BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

     

MOVIY KO’ZLI XONIM

(hajviya)

Men ko’p qavatli uyning beshinchi qavatida yashayman. Kunlarning birida ikkinchi qavatda jajji qizaloq meni to’xtatdi-da, qo’lidagi ipga boylangan kalitni tutqazib dedi:

— Amaki, uyimizni ochib bering! Qulfga bo’yim yetmayapti!

Haqiqatan, qulf balandroqda joylashgan, qizchaning bo’yi yetishi amri mahol edi.

Ochdim. Lekin qizcha meni qo’yib yuborgisi kelmadi. Ichkariga sudrakladi. Kirdim. Bir xonali kvartira ekan. Hamma yoqda tartibsizlik. Buyumlar polda sochilib yotibdi. Tartibsizlikni xush ko’rmaganim bois ensam qotib uyoq-buyoqni yig’ishtirgan bo’ldim. Polda yotgan suratni olib pianino ustiga qo’ydim. Suratda moviy ko’zli go’zal bir ayol jilmayib turardi. Shu orada qizcha vannaxonadan chiqib keldi.

— Ma, dadang kelsa kalitni berasan, — dedim unga ipga boylangan kalitni tutqazib.

— Dadam yo’q, — dedi qizaloq kulimsirab. — Biz oyim bilan yolg’iz yashaymiz. Gazni yoqib beri-ing!..

Qizaloqning iltimosini ado etdim.

— Endi choynakni gazga qo’ying! — dedi u. — Hov anavi idishda ovqat bor, isitib bering!

Sho’rlik uyiga kirolmay ochiqibdi shekilli. Yuragim achishib bir zumda ovqatni ham isitdim.

Qizaloq hazilga ham moyil ekan chog’i, erkalanib so’z qotdi.

— Endi «To’tinisa, nonga qaymoq surib yeyishni xohlaysanmi?” deb so’rang!

So’radim.

— Yo’q, asal surtib yeyishni xohlayman, — dedi qiz qiqirlab. — Asal qaerdaligini bilasizmi?

— Yo’q.

— Hov anavi shkafda!..

Xullas, To’tinisaning barcha iltimos, talablarini bajardim. Ana endi uyga yo’l olsam ham bo’ladi. Xotinim xavotir olayotgandir. Juda kechikib ketdim.

Baxtga qarshi To’tinisa yana to’xtatib qoldi.

— Uyqum keldi. Ertak aytib bering!

Og’ir xo’rsingancha bilgan ertagimni ayta boshladim. Ertak ta’sir qildimi, kutilmaganda To’tinisa yig’lab bo’ynimga osildi. Azbaroyi achinganimdan uni mahkam bag’rimga bosdim va tinchlantira boshladim. Yarim soat deganda arang ovutdim va soatimga nazar tashladim. Kechki yetti yarim bo’libdi. Axir… Bir soat oldin uyda bo’lishim kerak edi. Ikki soatdan beri shu qizaloq bilan ovora bo’libman-a! Xotinim aniq o’ldiradi meni.

— To’tinisa, ertakni ham tinglading, — dedim muloyimlik bilan. — Endi men…

— Yo’q, endi sizga she’r o’qib beraman! — dedi u qaysarlik bilan.

Ajabo!.. Qizaloq mendan ming chandon ko’proq she’r bilarkan. Demak, qizaloq bilan jiddiy shug’ullanishadi. Mening xotinimga o’xshab bolani o’z holiga tashlab qo’yishmas ekan.

To’tinisa she’r o’qiy-o’qiy tizzamda uxlab qoldi. Asta oynadan tashqariga boqdim. Qorong’i tushibdi allaqachon. Janjal bo’lishi tayin. Hoynahoy xotinim qo’lida o’qlog’ bilan shay turgandir. Ha mayli, bo’lar ish bo’ldi. Endi Xudo yo’liga eshik qulfini tuzatib qo’yay. Sal shilqillab qolgandek tuyulgandi boya. To’tinisaning onasi kelsa, xursand bo’ladi.

Endi eshik tutqichiga qo’l cho’zgan edimki, ochilib ichkariga o’zim suratda ko’rgan moviy ko’zli go’zal ayol kirdi. Qizig’i, u meni kvartirasida ko’rib sira hayron bo’lmadi. Tutila-tutila To’tinisa bilan bo’lgan voqealarni aytganimdan so’ng ayol menga kulimsirab tikildi.

— Kechiring, — dedi u yer chizib. — Sizniyam ovora qilib qo’yibmiz.

— Hechqisi yo’q, — dedim xijolat tortgan ko’yi. — Yaxshi qoling!..

— Yo’q, yo’q, — meni to’xtatib qoldi ayol. — Usta chaqirganimga ikki oy bo’ldi. Endi kelibsiz. Eshik qulfini, vannaxona kranlarini sozlab berasiz! Sizlarni kunduzi chiroq yoqib ham topib bo’lmasa…

Nima qila olardim?.. Kran tuzatishga tushdim. Shu orada shimim kirlanibdi. Ayol tezda kiyimimni almashtirishimni talab qildi. Keyin ovqalanishga o’tirdik… To’tinisa uyg’ondi… Meni tanishtirdi. Uy bekasi usta emasligimdan xabar topgach, qotib-qotib kuldi. Kulgiga o’zim ham jo’r bo’ldim… Ovqatlandik… Televizor tomosha qildik…

Men ora sirada soatimga qarab olardim-u, ichimdan zil ketardim…

Ertasi kuni esa ichimdan zil ketmaydigan bo’ldim…

Endi menga baribir edi… Moviy ko’zli ayol, To’tinisa bilan andarmon edim…

Oradan olti oy o’tganini payqaymay qolibman… Chunki shu vaqt oralig’ida kunduzlari kvartira eshigini ichkaridan tambalab To’tinisa bilan kitob o’qirdik, o’ynardik, uni uxlatib qo’yib Gulchehra (To’tinisaning moviy ko’zli onasi) kelishiga ovqat tayyorlardim…

Xotinimni o’ylashga vaqt ham, xohish ham yo’q edi…

Shunday kunlarning birida Gulchehra menga ko’chaga chiqib sayr qilishga ruxsat berdi.

Pod’yezdga chiqdim-u, darhol yuqoriga qaradim. Meni beshinchi qavat hadeganda o’ziga tortaverdi, tortaverdi.

Shundagina nimalar qilib qo’yganimni, qanday gunohga yo’l qo’yganimni anglab yetdim va beshinchi qavatga chopdim.

Ne ko’z bilan ko’rayki, ancha katta bo’lib qolgan olti yashar o’g’lim qo’lida ipga boylangan kalit tutgancha menga javdirab turardi:

— Dada, qulfga bo’yim yetmadi. Eshikni ochib bering!

Olimjon HAYIT tayyorladi