“60 yoshli ayol bilan sayohat qilmayman!..”

Oltmish yoshga kirgan er-xotinning turmush qurganiga 40 yil bo’libdi. Ular yo’lda birga ketishayotsa, oldilaridan pari chiqibdi va debdi:

– Siz 40 yil davomida tinch-totuv yashadingiz. Har xil qiyinchiliklarni birgalikda yengib o’tdingiz. Bu katta sinov. Shuning uchun sizlarga minnatdorchilik ma’nosida har biringizning 3 ta tilagingizni bajaraman.

Bundan xursand bo’lgan ayol rahmat aytib tilaklarini ayta boshlabdi:

– Birinchi tilagim: Menga umrimizning oxirigacha yetadigan ko’p boylik ber.

Ikki chamadonda pullar va sandiqda qimmatbaho toshlar paydo bo’libdi.

– Ikkinchi tilagim: Bizga yashashimiz uchun katta qasr ber.

Bir zumda qasr paydo bo’libdi.

– Uchinchi tilagim: Menga butun dunyoning davlatlariga vizalar, aviabiletlar, mehmonxonalarga bronlar qilib ber. Turmush sababli biz hech qayoqqa sayohat qila olmadik. Erim bilan butun dunyoni kezib chiqmoqchiman.

Buyam bir zumda muhayyo bo’libdi.

Undan keyin eri tilaklarini ayta boshlabdi.

– Men xotinimning birinchi va ikkinchi tilagiga qo’shilaman. Mengayam shular bo’ladi. Lekin uchinchi tilagiga qo’shilmayman. Men 40 yil davomida bir xotin bilan yashadim, biron marta xiyonat qilmadim. Endi qarigan chog’imda, maza qilib dunyo kezadigan paytimda 60 yoshli kampir bilan sayohat qilamanmi? Men ham odamlarga o’xshab yosh juvon bilan sayohat qilishni istayman. Uchinchi tilagim, xotinimning yoshini menikidan ikki marta farqli qilib qo’y!

Pari «Kelishdik» debdi-da, uning o’zini 120 yoshga aylantirib qo’yibdi.

@uchzamon