Lionel Messi Argentina terma jamoasi bilan Finalissima—2022 da g’alaba qozondi.
Messi faoliyatidagi 40-sovrinini qo’lga kiritdi va Dani Alves bilan oradagi farqni qisqartirdi.
Bunga qadar argentinalik hujumchi «Barselona» safida 10 marta La Liga, 4 marta Chempionlar Ligasi, 8 marta Ispaniya Superkubogi, 7 marta mamlakat Kubogi, 3 martadan klublar o’rtasidagi Jahon chempionati va Yevropa Superkubogida zafar quchgan. «PSJ» bilan esa Fransiya chempionligiga erishdi.
Argentina terma jamoasi bilan Amerika Kubogini qo’lga kiritgan, shuningdek, Olimpiada va yoshlar o’rtasidagi Jahon chempionatida shohsupaga ko’tarilgan.
Faoliyati davomida erishilgan sovrinlar bo’yicha Messi «Barselona» sobiq futbolchisi Andres Inyestani (39 ta sovrin) ortda qoldirdi.
Faqatgina kataloniyaliklar himoyachisi Dani Alves undan oldinda. Braziliyalik jami 46 ta sovringa ega chiqqan.
Rekordchi Alvesning sovrinlari soni borasida ikki xil statistika mavjud. Ba’zi manbalarda 46 ta sovrin ko’rsatilgan, ammo ayrim ma’lumotlarda Alvesning erishgan sovrinlari 42 ta ekani qayd etilgan.
2001 yilgi Baiya chempionligi va Nordeste Kubogidagi g’alaba so’roq ostida qolmoqda. O’shanda Alves «Baiya» safida o’ynagan. Bundan tashqari 2018 yilgi Fransiya Superkubogi ham hisobga kiritilmagan, chunki Alves o’sha o’yinda «PSJ» qaydnomasidan joy olmagan. Shuningdek, Danining 2003 yilgi yoshlar o’rtasidagi Jahon chempionatida Braziliya bilan chempionligi ham hisobga kirmaydi degan taxminlar mavjud.