Erik ten Xag Ronalduni qaytadan «kashf qilmoqchi»

«Manchester Yunayted» so’nggi bahsini «Everton» bilan safarda o’tkazgandi. Jamoa liverpulliklar ustidan g’alabaga erishdi. «MYu»ning uch ochkolik golini esa Krishtianu Ronaldu kiritgan edi. Ammo «mankunianliklar» o’sha o’yinda g’alabaga erishish bilan birga, o’z hujumchisi Antoni Marsyaldan ham bir necha haftaga ayrildi. Bu esa «ayrimlar»ga katta imkon degani. Jamoa ustozi Erik ten Xag so’zlariga ko’ra, Marsyalsiz klub Ronalduning yordamiga muhtoj bo’ladi. Bu haqida ten Xag o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi. Niderlandiyalik mutaxssis shunday deydi:

 

«Men uni (Ronalduni) qo’limdan kelganicha qo’llab-quvvatlashga harakat qilaman. Biz har bir futbolchidan har xil narsa talab qilamiz. Shaxsan men, Ronaldudan samarali foydalanish tarafdoriman. Hozir u nisbatan yaxshiroq formada va bundan xursandman. Mavsum boshida uning formada emasligi hamma uchun muammoga aylangandi. Bu esa shuni yana bir bor isbot etdiki, hech kim mavsumoldi bahslarini o’tkazib yubormasligi kerak.

 

Men hozirga qadar Ronaldu bilan ko’p gaplashdim. Shu sabab uning formada emasligini yaxshi bilardim. Ammo oxirgi o’yinda u ajoyib mahsuldorlik ko’rsatdi. Assist va gol, o’ylashimcha, yomon natija emas. Pressinglarda ham Ronaldu yetarlicha ishtirok etmoqda. Uning formada bo’lmagani, jamoa uchun ham murakkab davrga aylandi. Men esa doimo jamoaning har bir a’zosini o’yinlarga tayyor bo’lishini xohlayman. Ammo bu hayot va doim ham bunday bo’lavermaydi. Ayniqsa, sizni oldinda muhim o’yin kutib turgan bo’lsa. Kerakli futbolchilar mavjud bo’lmaganda, foydalanish mumkin bo’lganlaridan maksimum oqilona bo’lgan tarkib shakllantirishga harakat qilaman. Ishoning, har bir bahsda faqat g’alaba uchun maydonga tushamiz. Yevropa sahnida harakat qilish oson ish emas. Ammo YeLda guruhni yutish juda ham muhim. Buni futbolchilarim ham yaxshi biladi».

 

37 yoshli Ronaldu payshanba kuni oqshomida «Omoniya»ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda. Ushbu bahsni hujumchi Marsyal, himoyachilar Xarri Maguayr va Uan-Bissaka hamda yarim himoyachi Donni van de Beklar jarohat sabab o’tkazib yuboradi. «Manchester Yunayted» ayni damda YeL doirasida o’z guruhida «Real Sosyedad» bilan yetakchilik uchun kurashmoqda. Ronaldu esa bu yo’lda «MYu»ga yordam berishi kerak.