Yer yuzidagi yashirin jannat – Mug'la

Zangori quyosh nurlari, moviy osmon va yashil tabiatning barcha go’zalliklarini o’zida mujassam qilgan Mug’la, Egey va O’rta Yer dengizlarining feruza suvlari, 8 ming yil ortga, tarix qa’riga sayohat qilishga undaydigan o’nlab qadimiy shahar xarobalari bilan sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek u, yer yuzining yashirin jannati deya ta’riflanadi.
Umumiy uzunligi 1479 kilometr bo’lgan dengiz qirg’oqlari bilan Turkiyaning eng uzun qirg’oq chizig’iga ega bo’lgan Mug’la – tarixiy, madaniy qadriyatlari va tabiiy go’zalliklari bilan har yili ko’plab mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qiladi.
Har yili 1 milliondan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyuradigan Mug’la, Turkiyaning janubi-g’arbiy uchida joylashgan bo’lib, u shimolda Aydin, shimoli-sharqda Denizli va Burdur, sharqda Antaliya, janubda O’rta Yer dengizi va g’arbda Egey dengizi bilan o’ralgan.
Egey mintaqasining janubida joylashgan shahar, dengizi va tabiiy go’zalliklari bilan bir qatorda Kariya, Likiya, Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylar kabi ko’plab sivilizatsiyalarga mezbonlik qilganligi bilan tanilgan.
Qadimda Kariya, turklar davrida Menteshe, bugungi kunda Mug’la deb ataladigan bu shahar dunyoga mashhur sayohatchi Avliyo Chalabiy va mashhur tarixchi Gerodot asarlarida ham tilga olinadi.
Tabiiy, tarixiy va madaniy go’zalliklari bilan millionlab odamlar tomonidan tashrif buyurilgan Mug’la, Bodrum, Fethie, Marmaris tumanlari va har biri alohida bo’lgan yuzlab ko’rfazlar bilan uyg’unlashgan holda ajoyib manzara kasb etadi.
Mug’la o’zining maftunkor moviy dengizi, oltinrang qumi va quyoshi, yashil tabiati, shuningdek, taqdim etgan turli imkoniyatlar bilan boy salohiyatga ega. Suv sporti, velosport, tabiat qo’ynida sayr qilish, paraplanda uchish, baland tog’ turizmi, g’orlar, sog’lomlashtirish va madaniy turizm maskanlari kabilari bilan shahardagi muqobil turizmning xilma-xilligini tashkil etadi.
Kema sayohati/moviy tur: kemada sayr qilib, moviy osmon, yashil tabilat va feruza dengizlarni tomosha qilishni sevuvchilar uchun Mug’la mo»jizaning o’zginasidir.

Selimie

Selimie, shuningdek, Bodrum va Marmaris o’rtasida sayohat qiluvchi moviy kruiz qayiqlarining tez-tez tashrif buyuradigan joylaridan biridir. Bu yashilliklar bilan o’ralgan qishloqning dengiz suvi toza va odatda turg’un. Kichik restoranlar, odatda, qayiqlarga xizmat qiladi. Selimie atrofida uchta qal’a xarobalari mavjud bo’lib, ularning qadimgi nomi Hydas. Ko’rfazning janubi-sharqiy tepaliklarida ellinistik davr devori qoldiqlarini ko’rish mumkin. Sohildan 100 metr uzoqlikda Selimiega yaqinlashayotgan qayiqlarni boshqarish uchun qurilgan qo’riq minorasi, dengiz chirog’i, monastir va teatr shaharning ko’rishga arziydigan boshqa yodgorliklaridir. Mintaqadagi kema halokatidan topilgan qoldiqlar Bodrum suv osti muzeyida namoyish etiladi.

Saklikent kanyoni

Mug’laning Seydikemer tumanidagi Saklikent kanyoni issiq yoz oylarida quyosh ko’rmaydigan tik yon bag’irlari va salqin suvlardan iborat tabiiy mo»jizadir. 18 km uzunlikdagi kanyonning boshidan 2 kilometrlik qismida, qishin-yozin juda kuchli oqadigan Eshen oqimi mavjud. Qolgan 16 kilometr faqat professional kanyon ishqibozlari asbob-uskunalar bilan borishlari mumkin bo’lgan tuzilishdadir. Ba’zi joylarda ming metrdan oshgan qoyalardan faqat osmon ko’rinadi. Bundan tashqari, sarguzashtsevar mehmonlar uchun kanyondan oqib o’tadigan suvda «rafting», «zipline» va “bungee jumping” kabi sport turlari mavjud.

Karabag’lar platosi

Mug’la shahar markazidan 3 km uzoqlikda joylashgan Karabag’lar platosini ko’rish uchun albatta vaqt ajratishingizni tavsiya etamiz. Muzdek buloq suvlari, ulkan chinorlari, mo’l mevali daraxtlari bilan issiq kunlarda qochish mumkin bo’lgan joydir. Karabag’lar Supurog’lu mahallasidagi restoranlarda taqdim etiladigan mazali «kuyu buryani» taomi siz tatib ko’rishingiz shart bo’lgan lazzatlardan biridir.

Kapalaklar vodiysi

Kapalaklar vodiysi dengiz va tik qoyalar bilan o’ralgan, tabiiy va himoyalangan tuzilishi tufayli tashqi dunyodan himoyalangan Mug’laning (Fethie) eng diqqatga sazovor joylaridan biridir. 1-darajali tabiiy maydon deb e’lon qilingan va qarag’ay vodiysi bo’ylab mashaqqatli ko’tarilishdan so’ng, bir so’z bilan aytganda, har yerni choyshabdek qoplagan milliardlab kapalaklarning toshlar, daraxt poyasi va barglarini qoplaganini ko’rish o’ta hayratlanarli mo»jizadir. Bu vodiyda 80 dan ortiq kapalak turlari mavjud.

Kabak ko’rfazi

Kabak vodiysi ko’plab endemik o’simliklar joylashgan tabiiy muhofaza zonalaridan biridir. Bu yoga va tabiatni yaxshi ko’radiganlar va sportchilar tomonidan afzal ko’riladigan ko’rfazda, lagerlar, bungalovlar va tabiat bilan chambarchas bog’langan yog’och uylar mavjud. Likiya yo’li piyoda yurish marshrutini ham o’z ichiga olgan ko’rfaz, tashrif buyurish lozim bo’lgan yana bir manzildir.