Toshkentda sanitariya-gigienik shoxobchasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Mirobod tumani, Lokomotiv ko’chasida joylashgan ushbu shoxobcha erkaklar, ayollar hamda nogironligi bo’lgan shaxslar uchun mo’ljallangan hojatxonalar, yuvinish xonasi hamda xodimlar uchun mo’ljallangan xonani o’z ichiga olgan. Bu O’zbekistondagi birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigienik shoxobcha hisoblanadi.
Qayd etilishicha, mazkur shoxobchaning boshqa shu singari shoxobchalardan asosiy afzalligi uning avtomat rejimda ishlashi va eng zamonaviy sanitar-gigienik moslamalar bilan jihozlanganligidir. Qolaversa, unda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo’lgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar qulay foydalanishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.
Tadbirkor Kamoliddin Danaboyevning aytishicha, shoxobcha avtomatlashtirilgan rejimda ishlaydi. Har bir jarayon uchun alohida vaqt belgilangan. Agar, masalan, hojatxonaga kirgan fuqaroning salomatligida biror muammo yuzaga kelsa yoki boshqa sabab bilan uzoq qolib ketsa, signal chalinadi va ogohlantiriladi. Shuningdek, ayollar hojatxonasida alohida avtomatik tarzda ishlaydigan savdo burchagi tashkil etilgan. Bunda ayollar farzandlari uchun pampers va shunga o’xshash narsalarni xarid qilishlari mumkin. Shoxobcha kunu tun ishlaydi.