Agar muzliklarning hozirgi erish sur’ati saqlanib qolsa, ular sayyoraning ko‘plab mintaqalarida XXI asr oxirigacha saqlanib qolmaydi. Bu haqda kecha, 21 mart kuni BMTning iqlim bo‘yicha ekspertlari Butunjahon muzliklar kuni munosabati bilan bayonot berdi.
Butunjahon muzliklar kuni muzliklarning Yer iqlim tizimidagi hal qiluvchi ahamiyati haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan. Ushbu kun 22 mart – Butunjahon suv resurslari kuni arafasida nishonlanadi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, muzliklar dunyodagi chuchuk suv zaxiralarining taxminan 70 foizini o‘zida jamlagan. Ular iqlim o‘zgarishining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, odatda barqaror iqlim sharoitida erimaydi. Ammo hozir, inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan global isish oqibatida ularning maydoni misli ko‘rilmagan tezlikda qisqarmoqda.
O‘tgan yili Skandinaviya, Norvegiyaning Shpitsbergen arxipelagi hamda Shimoliy Osiyodagi muzliklar tarixdagi eng katta yillik massani yo‘qotish darajasiga duch kelgan.
Afg‘onistondan Pokistongacha cho‘zilgan Hindukush tog‘ tizmasida 120 milliondan ortiq fermerlar hayotiy ta’minot hisoblanuvchi muzliklardan ayrilishi mumkin. Ularning ulkan qatlami shiddat bilan yo‘qolmoqda. Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi olti yilning besh yilida tarixdagi eng tez muz erishi kuzatilgan.
Har yili 273 milliard tonna muz yo‘qolmoqda. Bu hajm butun dunyo aholisi 30 yil davomida iste’mol qiladigan suv miqdoriga teng. Markaziy Yevropada esa muzliklarning qariyb 40 foizi allaqachon erib ketgan.
“Agar hozirgi sur’at saqlanib qolsa, Alp tog‘laridagi muzliklar shu asr ichida butunlay yo‘q bo‘ladi”, deydi Jahon muzliklarini monitoring qilish xizmati rahbari Maykl Zemp.
WMO vakillari ta’kidlashicha, issiqxona gazlari chiqindilari kamaytirilmasa va harorat hozirgi sur’atda oshishda davom etsa, 2100 yil oxiriga borib, Yevropa, Sharqiy Afrika, Indoneziya va boshqa mintaqalardagi kichik muzliklarning 80 foizi yo‘qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti Antarktidada dengiz muzlarining eng past darajalardan biriga tushganini qayd etgandi. Xususan, yozgi mavsum davomida taxminan 16 million kvadrat kilometr muz erib ketgan.