inspektor. — Hujjatlarni bir ko’rib qo’yaylik-chi!

Okaxon hujjatni olib uning qo’liga tutqazgan ekan, inspektor so’rabdi:

— Ichibsizmi, oka?

— Nima? Ichibsiz? Biz… Ichmaymiz. Hazar qilamiz. Umuman ichmaymiz.

— Shunaqami? Bilasizmi, yaqinda bizga yangi yaponcha uskuna berishgandi. Bir «puf»lab yuborasiz-da, endi, xizmatchilik!

— Puflasak puflayveramiz!

Okaxon uskunani og’ziga yaqin opkelib, bir marta «puf-f-f» degan ekan, juda chiroyli musiqa chalinib, uskuna odam tilida gapiribdi:

— Okaxon ichganlar. Uch butilka aroqni paqqos tushirib, gazagiga sho’r bodring yeganlar!

Inspektor shundan keyin shoshib qopti.

— Ana, ichibsiz, oka! Mashinadan tushing, «shtrafstoyanka»ga tortamiz mashinani!

— E, nima deyapsiz? Umuman ichmayman men! Kecha birontasiga puflatgan bo’lsangiz, bugun chiqarayotgan bo’lsa kerak. Uskunangiz buzuq shekilli. Menga qara, xotin, bir puflavor, uskunasi buzuqligini isbotlavoraylik!

Yangayam bir puflagan ekan, uskunadan yoqimli musiqa yangrab, yana odam tilida gapira boshlabdi:

— Yangam ham rosa tortganlar! Ikki shisha shampan sharobini Saodatxon, Gulchehralar bilan birga ichganlar! Gazagiga shokolad yeganlar.

— Ana, — debdi inspektor. — Oilaviy mast ekansizlar! Tushinglar!

— E, nimaga ishonmaysiz? — baqiribdi okaxon. — Uskunangiz buzuq deyapman-ku! Mayli, ana, o’g’lim ham bir puflasin! Buzuqligini ko’rasiz o’zingiz! Abdusattor, kel, o’g’lim, bir puflavor! Amaking ishonmayapti!

Orqa o’rindiqda bog’chaga borib-bormagan bolakay o’tirgan ekan. Bir marta puflaganakan, uskunadan tag’in yoqimli musiqa yangrab, odam tilida gapira boshlabdi:

— Abdusattor xo’roz ham rosa tortganlar. Yuz gramm aroq ichganlar, gazagiga so’rg’ich so’rganlar!

Shundan keyin inspektor ham hayron bo’p qopti. Uskunani aylantirib-aylantirib, o’zicha g’udranibdi:

— Qiziq, yaponcha uskunayam buzuq bo’larkanmi? Yaramas yaponlaram xalturaga o’tibdi-da!.. Mayli, oka, ketaveringlar! Faqat yo’lning chetidan yuringlar! Buni ertaga ustaga ko’rsatvolamiz!

Okaxon mashinasini joyidan jildirib, ancha narilab ketgach, xotiniga baqiribdi:

— Nuqul yosh bolaga ichirma, ichirma deysan! Foydasi bo’larkanmi?

O. HAYIT tayyorladi