image0

Rocherster texnologiya instituti xodimi Endryu Xaverli iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun dengiz tubida 81 gigatonnali termoyadroviy bomba portlatishni taklif qildi. Bu haqda “Arxiv” portali xabar berdi.

“Portlash okean tubidagi deyarli 4 trillion tonna bazaltni mayda bo‘laklarga aylantiradi va bu tabiiy jarayon orqali atmosferadagi karbonat angidrid gazini so‘rib olishga yordam beradi. Natijada so‘nggi 30 yildagi barcha chiqindilar yo‘q qilinadi”, deydi tadqiqotchi.

Olim portlashni Janubiy okeandagi Kergelen platosi hududida amalga oshirishni taklif qilgan. Uning fikricha, agar zaryadlar 6-8 km chuqurlikda joylashtirilsa, portlash natijasida yuzaga keladigan bosim radiatsion ifloslanishni minimallashtiradi va ekologiyaga bo‘ladigan potensial zararni kamaytiradi.

Xaverlining hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu loyiha taxminan 10 milliard dollarga tushadi. Bu esa iqlim o‘zgarishlari keltirishi mumkin bo‘lgan trillionlab dollarlik zararga qaraganda ancha arzon.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikalik olim Jeyms Hansen va uning hamkasblari global isish tobora kuchayib borayotganini ma’lum qilgan edi. Tadqiqotchilarning xulosalari ilmiy jamoatchilik orasida bahsli bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, Copernicus dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyi 2024 yilning shu oyiga nisbatan 0,09 daraja (0,16°F) issiq bo‘lgan. 2024 yilning yanvari esa shu paytgacha kuzatilgan eng issiq yanvar bo‘lib, o‘rtacha harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichdan 1,75 daraja (3,15°F) yuqori bo‘lgandi. Bundan tashqari, so‘nggi 19 oydan 18 tasida global harorat xalqaro kelishuvlarda belgilangan 1,5 daraja (2,7°F) chegarasiga yetgan yoki undan oshib ketgan.