Oshqozon kattalashish va kichrayish xususiyatiga ega

Oshqozon ichi bo’sh organdir, ya’ni u tabiiy cho’zilish xususiyatga ega. Agar bo’sh qorinning normal hajmi taxminan 500 mililitr bo’lsa, ovqatdan keyin u 2 litrgacha cho’zilishi mumkin. Biroq u kun davomida tezda standart o’lchamlariga qaytadi. Agar odam muntazam ravishda ortiqcha ovqatlansa va doim nimadir yeb yursa, unda oshqozon hajmi asta-sekin 4 litrgacha kattalashishi mumkin. Natijada butun oshqozon-ichak traktining motor-evakuatsiya funksiyasi buziladi.

Nima qilish kerak?

Avvalo nafaqat oshqozon hajmini mexanik ravishda kichraytirish, balki oshqozon reseptorlari apparatining sezgirligini me’yorlashtirish, shuningdek, ochlik, gormonal va psixologik darajada to’yinganlik hissini to’g’ri shakllantirish va baholash muhim. Buning uchun bir nechta qoidalarni yodda tuting:

Doim nimadir yeb yurmang

Barqaror ovqatlanish juda muhim: odatda 3 ta asosiy taom inson uchun yetarli. Shu bilan birga, shifokoringiz orada sabzavotli bulon, smetana va boshqa yengil gazaklarni iste’mol qilishni tavsiya qilishi mumkin.

Ovqat vaqtida suv ichmang

 

Ovqatdan 30 daqiqa oldin suv ichish foydali, lekin ovqatlanayotganda yoki keyin emas. Ovqatlanishdan bir soat o’tgachgina suv ichish mumkin.

Idish o’lchamini nazorat qiling

O’zingiz uchun ma’lum chegaralarni belgilash psixologik jihatdan muhim: agar katta idishga ovqat solsangiz, uni oxirigacha yeyishga harakat qilasiz. Shuning uchun kichik idish va sanchqi, pichoq ishlatgan ma’qul.

Shoshmasdan chaynang, gadjet va televizorga chalg’imang

Bu maslahat bolaligimizdan beri bekorga aytilmaydi: bu miya to’yganini his qilishi uchun kerak. Yetarli miqdorda iste’mol qilingan ovqat haqida miyaga impuls o’tkazish uchun mas’ul bo’lgan reseptorlar oshqozonning yuqori qismlarida joylashgan, shuning uchun ortiqcha ovqatlanmaslik uchun signalni o’tkazib yubormaslik kerak.

Ziravorlardan kamroq foydalaning

Birinchidan, ziravorlar oshqozon shirasi ishlab chiqarishni ko’paytiradi va ishtahani ochadi. Ikkinchidan, oshqozon-ichak traktining harakatlanishini tezlashtiradi, natijada tez-tez va ko’proq ovqatlanishni xohlaysiz.

Aerobik mashqlarni bajaring

Yugurish, suzish, yurish va boshqa narsalar qondagi YY peptid darajasini faol ravishda oshiradi. Gipotalamusdagi mazkur gormon to’yinganlik va ishtahani kamaytirish uchun mas’ul bo’lgan neyronlarni faollashtiradi, to’yishga ta’sir qiluvchi neyronlarni rag’batlantiradi va ishtahani qo’zg’atuvchi neyronlarni tormozlaydi. Bundan tashqari, bunday mashqlar oshqozon-ichak traktining faolligini yaxshilaydi.