2021-22 yilgi mavsum yakunlariga ko’ra topshirilishi rejalashtirilgan “Oltin to’p” mukofotini topshirish marosimi o’z nihoyasiga yetdi. “France Football” nashri tomonidan tashkil etilgan ushbu marosimda quyidagi nominatsiyalar bo’yicha sovrindorlar taqdirlandi:
— Yilning eng yaxshi futbolchisi uchun “Oltin to’p” sovrini;
— Yilning eng yaxshi darvozaboni uchun “Lev Yashin” sovrini;
— Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi uchun “Kopa Trophy” sovrini;
— Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi uchun “Oltin to’p”;
— Yilning eng sermahsul va yaxshi to’purari uchun “Gerd Myuller” sovrini;
— Ijtimoiy xizmatlari va xayriya ishlari uchun “Sokrates” sovrini;
— Yilning eng yaxshi jamoasi sovrini.
Natijalarga ko’ra, “Golden boy” sovrini “Barselona”ning yosh iqtidori — Gaviga topshirildi. Bu yo’lda u Pedri, Bellingem, Kamavinga hamda Musiala singari nomzodlarni ortda qoldirdi.
“Lev Yashin” sovrini esa Madridning “Real” klubi safida Yevropa Chempionlar Ligasi hamda La Ligada g’olib chiqqan Tibo Kurtuaga topshirildi.
Asosiy sovrinni hech shubhasiz, “Real” safida fantastik mavsum o’tkazgan Karim Benzema qo’lga kiritdi. Bu uning faoliyatidagi eng yirik individual sovrin hisoblanadi.
Shuningdek, eng yaxshi ayol futbolchi uchun “Oltin to’p” “Barsa” a’zosi Aleksiya Putelyasga, “Sokrates” sovrini “Bavariya” a’zosi Sadio Manega, “Gerd Myuller” sovrini esa “Barsa” hujumchisi Robert Levandovskiga nasib etdi.
Yilning eng yaxshi jamoasi deb esa — “Manchester Siti” e’lon qilindi. Amaldagi YChL hamda La Liga g’olibi bo’lgan “Real” esa bu ro’yxatda 3-o’rinni egalladi.