Rossiya-Ukraina munosabatlarining keskinlashuvi ortidan Xalqaro olimpiya qo’mitasi tavsiyasiga binoan bir qator xalqaro sport federatsiyalari mintaqadagi musobaqalarga cheklovlar joriy etmoqda.
O’tgan haftaning so’nggi kunlarida Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) ijroiya qo’mitasi Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinni xalqaro tashkilot faxriy prezidentligidan chetlatilganligini hamda Qozonda o’tkazilishi belgilangan nufuzli dzyudo musobaqasini bekor qilganligini e’lon qildi.
IJF qarori ortidan Rossiyaning milliy sport turi sifatida e’tirof etiladigan samboning xalqaro tashkiloti FIAS prezidenti Vasiliy Shestakov ham Xalqaro olimpiya qo’mitasi mintaqada xalqaro musobaqalar o’tkazilmasligi haqidagi tavsiyasiga amal qilishini tasdiqlovchi bayonot bilan chiqdi. «Bizning birinchi va eng ustuvor vazifamiz sportchilarimiz hamda FIAS tadbirlarida ishtirok etayotganlarning xavfsizligini ta’minlashdir», deyiladi bayonotda. IJF, FIAS kabi yirik sport tashkilotlari qatori Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ham Rossiya Federatsiyasi uchun o’z cheklovlarini e’lon qildi. Unga ko’ra, mintaqada futbol bo’yicha belgilangan xalqaro musobaqalar o’tkazilmaydi. Rossiya terma jamoasining uy o’yinlari betaraf hududda va tomoshabinlarsiz tashkil etiladi. Terma jamoa musobaqalarda «Rossiya futbol ittifoqi» (RFI) nomi ostida ishtirok etadi. O’yinlarda Rossiya bayrog’i yoki madhiyasi ishlatilmaydi. FIFA o’z bayonotida Rossiya-Ukraina tegrasidagi vaziyat yaqin kunlarda yaxshilanmasa, unda yanada og’irroq cheklovlar, jumladan Rossiya milliy terma jamoasini musobaqalardan chetlatish ehtimoli yo’q emasligini ta’kidlangan.