BI-IR KULIShMAYMIZMI, OKA?..

SKLEROZ

(hajviya)

Tashhis

Yaqinda vrach qabulida bo’ldim. U tashhis qo’ydi. Kasalimning nominiyam aytdi, nimalar qilish kerakligi, qanday dorilar ichish zarurligini tayinladi.
Buni qarangki, uyga yetguncha kasalimning nomi esdan chiqibdi.

— Xo’sh, kasalingiz nimaykan?? — so’radi xotinim xavotir aralash.

— O’lay agar, esimdan chiqdi, — dedim rangim bo’zarib. — Nimaydi? Nimaydi-ya? E, esga kelmayapti-da, xotin! Xullas, «S» harfi bilan boshlanib, «S» harfi bilan tugarkan.

— Nima? — bu gapimni eshitgani hamono xotinim rangi o’zgarib o’zini chetga oldi. Qoshlari chimirilib, ko’zlarimga shubhali nazar bilan boqdi. — Hali siz… Shunaqamisiz? Behayomisiz? Xiyonatkormisiz? Bilmagan ekanman… Iflo-os!!! Yo’-o’q, menga yaqinlashmaysiz! To tuzalmaguncha narigi xonada yotasiz! Yo’qoling! Daf bo’ling! Tamom!..

Xotinim yig’lay-yig’lay, meni haydab chiqardi-da, eshikni ichkaridan qulflab oldi. Hayron edim. Hech narsaga tushunmasdim. Nahotki, kasalim shu qadar xavfli va yuqumli, qo’rqinchli bo’lsa?.. O’zimni o’zim kechira olmay, uch kun boshqa xonada yotdim. Shu uch kun ichida o’ylayverdim, bosh qotiraverdim. Kasalimning asl nomini eslashga, xotinimning ahvolini tushunishga urindim…

Xudoning marhamatini qarang, uchinchi kuni yarim tunda kasalimning asl nomi birdan esimga tushdi. Xursand bo’lganimdan sal qursa ashula aytib yuborayozdim. Tag’in esdan chiqarib qo’ymaslik uchun devorni mushtlay-mushtlay, qichqira ketdim:

— Xotin! Esladim! Kasalimning nomi esimga tushdi! Skleroz! Skleroz!

Xotinjonim juda tushunadigan, ko’ngilchan ayol-da! So’zlarim haqiqatligiga ishondi va xonaga kirib kelib yelkamga bosh qo’ydi-da, ohista shivirladi:

— Ahmoqqinam! Ertagayoq o’zim birga do’xtirga boraman! Sklerozni o’ldiramiz!!

Oshiq

Dunyoda mendan yaxshi, sadoqatli, havas qilsa arziydigan oshiq yo’q edi. Sevgilim Adolatxonni yeru ko’kka ishonmasdim. Afsuski, bu safar skleroz pand berdi. Do’xtir, «Biror ish qilishni rejalashtirgan bo’lsangiz, o’sha ishning nomini yo’lma-yo’l takrorlab boring», deb tayinlagandi. Uchrashuvga chiqadigan bo’ldim-u, guldastani mahkam quchoqlagancha «Adolatxon, uchrashuv, Adolatxon, uchrashuv» deb ketaverdim. Qaergadir yetganimda, ariqchadan hatladim-u, hammasi tugadi. Men… Qaerga ketayotganimni unutib qo’ydim. Qo’limdagi guldastaga qaray-qaray ensam qotdi. O’zimni xuddi telbaga o’xshatdim. Yon-verimga qaradim-u, guldastani bir chetga irg’itdim va hech kim ko’rib qolmasligi uchun atayin sevimli qo’shig’imni xirgoyi qilgancha uyga qaytdim.

Adolatxon injiqroq edi. Bormaganim uchun sal bo’lmasa mendan yuz o’girayozdi. Kecha-yu, kunduz «SMS» lar yozaverib zo’rg’a ko’ndirdim.

Sklerozni ko’rishga ko’zim yo’-o’q!!!

Ulfatlar

Har oyning oxirgi shanbasida ulfatlar bilan gapimiz bor. Choyxonaga yig’ilib, palovxo’rlik qilamiz.

Bugun ham qorong’i tushishi bilan yangi kiyimlarimni kiydim-da, ko’chaga chiqdim. Choyxona yaqin. Bir hatlab yetvolsam bo’ladi.

Shu tobda ikki hovli narida turadigan qo’shnim ketmon so’rab qoldi. O’sha bilan andarmon bo’lib, choyxonaga borishim kerakligini esdan chiqaribman. Xayolimda go’yo qabristonga borib otam rahmatlining haqiga duo o’qib kelishga otlangandek bo’laverdim.

Otam rahmatli ulfatoxun odam bo’lgan. Og’aynilariyam ja obro’li, qo’li gul ustalardan edi. Shularni o’ylab, yuragim ezilib, qabristonga kirib bordim. Hammayoq zim-ziyo. Qabristonda zog’ uchmaydi. Qabrlarni oralab bordim-da, tanish qabr tepasiga tiz cho’kdim. Qorong’i bo’lishiga qaramay, qabrning aylana atrofini o’t bosganiga ko’zim tushdi. Hafsala bilan o’sha o’tlarni yuldim. So’ngra tilovat qildim. Endigina yuzimga fotiha tortgandim, qo’l telefonim jiringladi. Odam qattiq qayg’uga botganda, hech narsani fahmlay olmaskan. Hovliqib qolarkan. Shosha-pisha telefonni qulog’imga tutdim.

— Vey, qachongacha seni kutib o’tiramiz? — deya qichqirdi qandaydir tanish tovush egasi. — Osh ham, anavi «obi-zam-zam» ham muzlab ketdi-ku! Kelmaysanmi?

Yashirmayman. Bu tovush xuddi otam rahmatlining tovushi edi. Do’q urishiyam, tanbehlariyam otamniki…

Jon-ponim chiqib ketdi. Bir qabrga qaradam, bir ko’chaga. — Bu… Arvoh! Arvoh!..

Azbaroyi qo’rqib ketganimdan telefonni bir chetga irg’itdim-u, ura qochdim. Qochaverdim, qochaverdim… Birovlar orqamdan chopsayam, chaqirsayam to’xtamadim…

Shu ko’yi uch kun isitmalab yotib qolibman…

Ko’zimni ochsam, tepamda oyijonim yig’lab o’tiribdi.

Yaxshiyam baxtimga oyim bor. O’sha kuni choyxonaga bormay, qabristonga ketganim-u, ulfatlar qo’ng’iroq qilib urishganigacha aytib berdi.

Shundagina meni skleroz yo’ldan urganiga amin bo’ldim…

Yo’q, og’aynilar, bunaqasi ketmaydi. Do’xtirga bormasam bo’lmaydiganga o’xshaydi. Ishqilib, do’xtirga borish ham esimdan chiqmasin, ketayotganimda yo’limdan ariqchalar chiqib qolmasin!

Olimjon HAYIT