JON-JONLAR JANGI
(hajviya)
O’zimning nozik yuragim-ey!
Hay, mullaka, ohimga qachon quloq solasiz? Qarang, quloq tuting, hammayog’im tortishib ketyapti. Nafas olsam ham, chiqarsam ham qandaydir tovushlar paydo bo’lyapti. Bu yaxshilikkamas-ov, mullaka, tezroq do’xtirga choping! Voy, xudoga shukr-ey, meni tushungan odamning sadaqasi ketsa arziydi. Ko’rdingizmi, do’xtir bilmasa gapirmaydi. Infarkt, ishimiya, stenokardiya… O’h-ho’, o’lmagan mening jonim ekan-da, oka! Shuncha dardingizni yelkamga ortmoqlab olib ham miq etmadingiz-a?.. Xayriyat, endi hammasi o’tib ketadi. Nasib bo’lsa, hoziroq borib dorilarni sotvoling-da, ketma-ketiga iching! Axir, menam birpas orom olay-da! Nima? Pul ketadi? Ho’v, okaginam, sog’lom yurakning oldida pul nima bo’pti? Yo meni deng, yo pulni!.. Rahmat, behad xursand qildingiz! Va’da beraman, agar do’xtir yozib bergan dorilarning hammasini menga ichirsangiz, o’sha kuniyoq boplab raqs tushib beraman!..
Qalaysan, jigar?
Okajon, ko’nglingizga olmang-u, lekin sizdan biroz xafaman. Oy chiqsayam, kun chiqsayam yurakka ekan-da! Axir o’sha nozikoy yurakchangiz bilan bir ariqdan suv ichamiz! Mazali, jonga rohat beradigan shirin-shirin dorilarga to’ydiryapsiz. Biz-chi? Yerdan chiqqan qo’ziqorinmizmi? Mana, ishlayverib, yaxshi-yomon kunlaringizda qamishdan bel boylab xizmat qilaverib hammayog’im shilinib, shishib ketdi. Meniyam haqim bor o’sha shirin dorilardan tatib ko’rishga!.. Nima? Voy, borasizmi do’xtirga? Meniyam davolatasizmi? Dam oldirasizmi? Rahma-at, xo’jayin, rahmat! E, agar shirin dori bersangiz, eshakday ishlamagan nomard!
O’pka o’pkalaganda…
Qo’ying-e, doda, meni bitta pufakchaligam ko’rmay qo’ygansiz. Lokigin men pufakka o’xshab teshilganimcha yo’q. Mix tegsayam, tig’ sanchilsayam turib beradigan holim bor. Sizning rohatingizni o’ylab tinim bilmayman. Tanam zo’riqib lag’monday cho’zilib-cho’zilib ketgandayam miq etmadim. Shu yurak, jigarchangizchalik qadrim yo’qmi, doda? Menga ko’p narsa kerakmas. Uni obering, buni bering deb xit qiladigan odatim ham yo’q. Bir marta o’sha do’xtirlariga uchrab, hech qursa uch-to’rt karra «nafas, nafas» degizdirib qo’ysangiz, boshim osmonga yetardi…
Xayriyat, tushundingiz! Men uchunam qayg’urishingizga, meni yaxshi ko’rishingizga ishonardim. Iloyim, sizni «puf-puf»lab qolishdan xudoning o’zi asrasin, doda!
Voy belim-ey-y-y!!!
Voy-do-od, o’lar bo’lsam o’lib bo’lde-em!!! Jonim og’rib ketyapti-ku, xo’jayin! Qanaqa noinsof odamsiz o’zi? Yoshi ellikka yaqinlagan odam nari borsa «Munojot»ga o’ynaydi-ku! Kayfim chog’ ekan deb «Andijon polkasi»ga sakrashni kim qo’yibdi? Meni o’ylamadingizmi? Allaqachon mo’rtlashib qolganim esingizdan chiqdimi? Endi sizga sira yordam bera olmayman. Agar boshimni baland ko’tarib yashayman desangiz, og’rigan joylarimga malham surdiring! Nima? Qaerdan olaman? Ho’v oka, yurak, jigarlarning g’amini yeyishga ustasiz, belga kelganda bosh qashiysizmi? Belning hurmati yo’qmi?.. Mana bu boshqa gap. Ko’rdingizmi, do’xtiringiz qanday ajoyib malhamlarni yozib berdi?!. Tashakkur sizga, xo’jayin! Shu safargi mehringizni o’la o’lgunimcha unutmayman!..
«Bu-uv-vvirak»
Otimizni buzib chaqirsangiz indamasdik. «Hay, og’a, buvvirakmas, otimiz buyrak», degimiz kelardi, hurmatingizni qilib til tishlardik. Mana, bugun ichimizda borini aytamiz, dardimiz ichimizda qolib ketmaydi. Xullas, og’a, qanchasiga yaxshilik qilib tashladingiz. Eng qimmat sharbatlar-u, malhamlargacha olib yedirdingiz. Ammo biz xayolingizgayam kelmadik. Egizim ikkalamiz hazilakam xizmatingizni qildikmi? Suv kelsa simirdik, tosh kelsa kemirdik. Axir… Bizam temirdanmasmiz. Bizdayam bittadangina jon bor. Bizniyam jonimiz o’zimizga kerak. Qolaversa, bizsiz sizniyam holingizga maymunlar yig’lashi tayin. Shunday ekan, qo’ni-qo’shniga ko’rsatgan muruvvatlaringizni biz bilan ham baham ko’rasiz. Yo’qsa, ishlashdan bosh tortamiz! Arizamizni yozamiz-u, hamma xizmatni yig’ishtiramiz-qo’yamiz…
Oh, okaginam-ey! «Hechdan ko’ra kech», deb shunga aytadilar-da-a? Ja tushungan odamsiz-da! Rahmat! Ishoning, do’xtirlarga yozdirib, dorixonadan olgan shirin-shakar dorilaringizni ichib tugatishimiz bilan qamishdan bel boylab xizmatingizga kirishamiz. Biz g’ariblargayam picha dam berganingiz, izzat ko’rsatganingiz uchun tasanno!
Uyimni buzma, uying kuygur!
Vey, meni asab deb qo’yishibdi! Hozir-chi achchig’im chiqib turibdi. Hammangning abjag’ingni chiqarvoraman bekor! He sendaqa churvaqalardan o’rgildim! Nima? Nima deding? Chatoq dedingmi? Beriroq kel, beriroq! Bir urib enangni to’raqo’rg’ondan ko’rsatmasam, otimni boshqa qo’yaman! Nima, men yetimmidim? Jindekkina, usti yaltiroq narsa bilan o’ralgan malhamchalardan bersang kamayib qolasanmi? Ana, boyagi pakana do’xtir ro’yxat qilib berdi-ku! Odamgarchilik yuzasidan o’shalarni men uchun sotib olsang, asakang ketadimi? Vey, aytganim bo’lmasa-chi, kuningni ko’rsataman, ha! Xotiningni qo’ydiraman, uyingni yondiraman, oyog’ingga qizil latta boylataman-u, o’zingni jinnixonaga tashlattiraman. Men bilan pachakilashma, og’ayni! Tinchgina ko’nglimga qara!..
Bu boshqa gap. Bo’larkan-ku! Uf-f, sen bilan olishaverib ja charchagan ekanman. Kam bo’lma, og’ayni! Bo’ldi, taslimman! Endi janjal ko’tarmayman! Faqat bitta shartim bor. Mana shu malhamchalardan tez-tez oberib turasan! Bilasan, uyimni buzganlarni hech qachon kechira olmayman. Omadingni bersin!
Mini miya
To’g’ri, men kichkinaman. Sizga uncha-muncha so’zim o’tmasligi mumkin. Ammo shu gal gapiraman. Xafa bo’lmang-u, chet elniki desa xo’rozqandniyam chaynamay yutar shashtingiz bor-a, xo’jayin! Anavilarni «jon-jon»layverib tozza boshingizga chiqarib qo’ydingiz. Meni bir marta bo’lsin esgayam olganingiz yo’q. Xo’sh, oqibati nima bo’ldi? Jigarim, yuragim, buyragimlab do’xtirma-do’xtir chopdingiz. Axir, ular dorifurushlar bilan bir tovoqdan osh yeyishini bilmasmidingiz? Zanjir-ku ular, zanjir! O’sha yurakchangiz, jigarcha-yu o’pkanisalaringiz o’zimizning bog’larda o’sgan mevalardan yeyishsayam teshib chiqmasdi. Hozirgiday qarzga botib boshingizni changallamasdingiz. Meni o’ylaganingizda, gapimga quloq solganingizda, zanjirga o’ralvolib, kerak-nokerak malhamlarga pul sarflamasdingiz. Munchayam ko’ngilchan bo’lmasangiz, xo’jayin?
Mayli, hammayam adashadi. Buyog’iga hushyorroq bo’ling. Menday kichik bo’lsayam dono miyachangiz bilan maslahatlashishni odat qiling! Hoziroq bog’ga chopqillang! Oddiy olmani kuniga bittadan yeb tursangizam, «jon-jon»laringizning hammasiga yetadi. Dangasalik qilishsa, injiqlanib, shart qo’ya boshlashsa, menga ayting, o’zim u quloqsizlarning adabini beraman. Omon bo’laylik!
Olimjon HAYIT