* * *
— Bir kunda 20 kiloga ozish uchun nima qilish kerak?
— Bir haftada qanday qilib millioner bo’lib ketish mumkin?
Shu va boshqa narsalar haqida siz «Xudo biladi» degan jurnalimizni o’qib bilib olasiz.
* * *
— Dadasi, o’g’lingizga ayting, vannaxonada bunchalik uzoq o’tirmasin!
— Ie, qiziqmisan? Axir, o’g’limiz santexnik-ku!
* * *
— Biz Toshkanda, mana, uchinchi marotaba bo’lishimiz, to’g’rimi?
— Ha, bu shahar bizga xuddi otadek qadrdon bo’lib qoldi.
— Unda, kel, ikkalamiz baravar baqiramiz!
— Bo’pti.
— Ota-a, pul beri-ing!!!
* * *
— Farida, menga turmushga chiqishni taklif etsam, nima deb javob berarding?
— Bilmadim. Men bir vaqtning o’zida ham gapirib, ham kula olmayman.
* * *
Vrach bemor qizning kasallik varaqasini to’ldirayotib so’radi:
— Yoshingiz nechada?
— Yigirma va bir necha oy.
— Necha oy?
— Bir yuz to’qson olti oy!
* * *
— Men hazillashishni juda yaxshi ko’raman. Ishxonada hamkasblar bilan o’tirib hazillashaveramiz, hazillashaveramiz…
— Kim bo’lib ishlaysiz?
— Deputatman.
* * *
Etmish yoshga kirgan ikki gruzin gaplashib o’tirishardi. Biri ikkinchisiga dedi:
— Og’ayni, men qirq yil oldin qanday kuchli bo’lsam, hozir ham shunday kuchliman.
— Yo’g’-e!..
— Ha, anavi toshni ko’ryapsanmi?
— Ha, ko’ryapman. Nima bo’pti?
— O’sha toshni qirq yil oldin ham ko’tarolmasdim, hozir ham ko’tarolmayman.
* * *
— Allo, bu soliq inspeksiyasimi?
— Ha.
Go’shak joyiga qo’yildi. Yarim soatdan so’ng:
— Allo, bu soliq inspeksiyasimi?
— Ha, nimaydi?
— Shunchaki… Idorangizni yarim soat oldin portlatishlari lozim edi… Shuni aniqlamoqchi edim…
* * *
Nemis, fransuz va o’zbek uchrashib qolishdi.
Nemis:
— Biznikilar sigirni tovuq bilan chatishtirishdi. Endi sut, tuxumlarga joy topolmay xalakmiz.
Fransuz:
— Biznikilar esa asalarini pashsha bilan chatishtirishgandi. Endi u axlatxonalarda uchib yursa ham baribir asal olib kelyapti.
O’zbek:
— E, bu nima bo’pti?.. Yaqinda biz suvarak bilan tarvuzni chatishtirdik. Endi tarvuzni so’yishing bilan danaklari o’z oyog’i bilan yugurib chiqib ketishyapti.
* * *
Ikki talaba tramvaydan tushib yotoqxona tomon ketib borishardi. Biri to’satdan to’xtab cho’ntaklarini kovlashtira boshladi.
— Ha, nima bo’ldi?
— Tramvay chiptasini yo’qotib qo’ydim.
— Nima qipti? Shungayam qayg’urib o’tirasanmi?
— Ie, kechki ovqatni o’sha chiptaga o’rab qo’ygandim-da!
Olimjon HAYIT tayyorladi