25 noyabr kuni Jizzax shahridagi “So’g’diyona” sport majmuasida belbog’li kurash bo’yicha o’smirlar va qizlar o’rtasidagi jahon chempionati tantanali ochildi.
Unda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev keyingi yillarda sportni rivojlantirish borasida yurtimizda, xususan, viloyatda olib borilayotgan ishlar haqida to’xtalib, Jizzaxda ilk bor o’tkazilayotgan ushbu chempionatda ishtirok etayotgan 30 dan ortiq davlatlarning 300 nafardan ortiq sportchilariga omad tiladi.
Ta’kidlanganidek, milliy sport turimiz bo’lgan belbog’li kurashni dunyo bo’ylab keng miqyosda ommalashtirish maqsadida joriy yilning 27 sentyabrida Litvaning Vilnyus shahrida Jahon belbog’li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) tashkil etildi va rasman Yevropa Ittifoqida ro’yxatdan o’tkazildi. Mazkur assotsiatsiyaga hamyurtimiz Azizbek G’aniyev prezident etib saylandi.
Joriy yilning 7-10 oktyabr kunlari aynan Jahon belbog’li kurash assotsiatsiyasi homiyligida tarixda ilk bor Ukraina davlatining Lvov shahrida belbog’li kurash bo’yicha erkaklar va ayollar o’rtasida Yevropa chempionati o’tkazildi.
Ushbu jahon chempionati O’zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Jahon belbog’li kurash assotsiatsiyasi (JBKA), O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, O’zbekiston belbog’li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar ko’magida o’tkazilmoqda.
Tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlarga Belbog’li kurash federatsiyasi va Jizzax viloyati hokimligining esdalik sovg’alari topshirildi. Shuningdek, sportni rivojlantirishga qo’shayotgan hissasi uchun Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev va Jahon belbog’li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G’aniyevga Turizm va sport vazirligi ta’sis etgan “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko’krak nishonlari topshirildi.
uza.uz