Joriy yilning 21 sentyabr kuni Yangiyo’l shahar ichki ishlar bo’limi xodimlari tomonidan o’tkazilgan tezkor tadbir davomida, ko’p miqdordagi qalbaki kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo’lgan bir guruh shaxs daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Viloyat IIBning xabar berishicha, bundan bir necha kun oldin Chirchiq shahrida yashovchi 31 yoshli fuqaro (A.U) 37 yoshli ayoli (K.K) bilan birga uch nafar tanishlari (bir nafar ayol va ikki erkak)ni jalb qilgan holda bir guruh bo’lib, Bo’stonliq tumanida joylashgan dala hovlilarning birini ijaraga olgan va u yerda 100 va 200 ming so’mlik O’zbekiston Respublikasi milliy valyutasini qalbaki usulda tayyorlagan.
Oradan biroz vaqt o’tib, ushbu kupyuralarni muomalaga kiritish maqsadida Yangiyo’l shahar markaziy bozoriga kelgan ushbu shaxslar (tadbirkorlar xabari asosida) ichki ishlar bo’limi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi tariqasida qo’lga olingan. Holat yuzasidan xolislar ishtirokida o’tkazilgan tintuv jarayonida ulardan jami qiymati 26 mlnyu. 200 ming so’mga teng bo’lgan 100 va 200 ming so’mlik qalbaki kupyuralar va rangli printer daliliy ashyo sifatida olingan (qalbaki pullarga nisbatan ekspertiza tayinlangan).
«Hozirda mazkur holat yuzasidan O’zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog’ozlar yasash, ularni o’tkazish) 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo’zg’atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.