image0

O‘zbekiston xalqaro jinoyatchilik va xavfsizlik bo‘yicha indeksda 147 mamlakat orasida 121-o‘rinda qayd etildi. Bu haqda “Numbeo” portali tomonidan e’lon qilingan reytingda keltirilgan.

Reytingda mamlakatlar jinoyatchilik va xavfsizlik darajasi 0 dan 100 gacha bo‘lgan shkalada o‘lchangan va O‘zbekistonda jinoyat ko‘rsatkichi 27.9, xavfsizlik ko‘rsatkichi esa 72.1 shkalada baholangan. Bu esa O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng ijobiy holatni anglatadi. Ushbu reytingda Qozog‘iston 77-, Qirg‘iziston 39- va Afg‘oniston 4-o‘rinda qayd etilgan. Tojikiston va Turkmaniston haqida ma’lumotlar keltirilmagan.

Reyting o‘nligi quyidagicha:

  1. Venesuela
  2. Papua Yangi Gvineya
  3. Gaiti
  4. Afg‘oniston
  5. Janubiy Afrika
  6. Gonduras
  7. Trinidad va Tobago
  8. Suriya
  9. Yamayka
  10. Peru

Ushba ma’lumotlar veb-sayt tashrif buyuruvchilari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlardan olinadi. So‘rovlardagi savollar ko‘plab ilmiy va hukumat tadqiqotlari savollariga o‘xshash tarzda ishlab chiqilgan. Har bir so‘rov natijasi -2 dan +2 gacha bo‘lgan diapazonda raqam bilan baholanadi. Bunda -2 kuchli salbiy fikrni, +2 esa kuchli ijobiy fikrni anglatadi.

Ma’lumotlarning aniqligi ta’minlanishi uchun hisob-kitoblardan ehtimoliy spamlarni aniqlash va ularni chiqarib tashlashga qaratilgan filtrlash choralari joriy etilgan. Algoritm spamga o‘xshash harakatlarni amalga oshiruvchi foydalanuvchilarni aniqlaydi va ularning javoblari hisobga olinmaydi. 

“Numbeo”, shuningdek, turarjoy ko‘rsatkichlari, sog‘liqni saqlash sifati, transport sifati va boshqa statistik ma’lumotlarni qamrab olgan global ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.