Bu hafta dam olish kunlari katta o’yinlarga to’la. Italiya, Ispaniya va Angliyada nafaqat bugungi kun, umuman, mamlakat futboli yetakchilarining o’zaro to’qnashuvlari bo’lib o’tadi. Bemalol kelayotgan yakshanbani «Klassikalar kuni» deb ham atash mumkin. Albatta, bu nomdor o’yinlar bilan bir qatorda, quyida e’tirof etilmagan har qanday o’yin ham shiddatli, tomoshabop bahsga aylanib ketishi mumkin. Axir bu Yevropa!
BARSELONA – REAL MADRID (24 oktyabr, 19:15)
«Barselona» o’ziga o’xshamayotgandek, tasavvur ostida bo’lsa-da, aslida hammasi barqaror va tushunarli. Kuman shogirdlari kuchli jamoalarga yutqazishmoqda., o’rtamiyonalar bilan qiyin o’yinda g’alaba yoki durang, kuchsizroqlardan esa, ustunlik qayd etilyapti. Umuman, top-raqiblarga qarshi o’yinda g’alaba qozona olmaslik tendensiyasi o’tgan mavsumdan beri bor – bir yil oldin YeChL guruh bosqichida «Yuventus» ustidan qozonilgan g’alabadan (3:0) keyin «Barselona» biror marta top-raqibni yenga olmadi. Messi borligida ham «Atletiko», «Real», «PSJ», «Bavariya» kabi jamoalarga qarshi kechgan 8 o’yinda 2 durang va 6 mag’lubiyat.
Qizig’i, «Real» doim ham top-klubga yarashadigan o’yin ko’rsata olmayapti. Ba’zida «Inter», «Shaxtyor», «Selta» va «Malorka» kabi jamoalarga qarshi ishonchli g’alabalar «Sherif» va «Espanol» kabi o’yinlardagi kutilmagan hisoblar bilan almashib turibdi. Ya’ni bu o’yin natijasi «Real»ning qaysi yon bilan uyg’onishiga bog’liq – agar o’z darajasida o’ynay olsa, Kuman shogirdlarida imkoniyat deyarli yo’qdek. Umuman, oxirgi 4 o’zaro o’yinda «Barselona» Klasikoda g’alaba qozona olmayapti. 0:0 hisobidagi durang bilan boshlangan ushbu seriya «Real»ning qatorasiga uch g’alabasi bilan davom etmoqda.
«Real» g’alabali seriyasini davom ettirsa, Ispaniya chempionati peshqadamiga aylanib oladi. Aksincha, «Barselona»ning g’alabasi esa, ularga «Real»ni quvib o’tish imkonini beradi. Kuman shogirdlari shunday holatdaki, g’alaba ularni hatto 2-o’ringa olib chiqishi, mag’lubiyat esa, 9-pog’onaga tushirib yuborishi mumkin.
Tarkiblar borasida kutilmagan yo’qotishlar yo’q. Jordi Alba muddatidan oldin safga qaytgani va so’nggi uchrashuvlarda ancha yaxshi o’yin ko’rsatayotgani guvohi bo’ldik. Pedridan tashqari, asosiy tarkib o’yinchilaridan Ronald Arauxo «Barselona»ga yordam bera olmaydi, xolos. Madridliklar safida Beyl, Isko, Yovich va Sebalosda jarohat bor, ammo bu futbolchilar to’liq sport formasida bo’lgan taqdirda ham, Anchelotti ularni katta ehtimol bilan asosiy tarkibga tushirmasdi.
MANChESTER YuNAYTED – LIVERPUL (24 oktyabr, 20:30)
EChL 3-turini bezab bergan ikki eng yorqin o’yin aynan mana shu jamoalar ishtirokida bo’ldi. Bir xil (3:2) hisobida g’alaba qozongan jamoalar emotsional jihatdan cho’qqiga chiqa olishdi va uning davomini yakshanba oqshomida bo’lib o’tadigan derbida kutishga haqlimiz.
«Liverpul» mayli, uzoq davom etgan inqirozdan chiqib oldi va xuddi ikki yil oldingidek formani namoyish etmoqda, yana Angliyada chempionlik uchun asosiy da’vogarga aylandi. Ammo raqobatchilar kuchli, Klopp jamoasi ayni pallada ochko yo’qotmasdan borishi shart. Sababi, yanvar oylarida Afrika Millatlar kubogi bo’lib o’tadi va bu turnirdan eng ko’p aziyat chekadigan jamoa aynan «Liverpul»dir. Sadio Mane, Nabi Keyta va Muhammad Salohning jamoadagi o’rni beqiyos, ular esa, shu turnir tufayli 6-8 o’yinda jamoadan chetda bo’lishadi. Oldini olish qiyin bo’lgan pasayishdan omon chiqish uchun esa, imkon qadar ishonch va ochko zaxirasi bilan yetib borish maqsadga muvofiq.
«Yunayted»ning o’z vazifasi bor. Ronalduga eng mos taktikani topish, APLdagi natijalarni yaxshilash, futbolchilarga ishonchni qaytarish va chempionlik poygasiga qaytish. Eng qiyini, eksperimentlar kuchli raqiblarga qarshi amalga oshirilishi kerak, zero «Liverpul»dan keyingi raqiblar «Tottenhem» va «Manchester Siti». Katta ehtimol bilan aynan mana shu uch o’yin Sulsherning kelajagini ham, umuman jamoa ushbu mavsumda nimalarga da’vogarlik qilishini ham ko’rsatib beradi.
Yaxshi tomoni, har ikki jamoa ham o’yinda eng kuchli tarkibini tushirish imkoniyatiga ega. Jarohatlar yo’q va biz ayni paytda maydonda uch nafar «Oltin to’p»ga da’vogar bo’lgan futbolchini ko’rishimiz mumkin. Markus Reshford «Atalanta» bilan o’yinda yengil jarohat olgan bo’lsa-da, u qadar jiddiy emas. Aytish mumkinki, aynan Reshfordning qaytishi «Yunayted» o’yinini ayniqsa, katta jamoalarga qarshi osonlashtiradi. Uzun paslar, qarshi hujumlar va himoyachilar ortidan ochilish borasida u Grinvuddan ham, Sanchoda ham ustun. Qaytgach, ikki o’yinda umumiy 90 daqiqadan sal ko’proq maydonda harakat qilgan Reshford 6 marotaba darvozabonlar bilan yakkama-yakka qolgani – ajoyib natija. Ikki marta u vaziyatni golga aylantira oldi.
Sulsher shu paytgacha Klopp ustidan bir marta, shu yilning yanvar oyida g’alaba qozongandi. Ammo bu APL emas, Angliya kubogi doirasidagi o’yin edi. APLda esa, ikki murabbiy to’qnashuvi 5 bor sodir bo’lgan – uch durang va 2 marta Kloppning qo’li baland kelgan.
ROMA – NAPOLI (24 oktyabr, 21:00)
Konferensiyalar Ligasida (!) Norvegiya (!!) klubiga 1:6 hisobida (!!!) boy bergan Joze Mourino «Roma»ning ikkinchi tarkibi asosiysidan sifat borasida keskin farq qilishi haqida aytdi. Odatda murabbiylar agar kelajakda ham bu futbolchilardan foydalanishi mumkinligini o’ylasa, bunday gaplar aytmaydi. Zero, kecha maydonga tushgan futbolchilar ichida, masalan, Mayoral o’tgan mavsumda bir pog’ona yuqori turnir bo’lmish Yevropa Ligasi guruh bosqichida to’purar ham bo’lgan. Xullas, Mourinoning yangi jamoasidagi «asal oyi» bu safar sal ertaroq yakuniga yetgan ko’rinadi.
«Napoli» esa, o’zgacha kayfiyatda Rimga tashrif buyuradi. Spalletti jamoasi Yevropa Ligasida guruh peshqadami bo’lib turgan «Legiya»ni 3:0 hisobida yengdi, A Seriyada esa, 8 o’yindan 8 g’alabaga erishib, kuchli beshlikda hali ochko yo’qotmagan yagona jamoa bo’lib turibdi. Ammo boshqa tarafdan, «Napoli» qulayroq taqvimga ega bo’ldi, yetakchi klublardan faqat «Yuventus» bilan o’ynadi va u paytlarda turinliklar yaxshi formada bo’lmay, hatto «Empoli»ga ham yutqazib yurgandi. Ya’ni «Roma» safaridan so’ng ham g’alabali seriyaning davom etishi «Napoli»ga chempionlik yo’lidagi dadil qadam bo’lib xizmat qiladi.
O’zaro o’yinlarda ayniqsa, so’nggi yillarda «Napoli»ning yaqqol ustunligini kuzatish mumkin. Rimda o’tgan oxirgi 5 o’yinning 4tasida mehmonlarning qo’li baland kelgan. O’tgan mavsumda har ikki o’yinda «Napoli» g’alaba qozongan va «Roma» bu o’yinlarda birorta gol urishning ham uddasidan chiqmagan.
INTER – YuVENTUS (24 oktyabr, 23:45)
A Seriyaning markaziy o’yini esa, shubhasiz, Milanda bo’lib o’tadi. O’tgan mavsumdagi chempionlikning asosiy yaratuvchilari Antonio Konte va Romelu Lukaku ketganidan so’ng ham, Italiyada asosiy kuch bo’lib qolayotgan «Inter» va qariyb bir yarim yillik inqirozni nihoyat bartaraf etishni boshlayotgan «Yuventus»…
Har ikki jamoa uchun YeChLning navbatdagi turi muvaffaqiyatli kechdi. «Inter» guruh bosqichidagi ilk g’alabasiga erishib, 2-o’rin uchun yaxshi imkoniyat hosil qilib olgan bo’lsa, «Yuventus» YeChLda 100 foizlik natija ko’rsatayotgan to’rt jamoadan biri bo’lib turibdi va pley-off masalasini deyarli hal qildi. Qizig’i, «Yuventus» YeChLda ham, Italiya chempionatida ham so’nggi ikkitadan o’yinini, jami to’rt o’yinni bir xil – 1:0 hisobida yakunlagan. Hali hujumda hammasi ko’ngildagidek emasdir, lekin Allegri kamida himoyani o’z o’rniga qo’ya oldi va «Inter»ga qarshi o’yinda bu katta ustunlik beradi.
Aksincha, odatda mana shunday g’alabalarga usta bo’lgan «Inter» o’zgarib, «Atalanta»ga aylanib qolgandek. O’xshashlik libosda emas, o’yinlardagi natijalarda ham – «Inter» ishtirokidagi o’yinlarda o’rtacha 4tadan ortiq gol urilmoqda. Jamoa 23 gol bilan eng sermahsul jamoa, bu yaxshi, lekin 8 o’yinda o’tkazilgan 11 gol chempionlik uchun kurashayotgan jamoa uchun juda ko’p. Ayniqsa, «Latsio»ga qarshi o’yin ancha og’riqli yakunlandi, birinchi bo’limdan so’ng hisobda oldinda borgan milanliklar oxirgi 10 daqiqada ikki gol o’tkazib yuborib, 1:3 hisobida mag’lubiyatga uchradi. Mavsumdagi ilk mag’lubiyat.
O’zaro o’yinlarga qarasak, oxirgi 25 o’yindan atigi 4tasida «Inter»ning qo’li baland kelgan. «Yuventus» 15 marta g’alaba qozongan. Jumladan, o’tgan mavsum oxirida bo’lib o’tgan Turindagi o’yin ham juda shiddatli kechgandi. Ronalduning urolmagan penaltisi, Kyellinining avtogoli, Brozovichning qizil kartochkasi va «Inter» ikki marta hisobni tenglashtirgan o’yinda Kuardado 88-daqiqada penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarga 3:2 hisobidagi g’alabani ta’minlab bergandi.
OLIMPIK MARSEL – PSJ (24 oktyabr, 23:45)
Fransiya chempionatining joriy mavsumida kimdir parijliklarga raqobat qilishi mumkinligini taxmin qilish qiyin, lekin jadval nuqtayi nazaridan aynan «Marsel» bugungi kunda «PSJ»ning eng yaqin ta’qibchisi hisoblanadi. Jamoa 3-o’rinda borayotgan bo’lsa-da, bir o’yin kam o’tkazgan va agar o’sha o’yin uchun ham ochko qo’shadigan bo’lsak, Sampaoli shogirdlari 20 ochko bilan 2-o’ringa joylashishadi. «PSJ» hisobida esa, 10 o’yinda olingan 27 ochko bor.
Bundan 10 yil oldin, 2011 yilning 28 noyabrida «Olimpik» o’z maydonida «PSJ» ustidan 3:0 hisobida g’alaba qozongan. Mana shu uchrashuvdan beri marselliklar o’z maydonida «PSJ»ni yenga olishmayapti. To’g’ri, orada faqat bir marta, o’tgan yilning sentyabrida «Olimpik» 1:0 hisobida ustun kelgan, ammo o’sha uchrashuv Parijda bo’lib o’tgandi. Demak, yulduzlarga to’la Parij jamoasi ustidan g’alaba qozonish uchun yaxshi motivatsiya bor.
Marselliklar Yevropa Ligasida Rimga safar qilib, 0:0 hisobida durang o’ynashdi va o’yinda jamoaning deyarli barcha yetakchi futbolchilari qatnashdi. «PSJ» o’z yevrokubok uchrashuvini ikki kun oldin o’z maydonida o’tkazganini e’tiborga olsak, mehmonlar jismoniy jihatdan kuchliroq bo’lishini taxmin qilsak bo’ladi. Jarohatlanganlar esa, aksincha, «PSJ»da ko’proq – Neymar va Paredes katta ehtimol bilan sheriklariga yordam bera olmaydi.
ATLETIKO – REAL SOSYEDAD (24 oktyabr, 23:55)
Shuncha katta o’yinlar ham sizni futboldan charchatmasa, desertiga Ispaniya futbolining klassik to’qnashuvi taqdim etiladi. Madrid va Baskoniya to’qnashuvi. Amaldagi chempion va turnir jadvalini ayni pallada boshqarib turgan jamoa bahsi.
Ha, balki kutilmagandir, balki «El Klasiko»dan so’ng Anchelotti shogirdlari to’plar nisbati bo’yicha peshqadam bo’lib olar, ammo mavsumni mag’lubiyat bilan boshlagan «Sosyedad» futbolchilari haqiqatan ham ajoyib mag’lubiyatsiz seriyani amalga oshirdi – barcha musobaqalarda 11 o’yin. Natijada jamoa La Liga peshqadamiga aylanib oldi, Yevropa Ligasida ham hammasi joyida, pley-offga chiqish uchun yaxshi imkoniyat yaratilgan. To’g’ri, g’alabalar nisbatan kamtar jamoalar ustidan va kichik hisobda qayd etilmoqda, ammo katta ehtimol bilan Ispaniya chempionatida bu yil barqarorlik eng muhim ustunlikka aylansa ajab emas. Zero asosiy favorit sanalgan «Atletiko» ham u qadar ishonchli ko’rinmayapti, «Barselona» ustidan g’alaba qozonilgani bilan «Alaves»dan mag’lubiyatga uchralgan.
Tarkibdagi muammolarga e’tibor qaratsak, basklarning holati anchagina qiyin. Jamoa yetakchisi va to’purari Mikel Oyarsabal terma jamoa o’yinlarida jarohat oldi va o’tgan o’yinda ham sheriklariga yordam bera olmadi. Qanot himoyachisi Munos esa, «Malorka» bilan o’yinda ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi va endi diskvalifikatsiya tufayli jamoaga yordam bera olmaydi. Mezbonlardan Markus Lorentening maydonga tushishi so’roq ostida.
O’tgan mavsumdan farqli ravishda «Atletiko» gol urish borasida muammolarga duch kelmoqda. Simeone shogirdlari sermahsullik borasida 8-turdan so’ng La Ligada atigi 8-o’rinda borishmoqda. «Sosyedad» esa, aksincha, o’tkazilgan 8 o’yinning 6tasida o’z darvozalaridan to’p olib chiqmagan. Dastlabki turdagi «Barselona»dan qabul qilingan 4 gol hisobga olinmasa, keyingi 7 o’yinda atigi 3 gol o’tkazib yuborilgan. Bu nuqtayi nazardan, mezbonlarning metin himoyani yorib o’tishga urinishlari va «Sosyedad»ning javobi – bu to’qnashuvning eng asosiy intrigasi bo’ladi, deb taxmin qilish mumkin.
BOShQA O’YINLAR
23 oktyabr. ChELSI – Norvich (16:30), Arminiya – BORUSSIYa D (18:30), BAVARIYa – Hoffenhaym (18:30), Brayton – MANChESTER SITI (21:30), Bolonya – MILAN (23:45)
24 oktyabr. ATALANTA – Udineze (15:30), SEVILYa – Levante (17:00), Vest Hem – TOTTENHEM (18:00)