image0

Kecha, 2 mart kuni O‘zbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan kirib kelgan sovuq va nam havo massalari bugun, 3 mart kuni ham davom etadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Unga ko‘ra, hududning katta qismida qor yog‘ishi davom etadi va havo harorati 0-5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi. Kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida qor yog‘ishi to‘xtaydi.

Ertaga, 4 mart kuni O‘zbekistonning barcha viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat respublikaning ayrim tog‘li hududlarida biroz qor yog‘ishi mumkin. Kechasi va ertalab hali ham sovuq antitsiklon ta’siri saqlanib turadi, harorat 2-7 daraja sovuq atrofida bo‘ladi. Kunduzi antitsiklon respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi. Harorat 4-7 daraja iliqqacha ko‘tariladi, ammo bu mart oyining boshi uchun me’yordan nisbatan pastdir.

Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin. 5-6 mart kunlari O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi, 7 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda (Farg‘ona vodiysidan tashqari) yana yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Faqat O‘zbekistonning shimolida – Ustyurtda va Orol bo‘yi hududlarida yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

Hafta o‘rtasidan harorat jadal ko‘tarila boshlaydi va 6-7 mart kunlariga borib, kechalari 5-8 daraja iliqni, kunduz kunlari 14-17 daraja iliqni, janubda 20-22 daraja iliqni tashkil etadi.

3 mart va 7 mart kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17–22 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 23–25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida 3 mart kuni vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Harorat 0-2 daraja sovuq bo‘ladi. 4-6 mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 7 martda kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat 4 mart kuni kechasi 3-5 daraja sovuq, kunduzi 5-7 daraja iliq bo‘ladi. 5–7 mart kunlari harorat kechalari 4-7 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 14-17 daraja iliqqacha ko‘tariladi.