Iqlim o‘zgarishlari insoniyat uchun tobora jiddiy tahdidga aylanib borar ekan, britaniyalik olimlar Yerda an’anaviy fasllar o‘rniga yangi, “inson qo‘li bilan yaratilgan” mavsumlar shakllanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda tadqiqotlarga tayanib, “Live Science” xabar berdi.
Tadqiqot mualliflari insoniyat faoliyati tabiatning qadimiy ritmlarini keskin buzganini ta’kidlaydi. Masalan, Janubi-Sharqiy Osiyoda qurg‘oqchilik davrida ko‘p miqdorda o‘simliklar yoqilishi oqibatida “tutun fasli” yuzaga kelgan. Bali orolida esa noyabrdan martgacha davom etadigan “plastik fasli”da okean to‘lqinlari orol sohillariga katta hajmda chiqindilarni chiqarib tashlagan.
Shu bilan birga, tadqiqotda an’anaviy fasllar yo‘qolib borayotgani aytiladi. Alp tog‘larida qish fasli qisqarib, qor yog‘ishi kamaygan – bu holat mintaqadagi qishki turizm va sportga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Olimlar “sinxronlashmagan fasllar” haqida ham ogohlantirmoqda – yoz tobora issiqroq, qish esa yumshoqroq bo‘lmoqda, bu esa kuchli ob-havo hodisalari bilan kechmoqda.
Shuningdek, “aritimik fasllar” degan atama ham muomalaga kiritilgan – bu ma’lum bir faslga xos tabiiy hodisalarning (barg to‘kilishi, qushlarning migratsiyasi, gullash va ko‘payish davri) vaqti o‘zgarib ketganini anglatadi.
Tadqiqotchilarning fikricha, fasllarning o‘zgarishi odamlarga vaqt va tabiat o‘rtasidagi qadimiy aloqani eslatadi.
Asosiy omil sifatida esa inson tomonidan ko‘mir, neft va gaz kabi qazilma yoqilg‘ilardan foydalanish keltirilmoqda. Oqibatda global iqlim isib, Yerning turli hududlarida ekologik ofatlar avj olmoqda. 2023 yilda okean sathining harorati rekord darajaga yetib, issiqlik to‘lqinlari butun dunyo okeanining 96 foizini qamrab olgan. Shimoliy Atlantikada ular 525 kun davom etgan. Bu o‘zgarishlar shamollar, bulutlar va suv oqimlarining buzilishiga olib kelgan.
Global isish oqibatida joriy yilda ham ko‘plab mintaqalar ekologik falokatlarga duch keldi. Amazoniya daryolari qurib ketgan, Alp tog‘laridagi Marbolada muzligi esa 2040 yilga borib butunlay yo‘q bo‘lishi mumkin. Faqat so‘nggi besh yilda muzlik maydoni 70 gektarga qisqargan. Mutaxassislar hozirgi holatni “orqaga qaytmas koma” deb atamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi ikki yetakchi meteorologik agentlikning yillik hisobotida keyingi besh yil ichida global harorat tarixdagi eng yuqori yoki unga yaqin darajaga chiqishi, bu esa yanada xavfli ob-havo hodisalariga olib kelishi mumkinligi haqida aytilgandi.


