Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga kelgan paytlarda temuriyzodalar hukmronlik qiladigan Movarounnahr va Xuroson o’lkasida Xoja Ubaydullo Ahror (Xoja Ahror Valiy, 1404–1490)ning nufuzi nihoyatda baland edi. Shu bois, temuriy hukmdorlar o’rtasidagi ko’plab nizoli vaziyatlarni tinchlik yo’li bilan hal qilgan. Xoja Ahrorga Boburning otasi Umarshayx mirzo shu qadar ixlos qilar ediki, Xoja uni doimo “o’g’lim” deb ardoqlar edi.
1483 yilning 14 fevralida Umarshayx mirzo xonadonida o’g’il farzand dunyoga kelgach, mirzo Xoja Ubaydulloga odam yuborib, shahzodaga ism qo’yib berishni so’raydi. Xoja chaqaloqqa Zahiriddin Muhammad, ya’ni “Muhammad (s.a.v.) dinining tayanchi” deb nom beradi.
Boburning xolavachchasi, tarixchi va davlat arbobi Mirzo Muhammad Haydar bu haqda shunday yozadi: “…bu paytda chig’atoylar ko’chmanchi hayot kechirishar, o’troq emas edi, ular Zahiriddin Muhammadni aytishga qiynalishardi, shu sababli uni Bobur deb ham atardilar. Xutba va yorliqlarda uni Zahiriddin Muhammad Bobur deb aytishdi va yozishdi. Ammo u ko’proq Bobur Podshoh nomi bilan mashhurdir”. Gulbadanbegimning aytishicha, 1508 yil, Boburning vorisi Humoyun mirzo tug’ilgach, Bobur o’zini “podshoh” deb atashlari haqida farmon bergan.
Keyinchalik, Bobur o’ziga ism qo’ygan piri komil (Ubaydullo Ahror)ning “Risolai Volidiya” asarini turkiy tilga nazmiy (she’riy) tarjima qildi. Bu bilan, Bobur xoja oldidagi ulkan ma’naviy qarzni ado etgan bo’lsa, ajab emas.
Bu haqda u o’zining “Boburnoma” asarida shunday yozadi: “Juma kuni, oyning yigirma uchinchisida badanimda isitma zohir bo’ldi (1528 yili Hindistonning Gvaliyar viloyatida – A.Z.). Shunday bo’ldiki, juma namozini masjidda qiynalib o’qidim. Ertasiga peshin namozini ehtiyot yuzasidan kitobxonada biroz muddatdan so’ng o’qidim. Indini, yakshanba kuni yana isitmam chiqdi, ozroq titradim. Seshanba kechasi, safar oyining yigirma yettinchisida hazrat Xoja Ubaydullohning “Volidiya” risolasini nazm qilmoq fikri ko’nglimga keldi.
Hazratning ruhiga iltijo qilib, ko’nglimdan kechirdimki: agar bu manzuma hazratga ma’qul bo’lsa, … bu xastalikdan forig’ bo’lsam, nazmim qabul qilinganiga shu dalil bo’lardi. Ushbu niyat bilan… risolani nazm etishga kirishdim. O’sha kechaning o’zida o’n uch bayt yozdim. Xuddi atayin kelishilgandek, har kuni o’n baytdan kam bitilmas edi.
Darvoqe, bir kungina bu ish qilinmadi. O’tgan yili va balki har gal bu xastalikka chalinganimda, aqalli bir oy, qirq kun og’rirdim. Tangri inoyati bilan, hazratning himmatidan, payshanba kuni, oyning yigirma to’qqizinchisida birozgina isitmaladim, keyin mutlaqo tuzalib ketdim. Shanba kuni, rabi ul-avval oyining sakkizinchisida risola so’zlarini she’rga solish nihoyasiga yetdi”.
Bobur shunday bir niyat bilan Xoja Ahrorning “Volidiya” risolasini turkiy nazmga kirita boshlaydi va tarjima oxiriga yetmay turib kasallikdan shifo topadi.
Asar esa bir oyyu qirq kunda turkiy nazmiy shakl hosil qiladi. Bobur “Volidiya” risolasining boshlang’ich qismida Xoja Ahrorni shunday ta’riflaydi:
Hazrati Xoja Ubaydullohdin,
Eshit ul sirri xudoogohdin,
Xojalar xojasi ul Xoja Ubayd,
Xodimu chokari Shibliyu Junayd.
Holatu martabasi zohirdur,
Vasfu ta’rifida til qosirdur.