Shveysariya prokuraturasi Yozef Blatter va Mishel Platinini 2 mln dollarni o'zlashtirganlikda ayblamoqda. FIFA va UEFA prezidentlari 6 yil avval aynan shu sabab futboldan chetlatilgandi

Shveysariya bosh prokuraturasi FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatter va UEFA sobiq rahbari Mishel Platiniga nisbatan da’vo bilan chiqdi. Sobiq funksionerlar 2 million dollarni talon-taroj qilganlikda ayblanmoqda.

Ular FIFA tomonidan Mishel Platini foydasiga 2 million shveysar frankini (2,19 million dollar) noqonuniy yo’l bilan bilan o’tkazganlikda ayblanmoqda.

Prokuraturaning ma’lumotiga ko’ra, Platini 1998 yildan 2002 yilga qadar Yozef Blatterning maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan. 1999 yilda tuzilgan shartnomaga ko’ra, Platiniga yiliga 300 ming shveysar franki miqdorida tovon puli to’lash belgilangan.

Oradan sakkiz yil o’tib, Mishel Platini 2 million shveysar franki miqdorida kompensatsiya talab qiladi. «Blatter rahnamoligida FIFA 2011 yilda Platiniga bu pulni to’lab beradi. Keyinroq bu to’lov hech qanday asoslarsiz amalga oshirilgani ma’lum bo’ldi. Bu FIFAga moliyaviy zarar keltirdi va o’z navbatida Mishel Platinining noqonuniy boylik orttirishiga xizmat qildi», — deyiladi prokuratura bayonotida. Prokuratura ishni Shveysariya oliy sudiga oshirish niyatida.

Avvalroq ikkala amaldordan ham korrupsiyaga oid ayblovlarni inkor etgandi.

Eslatib o’tamiz, mazkur masala 2015 yilda FIFA Etika qo’mitasi tomonidan qo’zg’atilgan, buning natijasida Blatter va Platini futbolga oid faoliyatdan  chetlatilgandi.

Blatter 2015 yilda korrupsiyada ayblanib FIFA prezidentligidan olingan va sakkiz yil muddatga futbolga oid har qanday faoliyatdan chetlatilgandi. 2016 yilda FIFA apellyatsiya qo’mitasi ushbu muddatni olti yilga qisqartirgandi.

2007—2016 yillar oralig’ida UEFAni boshqargan Platini 2015 yilda yuqorida tilga olingan ish bo’yicha FIFA Etika qo’mitasi tomonidan 8 yilga futbolga oid faoliyatdan chetlatilgandi. Keyinchalik Sport arbitraj sudi (CAS) bu muddatni 4 yilgacha qisqartirdi. 2019 yilda Platini 2022 yilgi Jahon Chempionatini Qatarga berilishi yuzasidan o’tkazilgan tergovda hibsga olingan va bir kun o’tib, qo’yib yuborilgandi. Funksioner 2020 yilning yanvaridan Xalqaro professional futbolchilar assotsiatsiyalari federatsiyasida (FIFPro) prezident maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

kommersant.ru