Litvada Ikkinchi jahon urushidan beri yashirinib yotgan xazinalar topildi
Turkiyaning Antalya shahri Aksu tumani hududidagi Perge qadimiy shahar xarobalarida olib borilgan qazishmalarda turli davrlarga oid beshta haykal topildi. Bu haqda “Archaeologs” xabar berdi.
Ushbu arxeologik qazishmalar Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining “Kelajak uchun meros loyihasi” doirasida tashkil qilingan.
Vazirlikka aloqador muzey mudirligidan berilgan bayonotga ko‘ra, delfin ustida o‘tirgan Eros figurasi bilan uyg‘unlashgan ikki metr balandlikdagi Afrodita haykali miloddan avvalgi II asrga tegishli. Haykal Rim imperatorlik davriga oid nusxa ekanligiga ishoniladi.
Afrodita haykali yonida ochilgan yana bir haykalning balandligi 187 santimetr bo‘lib, unda kiyimli tik turgan ayol qiyofasi tasvirlangan.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, bu haykal Severan davriga oid xususiyatlarni aks ettiradi. Qo‘shimchasiga o‘sha hududda ikki bo‘lakdan bo‘lgan yana bir o‘xshash xususiyatlarga ega kiyimli ayol haykali topilgan.
Shaharning sharqiy ko‘chasida olib borilgan qazishmalar chog‘ida kiyimli ayol haykali va kiyimli erkak haykali yonma-yon topilib, qolgan ikkita topilmani tashkil etadi.
“Bu kashfiyotlar Pergening haykaltaroshlik an’analariga yangi tushunchalar beradi va davrning ijtimoiy tuzilishi hamda badiiy ishlab chiqarish jarayonlarini tushunishimizga yordam beradi”, deyilgan muzey direksiyasining xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Poykent maskanidan miloddan avvalgi I va milodiy I-IV asrlarga oid qurol-aslahalar topilgandi. Ushbu hududda amalga oshirilgan qazishma ishlari davomida Poykentdan qadimiy qurol-aslahalar, metall jihozlar, shuningdek, ibodatxona marosimlarida qo‘llanilgan qo‘ng‘iroqlar va isiriqdonlar topilgan. Izlanishlar natijasida, shuningdek, uzunligi 13,7 metr bo‘lgan katta zal yoki hovli atrofida supalar topilgan.