XITOYShIPPAK

(hajviya)

Tashlandiq

Hozirgi basharamga qaramay qo’ya qoling. Qarasangiz, yo ensangiz qotadi, basharti insofli odam bo’lsangiz, azbaroyi achinganingizdan bosh chayqaysiz. Bu esa menday xitoyshippakka og’ir botishi mumkin, oka. Shunday ekan, aftimga ko’z qiringiz tushdimi, darrov ters o’giriling. Tag’in… Shu kunim sizgayam yuqib qolmasin! Tuf-tuf-tuf-f-f-ey!..

E-e-e, dardimni kimga aytishniyam bilmayman. Chang, is, yana allambalolalar in qurgan pod’yezdda qolib ketganman. O’tgan-ketgan tepib hali u bo’sag’a, hali bu bo’sag’aga irg’itadi. «Savilning joni qattiq ekan-a, yo’qolsin deb shuncha tepsak ham daf bo’lmaydi-ya!», deydiganlar-chi!?. Qaniydi, yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsam! Shalviragancha g’oyibdan panoh kuti-ib, yotaveraman. Ajabmas, men sho’rlikkayam rahm qiladigan, mehr ko’rsatadigani topilib qolsa!..

Kim kimni o’padi?

Ha-a, mening ajdodlarim, ota-buva-yu, amma-xolalarim ja kiroyilar xilidan bo’lishgan. Hali Afriqo, hali Amriqolardan kelib ularni tomosha qilishgan, havas qilib, irimiga kaftlarini ishqalashgan-u, ko’zlariga surishgan…

Faqat aytib qo’yay, mening erkakligimni unutib qo’ymang. Mabodo ko’nglingizdan shunga o’xshash fikr kechgan bo’lsa, tavba qiling! Nega deganda, men rostakamiga erkak bo’lib tug’ilganman. Lekin negadir meni qiz-juvonlar sotib olaverishadi. Balki buyam taqdir-peshonadir…

Xullas, bir narsa sira esimdan chiqmaydi. Bozorning to’rida savlat to’kib turaman-u, haligiday… Qiz-juvonlar ro’paramda to’xtashadi-da, oshig’imi, undanam ortiqrog’imi, ishqilib, yonidagi yigitga meni ko’z-ko’z qila boshlashadi. Uyog’imni siypalashadi, buyog’imni aylanib ko’rishadi, natija shunday bo’ladiki, haligi oshiq deganlari cho’ntak kovlashga majbur bo’ladi. Ana undan keyin ma’shuqa opamiz meni ikki qo’llab ko’tarib oladi-da, qo’ltig’igami, ko’ksigami bosib yo’lida ravona bo’ladi. Lokigin uzoqqa bormaydi. Menday sersavlat, ketvorgan shippakni kiyib ko’rgisi keladi-da!..

Ana shu tobda qanday voqea yuz beradi? Bilasizmi? Bilib bo’psiz.

Ma’shuqa opamiz oyoqlariga bizday shippakni kiyib olgandan keyin dast qaddini ko’taradi-da, ikki qo’lini beliga tiraydi.

— Xo’sh, yarashdimi? — so’raydi noz aralash lab burib. — Nega baqa bo’p qoldingiz, yaxshi yigit? Yarashibdimi deb so’radim! Alyo-yo-yo!..

Oshiq akamizniyam tushunsa bo’ladi. Rostakamiga baqa bo’lgan-qolgandi. Bir seskanib boshini ko’taradi-yu, xavotir aralash beo’xshov jilmayish qilib, ma’shuqasiga tik boqadi.

— H-ha, judayam yarashibdi! — deydi tutila-tutila. — O’-o’lay agar, qapishib qopti o’zingizga!..

— Unda muhabbatingizni, qoyil qolganingizni, shippak yarashganini isbot qiling!..

Oshiq akamiz bu gapni kutmaganidanmi, kalovlanadi, merovlanib asta ortga tislanadi.

— N-nima qilay? — so’raydi qo’rqa-pisa. — Axir…

— O’ping!

— Q-qaeringizni?..

— Voy tovba qildim-ey, munchayam anqovlanasiz? Shippak yarashgan oyog’imni o’ping!..

Xo’sh, endi o’zingizam bir do’ppini yonga olib o’ylab ko’ring-chi! Kim kimni o’padi? O’ylaysizki, o’sha bechora oshiq qizning oyog’ini o’padimi? Hecham-da! U meni o’padi, meni!..

Sho’rvaning ozi yaxshi

Ba’zilar xitoyshippak desa, burnini jiyiradi. Nimaymish, biz «odnorazoviy»mishmiz. Vey, bu so’zning ma’nisini bilasizmi o’zi? Shu gapning mag’zini hech chaqib ko’rganmisiz? O’ylang, mulohaza qiling, go’zallik abadiy bo’lmaydi. Unga bir umr tikilib o’tsangiz, ko’z qamashadi. Mayli, sal to’porichasiga tushuntiray. Xalqda «sho’rvaning ozi yaxshi»degan ajoyib naql bor. Odamlar ahmoqmas, bekordan bekorga aytishmagan bu gapni. Sababi, har kuni uch mahallab sho’rva ichib ko’ring-chi, nima bo’larkin! Me’dangiz qaynab, basharangiz tirishadigan bo’ladi. Bir oydami, o’n besh kundami bir sho’rva pishirtirib ichsangiz, yayraysiz, onadan qayta tug’ilganday bo’lasiz. Sho’rvaning haqiqiy mazasini his qilasiz. Ha endi shunaqa bo’lgandan keyin xulosa chiqaring-da! Bizniyam bir oyda bir marta sotib oling, oyoq degani maza qilvormasa mana men kafil. Aytgancha, yana bir gap bor. Xitoyshippakni oyda bir sotib olib tursangiz, ko’rish qobiliyatingiz yaxshilanarkan. Biz ana shunaqa insonga nafi tegadigan shippaklardanmiz, oka!

Bizniyam unutib qo’ymangla-ar!!!

Shippakniyam yoshi o’tib qolsa, ko’rimsiz, shalpaygan bir buyumga aylanib, bir chetda qolib ketaverarkan. Nima qilay? Peshona-da! Haliyam qarovsiz pod’yezdning bir chetida yotibman. Menga hatto it ham qaramaydi. Qarashning o’rniga dardimga dard qo’shib ketishni bilishadi, xolos. Ana, tunov kuni o’z moyimda o’zim qovrilib yotsam, bir qora it qaerdandir pod’yezdga yugurib kirdi-yu, naq ustimga o’tirib oldi. O’tirsa mayli, biz yuk ko’taraverib o’rganib ketganmiz. Yuzimni sarg’aytirib qo’ydi yaramas. Ohorim ketgani, nazardan qolib xarob bo’lganim yetmasmidi? Bir alam qildi, qo’yib bersa, o’sha itni o’zining tilida akillab qarg’ay dedim.

Aksiga olgandek, sal o’tmay, qo’shni kvartiradan bir to’p qizlar chiqib qolishdi. Oyoqlarida yarqiragan xitoyshippaklar… Shippak qarindoshlarim biram jozibali, biram chiroyli, kiroyi!..

Qizlar to’yga ketishayotgan ekan.

Ko’zim bo’lmasayam qaerlarimdandir yosh sizib chiqdi. Oyoqlar tepkilayverib dabdalasi chiqqan ko’ksim ko’tarilib-ko’tarilib tushdi. Titrab-qaqshagancha ko’cha tarafga qarab baqirdim:

— Hoy-y okalar! Insof qiling! Dardim og’ir! Boshimga mushkul ish tushdi! Nazardan qoldim! Xarob bo’ldim! Nahotki, orangizda biror saxiy, mehribon, diyonatli kishi bo’lmasa? Meniyam tashlab qo’ymasangiz savob bo’lardi. Axir, hozir texnika rivojlanib ketdi! Sal qayta ishlab yuborsangiz, koringizga yarab qolardi-i-im!!!

Olimjon HAYIT