Bugun Milliy olimpiya qo’mitasida Sportni rivojlantirish vaziri va Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi prezidenti ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda kelgusida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan nufuzli musobaqalar va bu borada Sportni rivojlantirish vazirligi hamda O’zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan yo’lga qo’yiladigan hamkorlik aloqalari haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, anjumanda o’zaro hamkorlikda kurash sportini dunyoda yanada ommalashtirish, gender tengligi asosida milliy sportimizni xotin-qizlar o’rtasida ham rivojlantirish, xalqaro sport tashkilotlari bilan o’zaro do’stona aloqalarni kuchaytirish va eng oliy maqsad, kurashni Olimpiya o’yinlari dasturiga kiritish ekanligi alohida ta’kidlab o’tildi.
Tadbirdan yana bir muhim voqelik – Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tomonidan har oyda ingliz tilida chop etiladigan «Kurash» jurnali hamda kurash sport turining yagona tartib qoidalariga bag’ishlangan kitob taqdimoti ham o’tkazildi.
Eslatib o’tamiz, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon yana bir necha kun davomida mamlakatimizda bo’ladi va tashrif doirasida bir qator muhim uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Oybek Shukurov.