«Homilador ayolga soch bo'yash mumkin emas!» – bu haqiqatmi yoki irim?

Odatda bo’lajak onalar orasida sochni boshqa rangga bo’yash borasida savollar tug’iladi. Aslida farzand kutayotgan ayol sochlariga bo’yoq bilan o’zgartirish kiritishi mumkinmi? Ushbu savolga Lifehacker nashri javob berdi.

 

Sochni bo’yash homilaga zarar yetkazishi mumkinmi?

Bo’yoq tanaga kirmasdan, faqat soch va teriga ta’sir qilganligi sababli protsedura zarar qilmaydi. Shunga qaramay, ko’plab shifokorlar homiladorlikning ikkinchi trimestriga qadar go’zallik saloniga tashrifni kechiktirishni maslahat beradi.

Haqiqat shundaki, dastlabki oylarda ko’plab ayollar o’tkir hidlarga sezgir bo’ladi, shuning uchun ushbu jarayon ko’ngil aynishi va bosh og’rig’iga olib kelishi mumkin. Homilaning 13-haftasidan so’ng sochga rang berish uchun ishonchli mutaxassisga murojaat qilish yoki buni uy sharoitida amalga oshirish mumkin.

Rang bilan bog’liq muammolardan qanday qochish kerak?

Odatga ko’ra, sinovdan o’tgan bo’yoqdan foydalanish tavsiya etiladi. Chunki ba’zi birikmalar allergiyaga olib kelishi mumkin, shuning uchun tajribalarni kechiktirish va tasdiqlangan mahsulotlardan foydalangan yaxshiroq. Agar homilador ayolda ekzema yoki psoriaz kasalligi kabi teri muammolari bo’lsa, bo’yashdan oldin dermatolog bilan maslahatlashish kerak.

Ventilyatsiyani tekshiring. Homiladorlik davrida ko’plab ayollarda hidga nisbatan sezgirlik kuchayadi va aksariyat bo’yoqlar hidi yoqimsiz. Ko’ngil aynishi va bosh og’rig’iga yo’l qo’ymaslik uchun xona yaxshi ventilyatsiya qilingan bo’lishi lozim.

Qo’lqop kiying. Homiladorlik davrida terining ham sezgirligi oshishi mumkin, shuning uchun sochni uyda o’zingiz bo’yasangiz, qo’llarga himoya qo’lqopini kiyishni unutmang.

Bolani ona suti bilan oziqlantirish vaqtida soch bo’yashdan qo’rqishning keragi yo’q. Chunki bo’yoq tarkibi ona sutiga kirmaydi va protsedura chaqaloqqa zarar yetkazmaydi.