Biroz avval tibbiy ko’rikdan o’tgan va ikki hafta yengillashtirilgan rejimda ishlash tavsiyasini olgan Buyuk Britaniyaning 95 yoshli qirolichasi Yelizaveta II 2021 yil 1 noyabr kuni yashil «Yaguar Esteyt» rusumli avtomashinasini Vindzor qal’asi hududida yolg’iz o’zi boshqargan, deb yozadi Esquire.
Qirolicha o’sha kuni qora ko’zoynak taqib, ro’mol o’rab olgan. Versiyalarning biriga ko’ra, Yelizaveta II ilgari bir necha marta qilganidek, o’zining korgi itini sayrga olib chiqqan.
Qirolichaning mashina boshqaruvidagi surati 2021 yil 20 oktyabr kuni shifoxonada tunab qolganidan buyon ommaviy axborot vositalarida paydo bo’lgan ilk suratlari bo’ldi. Shundan so’ng Yelizaveta II shifokorlar tavsiyasiga ko’ra BMTning iqlim bo’yicha sammiti uchun Glazgoga safarini bekor qildi. Qirolicha 2021 yil 13 noyabrda har yili o’tkazilib kelinayotgan «Xotira kuni» festivalining ochilishida ham ishtirok etmaydi, ammo u 2021 yil 14 noyabr kuni Londonda bo’lib o’tadigan xotira marosimida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.