Kecha Toshkent xalqaro aeroportida joriy yil 4-8 sentyabr kunlari Tailandda kurash bo’yicha o’smirlar o’rtasida o’tkazilgan Osiyo chempionatida munosib ishtirok etib qaytgan sportchilar tantanali kutib olindi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Kutib olish marosimida Sportni rivojlantirish vazirligi, O’zbekiston kurash federatsiyasi, ota-onalar va OAV xodimlari kutib olishgan.
Chempionatda qit’aning 12 davlatidan 100 nafardan ziyod iqtidorli polvonlar g’oliblik uchun bellashgan.
Musobaqada ishtirok etgan hamyurtlarimizdan 13 nafari shohsupaning eng yuqori pog’onasiga ko’tarilishning uddasidan chiqishgan. Shuningdek, Osiyo chempionatida yana bitta kumush hamda 4 ta bronza medalini qo’lga kiritgan yosh kurashchilar umumjamoa hisobida 1-o’rinni egallashgan.