SOG’IN SIGIRNING FERMERGA OChIQ XATI
(hajviya)
Men sharm-hayoli sigirman!
Hurmatli fermerimiz Falonchi Falonchiyevich! Sizga xat bitib, sira xavotirga solmoqchi emasdim. Bilaman, bizsizam ishingiz, tashvishingiz ko’p. Ammo bir voqea sabab bo’lib, tuyog’imni qumga ishqalab bo’lsa-da, xat bitishga majbur ekanimni his etdim.
Bilasiz, men andishali, sharm-hayoli sigirman. Enam Targ’iloy momo rahmatli shunday tarbiyalagan. Shu kungacha siz uchun, sizday jonkuyar fermerning hurmati uchun ko’plab bir-biridan zotdor, chiroyli buzoqchalarni dunyoga keltirdim. Yana takror aytaman, bu ishni faqat sizning hurmatingiz, fermer xo’jaligingiz rivoji uchun qilganman. Aslida men ja buqalarning ketidan chopadigan, ularga ko’z suzadigan sigirmasman. Har qadamimni o’ylab bosaman. Ammo… Ko’ngil ekan. Keyingi kunlarda tinchim yo’qoldi, yuragim kuya boshladi. Turgan yerimda asabiy depsinadigan, nuqul atrofga alanglaydigan bo’p qoldim. Sababini aytaymi? Bilmaysiz-a?.. Albatta, bilmaysiz. Chunki sizning ishingiz ko’p. Bizdaqa sigirlarning ko’nglidan xabardor bo’lishga vaqtingiz yo’q. Shunday bo’lsayam aytaman. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuysayam, aytaman!..
Uchrashuv
Yaqinda ishchilaringiz fermamizga yangi buqa olib kelishdi. Uzoqdan ko’rib qoldim. Ko’rdim-u, ko’zlarim yashnab ketganday bo’ldi. Buqamisan buqa, kelishgan ekan. Dumlari uzun, ola-bulaligi o’ziga juda yarashib tushibdi. Ko’rgandanoq bu buqa xorijlik ekanini angladim. Boya aytdim-ku, ko’ngil ekan. Men azaldan xorijlik buqaga turmushga chiqishni orzulardim. Orzum ushalish arafasida ekaniga shubham qolmadi. Sizday fermer og’amiz borligidan faxrlanib ketdim. Fermer og’am meniyam baxtli qilishga bel boylabdi-da dedim. Quvonganimdan quloqlarim qimirlab ketdi.
Qaysi erkak qulog’iga sirg’a taqadi?
Afsuski… Yaqinroq borib, qo’limni qo’ltig’imga urishga majbur bo’ldim. Ishchilaringiz olib kelgan buqa quloqsiz chiqib qoldi, fermer og’a, ishonavering!
Ha, faqatgina o’ng qulog’i bor ekan-u, ungayam sirg’a taqib qo’yishibdi. Sirg’ani ko’rgach, boshimni eggancha yuzimni ters burgan holda o’yga toldim. «Tavba, nega bunday bo’ldi? Orzumdagi buqaning qulog’iga nega sirg’a taqishdi?» degan o’ylar bag’rimni kemiraverdi. Fermer og’a, faqat meni ahmoqqa yo’ymang, iltimos! Men erkaklarni besh qo’lingizday bilaman. Haqiqiy erkakman degan buqa hech qachon o’ng qulog’iga sirg’a taqmaydi. Sirg’ani haligi… E, aytishgayam uyalaman. Ishqilib, o’shanaqa sigirchalishlar o’ng qulog’iga taqishadi. Qismatim qurib ketsin! Fermani uzzukun aylanib, orzulab, shirin xayollar tufayli ko’pincha ishtaha ochadigan yemlardan quruq qolganim bekor ketdimi? Nahotki, yana baxtim ochilmasa? Qachongacha xashaki, bir-biridan laqma, lattaday bo’sh buqalar bilan suhbatdosh bo’laman? Mening orzum ushalmaydimi?..
Sigirda ham qalb bor!
«Agar Sulaymon tog’ning oldiga bormasa, tog’ uning yoniga boradi» degandi bir paytlar rahmatli enam.
Ishchilaringizning qiynalib ketganini, qaysar va quloqsiz buqani yo’lga solaman deb qora terga botishganini shunchaki tomosha qilib turishga sabrim yetmadi, fermer og’a! O’zim uning qarshisiga bordim-u, andisha va sharm-hayoni unutib qo’ymagan holda asta bosh egdim. Shu lahzalarda qalbimni qanday hislar chulg’ab olganini bilsangiz edi! Quloqsiz bo’lsa-da, xorijlik buqalarni madaniyat, odobiyotdan yaxshi xabardor ekanini ko’p eshitgandim. Mana shu narsa meni hayajonlanishga, hatto buqaning qulog’idagi sirg’aga ham ko’z yumishga majbur qilaverdi. Men shu onlarda o’zimni umrimda ilk bor haqiqiy sigir kabi his etdim. Hatto ora sirada hov narida kavshanayotgan dugonalarimga zimdan qarab olib, baxtimni ko’z-ko’z qilgim keldi.
Nadomatlar bo’lsinki, bu amallarim ham zoe ketdi. Quloqsiz buqa menga nisbatan hech qanday arzirli harakat sodir etmadi. Agar uch-to’rt bor sirg’ali qulog’ini qimirlatib, uzundan-uzun dumini silkitib olganini aytmasa, toshday qotib turaverdi. Ayolman, axir, alamim kelib, sal qursa bu haykaldan battar buqani tepkilab, suzib tashlagim kep ketdi. Nima qilay? Enam meni bunday tarbiya qilmagan. Ko’zlarimdan duv-duv yosh to’kkancha og’ilxona tomon yo’l oldim. Ketib borardim-u, ko’nglim bo’shab-bo’shab ketar, dunyoni boshimga ko’tarib mo»rashdan zo’rg’a o’zimni tiyardim…
Shoir qilib qo’ydi meni muhabbat…
Shu ko’ngilsiz uchrashuvdan so’ng bir haftagacha o’zimga kela olmadim. Mushtday yuragimni hijron va alam o’ti betinim kuydiraverdi. Telba muhabbat hatto sigirniyam shoirsifat qip qo’yarkan. Xayolimda shoirning bir she’ri aylanaverdi. Ba’zan shu she’rni tashqariga chiqib xuddi o’sha, meni hijron-u alamlar domiga tashlab qo’ygan quloqsiz buqaga qarata barala aytgim keladi. Biroq andisha yo’l bermaydi. Shuning uchun o’sha she’rdan bir parchasini ochiq xatimga qo’shishga qaror qildim. Mana, o’qib ko’ring, hurmatli fermerimiz Falonchi Falonchiyevich!
Xo’rlayvermang, mening ham uvolim bor,
Bir kuni izimni izlab qolasiz.
Qadrim o’tganida ey holi abgor,
Ortimdan mung’ayib yig’lab qolasiz,
Men ketgandan so’ng meni izlab qolasiz.
Bir-bir xotirlaysiz qizg’onchiq qizni,
Va burchakda yig’lab o’tirgan hisni,
Sizni qiynamasmu sog’inchning husni?
Kushxona qoshida bo’zlab qolasiz,
Men ketgandan so’ng meni izlab qolasiz…
Xullas kalom, fermer og’a, men hamon muhabbatning zahru zaqqumlarini totgancha qiynalmoqdaman. Quloqsiz buqani ko’rganimda, bag’rim tig’lanadi, ko’zlarimga fermangiz tor ko’rinib ketadi. Oyoqosti qilingan muhabbatimni ko’ksimga bosgancha alam va nafrat iskanjasida yashab kelmoqdaman. Bilmadim, bu taxlit yana qancha yashab, qancha bardosh aylay olarkanman. Menga qorong’u! Ammo qalbimni kelajakka bo’lgan ishonch hissi tark etganicha yo’q. Bir kunmas bir kun baxtim kulishiga, xorijlik shu quloqsiz buqaning haqiqiy erkakka aylanishiga negadir ishongim kelaveradi.
Siz esa, fermer og’a, bir gapni qulog’ingizga quyib oling! Siz mening tuyg’ularim bilan o’ynashib qo’ydingiz. Endi masalani mening foydamga hal etmas ekansiz, ustingizdan yuqori tashkilotlarga arz qilaman.
Sizga alam va nafrat bilan sog’in sigiringiz: Xalcha XON.
Olimjon HAYIT