Shanba kuni «Atletiko»dan uchralgan mag’lubiyat (0:2) muxlislarning sabr kosasini to’ldirishda davom etdi.
Ispaniya chempionati. La liga. 8-tur
«Atletiko» — «Barselona» — 2:0 (2:0)
Gollar: Lemar, 23 (1:0). Suares, 44 (2:0).
«Atletiko»: Oblak, Savich, Ximenes, Ermoso (Felipe, 81), Koke, de Paul (Trippyer, 46), Lorente, Lemar, Suares (Grizmann, 72), Ferreyra-Karrasko (Lodi, 81), Joau Feliks (Korrea, 72).
«Barselona»: ter Shtegen, Pike, Mingesa (Puch, 75), Arauxo, Dest (Langle, 86), Buskets, Koutinyu (Fati, 64), F.de Yong, Gavi (L.de Yong, 75), Gonsales (Serji Roberto, 46), Depay.
Ogohlantirishlar: Gavi, 20. de Paul, 45+1. Koke, 78.
Hakam: Martines Munuera.
2 oktyabr. Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni.
Madriddagi o’yin natijasidan qat’i nazar Ronald Kuman «Barselona» bosh murabbiyligini tark etishi kutilayotgandi. Ammo o’yin boshlanishiga bir necha soat vaqt qolganida klub prezidenti Joan Laporta bayonot berdi: Kuman Diego Simeone jamoasiga qarshi o’yinda qanday natija qayd etilsa ham ishlashda davom etadi.
Bu qarorni turlicha talqin etish mumkin: niderlandiyalik mutaxassis bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilish uchun 12 million yevrolik tovon puli yo’qligi, uning o’rnini egallashi mumkin bo’lgan mutaxassis bilan kelishuv yo’qligi, mo»jizadan umid qilish va hokazo. Ammo bu vaqtda Kataloniyada yong’in davom etmoqda.
Kuman yana qancha vaqt qoladi?
«Atletiko»ga qarshi o’yindan keyin Kumanning iste’fosi ro’y bersa, voqealar rivoji o’zining yuqori nuqtasiga chiqqan bo’lardi. O’shanda chiroyli qasos tarixiga guvoh bo’lgan bo’lardik: Luis Suares Toma Lemar urgan birinchi golga assistentlik qildi, keyinroq sovuqqonlik bilan harakat qilib «matraschilar»ning ustunligini mustahkamladi. Golidan keyin urugvaylik forvard «qo’ng’iroq qil» jestini namoyish etdi, uning bu harakati o’tgan yil yozidagi alamli haydalish voqeasi vaqtida futbolchi bilan bog’lanishga ham yaramagan niderlandiyalik murabbiyga qaratilgandi.
Shunda bu o’yinni «Kadis» bilan o’yindagi qizil kartochkadan keyin diskvalifikatsiya o’tayotgani tufayli tribunadan kuzatgan Kuman stadionni so’nggi bor ko’k-anorranglilar murabbiyi sifatida tark etgan bo’lardi. Ammo u iste’foga chiqarilmadi va niderlandiyalik mutaxassis telefon orqali kataloniyaliklarga «Stok Siti» rejimini yoqqan holda» o’ynashga ko’rsatmalar berishda davom etdi.
Oldinda — terma jamoalar uchun ajratilgan tanaffus, keyin — uchta uy o’yini. «Valensiya», Kiyevning «Dinamo»si hamda «Real»ga qarshi o’yinlar. Bunday raqiblar jamlanmasi «Barsa»ga hech qanday yaxshilikni ravo ko’rmayapti. Ammo qaror qabul qilish huquqi Laportada qoladi.
«Bu futbolchilarga zarar keltiradigan urush»
O’yin arafasida Luis Suares Kataloniyaning Sport va ESPN nashrlariga intervyu berdi va o’zining sobiq klubi, xususan, Kuman bilan munosabatlaridagi yangi gaplarni ochiqladi.
«Men «Barselona»ga ko’p narsa bergandim va o’ylaymanki, bunday munosabatga munosib emasdim. Ular men bilan yuzma-yuz gaplashib olishlari va barchasiga tushuntirish berishlari kerak edi. Agar shartnoma chorshanba kunigacha bekor qilinmaydigan bo’lsa, yakshanba kungi o’yinda tushishim mumkinligini aytmasliklari kerak edi», deydi urugvaylik futbolchi.
Suaresning xotiralari Kumanning layoqatsiz muzokarachi sifatidagi portretiga yangi bo’yoqlar berdi. Urugvaylik futbolchining klubdagi maqomi va avtoriteti o’ziga yarasha bo’lgan, ammo Niderlandiya termasining sobiq murabbiyi kartinani boshqacha ko’rgan.
«U menga 15 yoshli o’spiringa qilgandek munosabatda bo’ldi. Ular meni uchinchi va to’rtinchi mashg’ulot maydonlariga yolg’iz shug’ullanish uchun jo’natishdi. Bu juda og’riqli edi, dilim og’ridi. Men bu xo’rlikdan uyga yig’lab qaytdim», deya hikoya qiladi Suares.
«El Pistolero» Kuman va Laportaning munosabatlaridagi beqarorlik haqida ham gapirgan: «Bu urush faqat futbolchilarga zarar keltiradi».
Suaresning bu so’zlari shundoq ham qiyin vaziyatdagi «Barselona»ni ichki ziddiyatlar yanada murakkablashtirganini ko’rsatadi. Moliyaviy muammolar, o’yin va uslubdagi inqiroz shaxslar orasidagi nizolardan kelib chiqqan.
O’sib borayotgan qarzlar
2021 yil mobaynida erinmagan odamlarning barchasi «Barselona»dagi moliyaviy inqirozni muhokama qildi. Ba’zida katalonlar klubining eng ashaddiy heyterlari ham klubga nafratini sochishdan tiyildi va Laportani qarzlari bilan xoli qoldirishdi, u bu borada bayonot berdi. Avgust oyida «Barsa»ning amaldagi prezidenti mart oyi holatiga ko’ra klubning qarzdorligi 1,35 milliard yevroni tashkil etganini ma’lum qildi. Ayrim nashrlar ko’k-anorranglilar qaysidir kompaniyadan 1,5 milliard yevro miqdorida kredit olgani haqida xabar tarqatgan mahalda, klubning 2020/21 yillar mavsumi uchun moliyaviy hisoboti e’lon qilindi.
Daromadlar 24 foizga kamaygani holda xarajatlar 19 foizga o’sgan va zarar miqdori 481 million yevroni tashkil etadi — yumshoq qilib aytganda, milliarddan ortiq qarzni to’lashi kerak bo’lgan klub uchun nosog’lom vaziyat. 6 oktyabr kuni bosh direktor Ferran Reverter moliyaviy natijalar va kelgusi yil byudjeti to’g’risida batafsil bayonot bilan chiqish qiladi. La Ligada maoshlar miqdori uchun o’rnatilgan chegara tufayli «Barselona» xarajatlarini yanada qisqartirishiga to’g’ri keladi.
Kataloniyadagi yong’in shunchalik keng qamrovli va komik ediki, klubda olovni yog’ bilan o’chirishga uringan layoqatsiz o’t o’chiruvchini ishdan bo’shatish uchun mablag’ yoki cojones yo’q. «Vanda Metropolitano»dagi sharafsiz mag’lubiyat — mavsum startidagi dahshatning davom etishi bo’ldi. Laporta omma oldida Kumanni himoya qilayotgan bo’lsa-da, bunday tempda u yaqin vaqtlar ichida qaysi biri ma’qulroqligi bo’yicha qaror qilishi kerak: dahshatli yakunmi yoki yakunsiz dahshat?
«Sports-Ekspress»