Yakunlangan haftada xorij chempionatlarida to’p surayotgan aksariyat o’zbekistonlik legionerlar klublari safida o’zlarini ko’rsata olishdi. Quyida xorijdagi legionning dam olish kunlaridagi natijasi bilan tanishing.
«Rim derbisi»da mag’lubiyat, Shomurodov Osiyoda ikkinchi bo’ldi
Italiya chempionatining 6-turidan o’rin olgan markaziy bahs – Rim derbisida «Latsio» «Roma»ni 3:2 hisobida mag’lub etishga muvaffaq bo’ldi. «Bo’rilar» safida Eldor Shomurodov 64-daqiqada (hisob 1:3 edi) zaxiradan maydonga tushdi.
«Latsio» ochkolarini 11taga yetkazib, 6-o’ringa ko’tarilib oldi. 12 ochkoga ega «Roma» 4-pog’onada qoldi.
Eldor Shomurodov maydondan tashqarida ham g’oliblik uchun kurashdi. O’tgan haftada OFK tomonidan «Osiyoda haftaning eng yaxshi futbolchisi» so’rovnomasi o’tkazilgan bo’lib, yakshanba kuni nihoyasiga yetgan ovoz berish yakunlariga ko’ra, Eldor jami ovozlarning 29,69 foiziga ega chiqib 2-o’rinni egalladi. «Portu» klubi va Eron milliy jamoasi forvardi Mehdi Toremi esa 42,26 % ovoz bilan OFK tomonidan haftaning osiyolik eng yaxshi o’yinchisi deb topilgan.
«Sherif» Madridga safar oldidan yirik hisobda g’alaba qozondi, Yaxshiboyev zaxiradan maydonga tushdi
Jasur Yaxshiboyev to’p surayotgan «Sherif» klubi Moldova chempionati 12-turi doirasidagi «Dinamo-Avto»ga qarshi uchrashuvda yirik hisobda zafar quchdi.
Mazkur o’yinda hamyurtimiz 67-daqiqada maydonga tushdi. Shu kuni «Sherif» bosh murabbiyi Yuriy Vernidub asosiy tarkib o’yinchilariga Madriddagi o’yin oldidan kamroq o’yin amaliyoti berdi. Shunga qaramay, Tiraspol jamoasi «Dinamo-avto»ni 7:0 hisobida mag’lub etdi.
«Sherif» navbatdagi uchrashuvni 28 sentyabr, seshanba kuni Chempionlar ligasi 2-turi doirasida Madridda «Real»ga qarshi o’tkazadi. O’yin soat 23:59da boshlanadi.
Sardor Rashidovdan g’alaba goli, «Kuvayt SK» finalga chiqdi
Yana bir hujumkor yarimhimoyachi Sardor Rashidov uchun hafta omadli o’tdi. O’zbekistonlik futbolchi Kuvayt Amiri kubogi yarimfinali javob uchrashuvi doirasida jamoasining g’alabali goliga mualliflik qildi.
«Kuvayt SK» «Kazma»ni 2:1 hisobda mag’lub etgan o’yinda Rashidov jamoasining ikkinchi golini penaltidan kiritdi va klubi bilan birga Amir kubogi finaliga yo’llanma oldi. Jamoa oldiga Amir kubogi va OFK kubogida g’olib chiqish vazifasi qo’yilgan.
Shukurovdan assist, «Sharja»dan kambek
O’zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov to’p surayotgan «Sharja» klubi ushbu turda irodali g’alabaga erishdi.
BAA Pro ligasi 5-turida «Al-Jazira»ga qarshi bahsda sharjaliklar 0:1 hisobidagi mag’lubiyatni o’yin yakunigacha 2:1 hisobidagi g’alabaga aylantirishdi. Shukurov 82-daqiqada Xolid Bavazirning goliga assistentlik qildi. Ushbu g’alaba evaziga «Sharja» ochkolari sonini 12taga yetkazib, 2-o’ringa ko’tarilib oldi.
Masharipov to’liq to’p surgan o’yinda «An-Nasr» g’alaba qozondi
Saudiya Arabistoni 6-turi doirasida «An-Nasr» jamoasi «Al-Batin» klubini minimal hisobda mag’lub etdi.
Uchrashuvda o’zbekistonlik yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov to’liq 90 daqiqa to’p surdi. E’tiborlisi, tur yakunida Masharipov Saudiya Arabistoni Pro ligasi tomonidan tur ramziy jamoasiga kiritilgan. «An-Nasr» 5 o’yindan keyin 9 ochko bilan 6-o’rinda bormoqda.
Ubaydullayevdan supergol, Abduxoliqovda 66 daqiqa, Umarovda durang
Belarus chempionatining 24-turidan o’rin olgan «Energetik-BGU» – «Vitebsk» o’yini 2:2 hisobida yakunlandi. Shu kuni mezbonlar safida Bobur Abdixoliqov va Shahzod Ubaydullayev bahsni asosiy tarkibda boshlagan bo’lsa, Doniyor Abdumannopov jarohat sabab o’yinni o’tkazib yubordi.
Quvonarlisi, uchrashuvning 42-daqiqasida Ubaydullayev akrobatik usulda kiritilgan supergol muallifiga aylandi.
O’yinda Abduxoliqov 66-daqiqagacha, Ubaydullayev to’liq to’p surdi. Bu durang evaziga «Energetik-BGU» 28 ochko bilan 8-o’rinda qoldi.
BATE safida harakat qilayotgan Shahboz Umarov esa «Rux Brest» bilan bahsda 2:2 hisobni qayd etdi. O’zbekistonlik futbolchi 66 daqiqa to’p surdi. BATE 24 o’yindan keyin turnir jadvalida 52 ochko bilan 2-o’rinda bormoqda.
Ibrohimxalil Yo’ldoshev SSKAga qarshi
Ibrohimxalil Yo’ldoshev to’p surayotgan «Nijniy Novgorod» klubi Rossiya Premyer-ligasi 9-turi doirasida o’z maydonida SSKA klubini qabul qiladi.
Aleksandr Kerjakov shogirdlari SSKAni mag’lub etib, turnir jadvalida Moskva klubini ortda qoldirib 7-o’ringa chiqib olish imkoniyatiga ega. Yo’ldoshev uchrashuv qaydnomasidan o’rin olgan. O’yin bugun, 27 sentyabr kuni soat 21:00da boshlanadi.
Abdullayev va Haydarov – Qirg’iziston kubogi sohibi
Qo’shni mamlakatlar chempionatlarida to’p surayotgan o’zbekistonlik futbolchilar talaygina. Xususan, o’tgan haftada hamyurtlarimiz Azamat Abdullayev va Otabek Haydarov to’p surayotgan Qo’chqor-ota shahrining «Neftchi» klubi Qirg’iziston kubogi finalida «Alga» klubini mag’lub etdi.
Asosiy vaqtda hisob ochilmadi, penaltilar seriyasida esa «Neftchi» 4:2 hisobida zafar quchib, kubok egasiga aylandi.