Olimlarning aniqlashicha, muayyan bir mevani doimiy ravishda iste’mol qilish qorin sohasidagi yog’ni eritishi mumkin. Ortiqcha vazn bilan kurashishda muammoni to’g’ri aniqlash, uni bartaraf qilishga yordam beradigan usuldan foydalanish kerak. Ayrim usullar bir muammo uchun samara berishi, ammo jiddiyroqlarini hal qilmasligi mumkin. Oddiy teri ostidagi yog’dan ko’ra vitselyar yog’ quyuqroq va qorin boshlig’ining chuqurroq qismida joylashgan bo’ladi.
Qutulish biroz murakkab bo’lgan vitselyar yog’ toksik kimyoviy moddalar ajratgani sabab hujayralar yallig’lanishi, arterial qon bosimi ko’tarilishiga olib keladi. Bunday asoratlar bir qancha muammolar, yurak-qon tomir kasalliklari, suyaklarning chiqish-sinishiga olib keladi. Harvard Health’da yozilishicha, vitselyar yog’ bilan metabolizm bilan bog’liq muammolar, yurak-qon tomir kasalliklari va ikkinchi darajali qandli diabet o’rtasida bog’liqlik borligi aniqlangan. Ayollarda bu ko’pincha ko’krak saratoni va o’t pufagidagi muammo bilan aloqador bo’lishi mumkin. Vitselyar semirishga turli garmonlar va insulin ajralishining ishdan chiqishi sabab bo’lishi mumkin.
Undan qutilish uchun kun davomida jismoniy faol bo’lish muhim. Mashg’ulotlar qon aylanishini jadallashtiradi, natijada organizm energiya sifatida vitselyar yog’dan foydalanadi. To’g’ri ovqatlanish undan kam bo’lmagan muhim sanaladi. Bu borada olma yaxshi samara beradi. Metabolizmni yaxshilaydigan olma xolesterinni kamaytirib, qon bosimini pasaytiradi. Flavonoid va pektinlarning koni hisoblangan ushbu meva uzoq vaqt qorinni to’q tutadi. Yog’ miqdorini kamaytirgani hisobiga ozishda, ayniqsa, foydali hisoblanadi.
Uning vitselyar yog’ni yo’q qilishda samara berishi Yaponiyada o’tkazilgan tajribada o’z isbotini topgan. 2007 yilda nashr etilgan maqolada yozilishicha, tadqiqotda 71 nafar ortiqcha vaznli ishtirokchi qatnashgan. Natijada umumiy va qondagi yomon xolesterin miqdori 12 haftada kamaygan. Bundan xulosa qilib, olmadagi polifenollar nisbatan yuqori tana massa ko’rsatkichiga ega bo’lgan sog’lom odamlarda yog’larning metabolizmini tartibga soladi, degan qarorga kelingan. Ta’kidlanishicha, olma o’rniga polifenolni o’z ichiga oladigan boshqa mevalarni ham iste’mol qilsa bo’ladi.