Nega ko'rgan tushimizni eslashimiz bu qadar qiyin?

Dunyoda tush ko’rmaydigan odam deyarli topilmaydi, ammo barchamiz ko’rgan tushlarimizni batafsil eslab qola olmaymiz. Buning sababi nimada? Tushni xotirada saqlab qolishga eng qulay vaqt – bu…

BBCda berilgan Stiven Daulingning maqolasi ushbu savolga javob bo’ladi.

“Men 40 yil muqaddam maktabda bo’lgan bir voqea tafsilotlarini oqizmay-tomizmay aytib berishim mumkin, ammo mendan bu hafta qanday tush ko’rding, deb so’rang – men o’ylanib qolaman.

Biz ertalab ko’rgan tushlarimizdan parchalarni eslay olishimiz mumkin. Hatto, tushini zavq bilan hikoya qilib bergan odam kechga tomon uni deyarli esdan chiqaradi.

Nega tush ko’ramiz, tushlarni nega xotirlay olamiz yoki olmaymiz – buning ildizlari chuqur ongostimizda joylashgan.

Tush ko’rish jarayoni oldin tasavvur qilinganidan anchayin murakkabdir. Kunduzgi faoliyatdan dam oluvchi ayrim ongosti qismlarimiz tunda faol ishlay boshlaydi.

Tush ko’rishni, odatda, tezkor uyqu bosqichi bilan bog’laydilar. Ushbu bosqichda miya o’z faoliyatini hali to’liq yakunlamagan bo’ladi.

Bu vaqtda nafas olish va yurak urishi tezligi o’zgarishi mumkin, tana esa atoniya nomi bilan ma’lum falajga o’xshash holatga tushadi.

Tezkor uyqu bosqichi 90 daqiqa davom etishi mumkin va aynan shu paytda biz tush ko’ramiz.

Tezkor uyqu bosqichida miyaning asosiy qismlari qo’shimcha qon ola boshlaydi.

Hali bu bosqichda uxlayotgan vaqtimiz hissiyotlar uchun javobgar qismlarda elektr faollik ortadi, hayotiy muhim qobiliyatlarimizga mas’ul peshona qismlari esa, qaytanga, tinchlanadi.

Shu sababdan ham mazkur muddat davomida miyamizda kechadigan eng bema’ni fikrlarni ham, shubhasiz, tahlil qila boshlaymiz.

Psixologiya fani professori Didra Barrettning so’zlariga ko’ra, tush tartibi qanchalik chalkash bo’lsa, uni yodda saqlab qolish shunchayin qiyin kechadi.

Uyg’ongandan keyin tushning qancha qismi yodda qolishida inson xavf-xatarni ko’rganda ishlay boshlovchi noradrenalin gormoni katta rol o’ynaydi.

Uyqu vaqti noradrenalin darajasi odatdagidan pastroq bo’ladi.

Lozanna Universitetidan tushlarni o’rganuvchi shifokor Francheska Siklari uyqu va sergaklik o’rtasida katta farq borligi bejiz emasligini aytadi.

Uning tushuntirishicha, agar biz har bir ko’rgan tushlarimiz tafsilotlarini yodda saqlay olganimizda, tushlarni haqiqiy hayot bilan chalkashtirib yuborgan bo’lar edik.

“Tushini yaxshi eslab, so’ng uni kunduzgi hayot bilan aralashtirib yuboradigan odamlar ham bor”, – deydi u.

Tush uyqu siklining aniq bir davrlarida ko’rilishi tasodif emas. Tushning yuzaga kelishiga tunda tanamiz bo’ylab faollasha boshlaydigan kimyoviy moddalar ta’sir ko’rsatadi.

“Odatda, biz aniqroq tushlarni miyadagi noradrenalin darajasi pasayadigan tezkor uyqu bosqichida ko’ramiz”, – izohlaydi Francheska Siklari.

Ayrim hollarda uyg’onishdan biroz avvalroq ham tush ko’rishimiz mumkin. Biroq uyqudan turiboq boshlaydigan ishlarimiz va o’ylaydigan fikrlarimiz ularni eslab qolishga xalaqit beradi.

Ko’p odamlar uyg’otkich ovozi ta’sirida uyqudan turadi. Bu ovoz noradrenalin darajasini keskin ko’tarib yuboradi va ko’rilgan tushlarni xotirlash qiyin kechadi.

Garvard Tibbiyot Maktabidan Robert Stikgold tez uyquga ketadigan, qattiq uxlaydigan va uyg’otkich ovozi bilan uyg’onadigan odamlar ko’rgan tushini yaxshi eslay olmasligi to’g’risida so’zlaydi.

Janob Stikgold chuqur uyqu bosqichiga kirishdan avval ko’rilgan tushlardan parchalarni ko’pchilik eslay olishini aytadi.

U bundan bir necha yil avval bu masala yuzasidan tadqiqot o’tkazgan. Ko’ngilli talabalar chuqur uyqu bosqichiga kirishi bilan uyg’otilgan va ular ko’rgan tushini bemalol eslab qolgan.

Agar ko’rgan tushingizni yodda saqlab qolishni istasangiz, nima qilmoq kerak? Olimlar odamlarning bari turlicha uxlashi va ularda uyqu bosqichlari xar hil kechishini ta’kidlaydi, lekin hamma uchun umumiy bo’lgan ayrim maslahatlar ham mavjud.

Osongina uyg’onib, o’z ishlariga shart kirishib ketuvchi odamlar ko’rgan tushini eslab qola olmaydi, deydi janob Stikgold.

Uning fikricha, tushni xotirada saqlab qolishga eng qulay vaqt – bu hech narsa haqida qayg’urmay, bamaylixotir uyquga ketiladigan dam olish kunlaridir.

Robert Stikgold uyg’ongandan so’ng biroz vaqt ko’zni ham ochmay, xotirjam yotish va tunda ko’rganlarini eslab ko’rishga harakat qilishni tavsiya etadi.

Shuningdek, yana bir qancha samarali usullar mavjud, deydi u.

“Yotishdan oldin uchta katta stakanda suv (alkogol emas, chunki u tezkor uyqu bosqichini o’tkazib yuboradi) iching. Shunda tun bo’yi uch yoki to’rt marta uyg’onib ketasiz va har safar tezkor uyqu bosqichining tugashida turasiz”.

“Yana bir maslahat: yotishdan avval, shunchaki, tush ko’rish va ertalab uni eslab qolishni xohlashingizni o’zingizga takrorlang. Bu ish beradi”, – deya kuladi u.