04: 00 da: Oyparastlar uchun «Osmondagi oyimdan, tomorqadagi loyimdan» ko’rsatuvi;
05: 00 da: Farg’ona vodiysi nonvoylari faoliyati haqida hikoya qiluvchi «Ustoz-shogird» turkumidan «O’v, tandirni qizitmabsan-ku, qizitaloq! Bir urib chalpak qip qo’yaymi?» deb nomlangan telefilm efirga uzatiladi;
06: 30 da: Ko’p xotinli erkaklar uchun «Imperator» ko’rsatuvi;
08: 00 dan 10: 00 gacha tanaffus;
10: 00 da: Suvoqchilarga bag’ishlangan «Gar andavang soz bo’lsa…» ko’rsatuvi namoyish etiladi;
11: 00 da: Qashshoq va yurak kasaliga yo’liqqanlar talabiga ko’ra, «Eshiklar yopiladi, keyingi mehmon gazchilarmish» ko’rsatuvini tomosha qilasiz;
12: 45 da: Jamiyat uchun illat hisoblanmish fohishabozlikka qarshi kurash doirasidagi «Tungi kapalak — bu arvoh kapalak» ko’rsatuvi;
13: 45 dan 18: 00 gacha profilaktika;
18: 00 da: Havaskor shoira Oybegim Quyoshbek qizi o’zining «Hm-m… Savil-ey» deb nomlangan yangi she’rini she’riyat muxlislariga havola etadi;
18: 30 da: Qandli diabet xastaligini bartaraf etish masalasiga bag’ishlangan «Shakarim» ko’rsatuvi efirga chiqadi. Ko’rsatuvda tibbiyot fanlari nomzodi Asalxon Orzuqilovna ishtirok etadi;
19: 30 da: «Siz uy hayvonlarini sevasizmi?» ko’rsatuvini tomosha qiling. Ko’rsatuvni xorijlik yetuk mutaxassis Kim Sen It xonim olib boradi;
20: 30 da: «Suvaraklardan qanday qutulay?..» Bu ko’rsatuvda yetuk mutaxassis Stas Saranchayevning qimmatli maslahatlarini tinglaysiz.
22: 00 da: Otarchilar hayotiga bag’ishlangan «Tomsuvoqqa xushim yo’q» tahliliy ko’rsatuvini e’tiboringizga havola etamiz. Ko’rsatuv davomida aynan otarchilarimizning jonli qo’shiqlaridan ham tinglash baxtiga musharraf bo’lasiz.
01: 00 da: Uyqusizlik kasaliga yo’liqqanlar uchun «Xayrli tong, xayrli tong va yana xayrli tong… Yoki Olimtoy, qo’radagi qo’ylar nechtaykan?» hajviy telejurnalimizni miriqib tomosha qiling.
Olimjon HAYIT