«PSJ» jamoasi futbolchisi Lionel Messi kecha «Frans Futbol» nashrining «Oltin to’p» sovrini qo’lga kiritgan edi. Bu uning uchun 7-to’p bo’ldi.
Krishtianu Ronaldu esa marosimga nega kelmaganini va marosim tashkilotchilarini yolg’onchilikda ayblab chiqqandi.
Messining ushbu sovringa ega chiqishi jamoatchilik va futbol mutaxassislari tomonidan turlicha qabul qilindi. Uni tabriklaganlar ham bo’ldi, «Oltin to’p»ga boshqa futbolchi haqliroq ekanini aytganlar ham topiladi.
«Leoni chin dildan tabriklayman. O’yinchilarimizdan biri eng muhim sovrinni olgani klubimiz uchun katta sharafdir. Leo futbol tarixini yozyapti. Dunyo bo’ylab uning muxlislari qatorida biz ham buyuk futbolchilardan biri ko’k-qizil liboslilar safida ekanidan xursandmiz», degan «PSJ» prezidenti Nosir al-Xalayfi.
«Lionel Messi va Aleksiy Putelyasni (ayol futbolchi) «Oltin to’p»ni olgani bilan tabriklayman! Nomzod bo’lgan barcha futbolchilarni ham. Men yilning eng yaxshi hujumchisi bo’ldim. Biror futbolchi kuchli jamoa va ortidagi sodiq muxlislarining yordamisiz bunday yuksak sovrinni ololmaydi. Hammaga rahmat!», deb yozgan Robert Levandovski Tvitter sahifasida.
«Leo Messini navbatdagi «Oltin to’p» bilan tabriklayman. Bu shubhasiz bebaho iste’dod egasi ko’rsatilgan hurmatdir. Yetti marta, katta rahmat!», deb yozgan afsonaviy Pele Instagram sahifasida.
«Menimcha, o’tgan yilgi «Oltin to’p» shubhasiz Robert Levandovskiga berilishi kerak edi. U bunga munosib edi. U bunday sovrinni olishga haliyam munosib. Robert Levandovskini taqdirlang. Bu juda oson va to’g’ri yo’l», deb yozgan Angliya terma jamoasi sobiq futbolchisi Gari Lineker.
«Bugun men uchun bu nominatsiya tugadi. Aniqrog’i, bunaqa ko’rinishdagi nominatsiya. Messi buyuk, Messi daho, lekin! Endi mana shu «lekin» bilan u yashab o’tishiga to’g’ri keladi. Uning o’zi ham pandemiya bilan o’tgan 2 yil ichida eng zo’ri bo’lmaganini tushunib turibdi. Ertami-kechmi, afsonalar ham ketadi. Bugun Messi ketdi. U haqiqatan ham bir necha avlod uchun yaxshi futbolchi. Lekin so’nggi 2 yil uchun eng yaxshisi Levandovski. To’pni unga berish kerak», deb yozgan «Spartak» jamoasi sobiq yarim himoyachisi Maksim Kalinichenko o’z Telegram kanalida.
«Messini «Oltin to’p» bilan tabriklaymiz, lekin Levandovski olganida xursand bo’lardik. Shunday salohiyatli futbolchi «Bavariya»da ekanidan faxrlanamiz. Uni yil hujumchisi deb adolatli qaror qilishdi. Robert — professionallik namunasi. U doim o’z oldiga yangi maqsadlar qo’yadi va shuning uchun dunyoning eng yaxshilaridan bo’lib turibdi», degan «Bavariya» klubi sport direktori Hasan Solihamijich.
«Qo’llab turgani uchun hammaga rahmat! Men sizlar uchun futbol o’ynashdan to’xtamayman. Tomosha davom etishi kerak», deb yozgan Karim Benzema Tvitter sahifasida.
«Futbol sovrinlariga nisbatan ishonchim yo’qolmoqda. Messi men uchun dunyoning eng kuchli 5 futbolchisidan biri. Lekin o’yinchilar faqat bir mavsumdagi natijalariga qarab baholanishi kerakligini tushunishimiz kerak. Bu qiyin emas-ku, nega murakkablashtiramiz?», deb yozgan darvozabon Iker Kasilyas Tvitterida.
«Leo Messini tabriklayman! Levandovski bu mavsum fenomenal bo’ldi. Lekin tushunmayman, Messiga shuncha tanqidlar nega? Shunchaki sovrin aniqlash formulasi uni tanlagan xolos, buni o’zgartirish vaqti keldi. Bu esa «Frans Futbol» nashridagi odamlarning vazifasi», deb yozgan UEFA vitse-prezidenti Zbignev Bonek Tvitter sahifasida.